Mineral o‘g‘itlarning qanday zararlari bor? O‘zFA akademigi bilan shu va boshqa savollar yuzasidan suhbat

Jamiyat 16:17 / 04.10.2019 21822

Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, innovatsion tadqiqotlar, yaratilayotgan sharoitlar, yutuq va kamchiliklar, muammo va takliflar haqida olimlar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz O‘zFA Umumiy va noorganik kimyo instituti akademigi Shafoat Sattarovich Namazov bo‘ldi. Ushbu olim ko‘p yillik ilmiy faoliyatini mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlagan.

O‘z rahbarligingizdagi ushbu laboratoriya tarixi, bugungi faoliyati, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar haqida so‘zlab bersangiz?

— O‘zFA Umumiy va noorganik kimyo instituti fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasi 1992 yilda tashkil topgan bo‘lsa (undan avval murakkab va fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasi deb atalgan), shundan buyon laboratoriya mudiri bo‘lib ishlab kelaman. Laboratoriya tashkil qilinganda 5 nafar ilmiy xodim bor edi, xolos. Hozir esa 2 nafar akademik, 4 nafar fan doktori, bir fan nomzodi, 2 nafar falsafa doktori (phd), 9 nafar ilmiy xodim, bir nafar yetakchi muhandis, shuningdek, boshqa injyener va laborantlar xizmat qiladi. Bundan tashqari, 6 nafar tayanch doktorant va bir doktorant ilmiy tadqiqotlarini olib bormoqda.

Laboratoriya asosan uch yo‘nalishda ilmiy faoliyat olib boradi:

Birinchisi, Qozog‘iston va O‘zbekiston mahalliy fosforitlarini qayta ishlab, tarkibidagi azot, fosfor, kaliyli ozuqa moddalari bo‘lgan o‘g‘itlarning yangi turlari texnologiyalarini ishlab, amaliyotga joriy qilish;

Ikkinchisi, Angren va Sharg‘un ko‘mirlari asosida nitrat kislotasi bilan qayta ishlab argona-mineral o‘g‘itlar texnologiyasini qayta ishlab chiqish;

Uchinchisi, nitrat-ammoniy suyuqlanmasiga har-xil noorganik moddalarni qo‘shib, modifikatsiyalangan, portlash xususiyati kam bo‘lgan ammiakli selitra o‘g‘itini ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy qilish.

Mana shu yo‘nalishlarda biz bir necha ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqqanmiz.

2014 yilda tarkibida kalsiy, magniy bo‘lgan ohakli-ammiakli selitraning texnologiyasini ishlab chiqdik. Hozirgacha 35 ming tonna ishlab chiqarildi. Bu o‘g‘itning afzalligi shundaki, buni eksport qilish mumkin. Yevropaning qora tuproqli davlatlaridagi tuproq nordon tuproq hisoblanadi. Toza ammiakli selitra berilsa, u parchalanib ketadi. Tarkibida kalsiy, magniy karbonati bo‘lgan ohakli selitra berilganda, birinchi navbatda, tuproq neytrallanadi.

Yerda hayot bor, unga qanday element kerak bo‘lsa, me'yorida berilgani ma'qul, buni agroximiklar bilishi kerak.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlash kerak, o‘g‘itlar ishlab chiqarish balansini me'yorlashtirish zarur. Negaki, azotli o‘g‘itlar yetarli bo‘lgani holda, kaliyli o‘g‘it esa mavjud ekin yerlariga nisbatan kam ishlab chiqariladi, narxi qimmat. Shuning uchun ham dehqon-fermerlarimiz me'yordagi 100-120 kilogrammdan berolmaydi. Fosforli o‘g‘itga kelsak, ishlab chiqarilayotgan o‘g‘it mavjud talabning 23-25 foizini tashkil qiladi, xolos. Bu fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish hajmini oshirishni talab qiladi. Tuproqqa zaruriy ozuqani bermasdan yuqori sifatli hosil olib bo‘lmaydi.

Bugungi kunda ilm-fanga davlat rahbari darajasida bo‘layotgan e'tiborga fan sohasining yetuk olimi sifatida fikringiz qanday? Siz rahbarlik qilayotgan laboratoriya misolida o‘zgarishlar epkinini qanday baholaysiz?

— Fanga bo‘lgan e'tibor so‘nggi uch yilda sezilarli o‘zgardi. Yangi vazirlik tashkil topdi, bir necha qarorlar chiqarildi, oyliklar oshdi. Bunga endi munosabat bildirish kerak. To‘g‘ri, sharoit ideal emas, lekin qo‘ldan kelgancha harakat qilish zarur. Qo‘ldan kelmaydiganini Innovatsion rivojlanish vazirligidan so‘rash kerak.

Bitta «kamchiligim» bor: o‘zim ham sezaman, men ishlashni xohlayman. Ishlash uchun esa sharoit kerak. Men vaqtimning asosiy qismini xo‘jalik ishlariga sarflashim kerak emas.

Bundan tashqari, shuncha vaqt ishlab hali ko‘rmadimki, ilm-fanga mas'ul rahbarlarning birortasi kelib, muammolarimizni so‘ragani yo‘q. Men ilmiy jamoalar bilan ham uchrashuvlar bo‘lishi kerak deb hisoblayman.

Ilm-fanimizda yana bitta kasallik bor, bir olimga ilmiy kengashdami yoki boshqa joyda gapirsangiz, go‘yoki siz unga qarshisiz, dushmansiz. Shundan keyin, sizni siqishtirishga kirishib boshlaydi.

Laboratoriyaning kimyoviy korxonalar bilan hamkorligi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

— 1988 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganman va birinchi ilmiy ishlanmamni joriy qilishga kirishganman. O‘shanda shuni bilganmanki, ilmiy ishlanmani amaliyotga joriy qilish og‘ir jarayon, olim korxonadagi asbob-uskunalarni bosh muhandis darajasida bilishi kerak.

Samarqand, Navoiy, Farg‘ona va Olmaliqdagi kimyoviy korxonalar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatganmiz.

2005-2006 yillarda Olmaliq ammofos ishlab chiqarish birlashmasi, hozirgi «Ammafos-Maksam» AK mutaxassislari bilan birgalikda ikkita texnologiyani ishlab chiqdik. Birinchisi, mahalliy fosforitlarni sulfat kislotasi bilan qayta ishlab, superfos nomli yangi o‘g‘it texnologiyasi; ikkinchisi, ammoniy-sulfat fosforit. Shu ikki o‘g‘it hozirga qadar 1 million tonnadan ortiq ishlab chiqarildi. 60 million dollarlik mahsulot chetga eksport qilingan.

So‘nggi yillarda «Navoiyazot» AJ bilan aloqani mustahkamladik. Ular bilan hamkorlikda ikkita patent oldik. Jahon amaliyotida birinchi marta nitrat ammoniy suyuqlanmasiga mahalliy fosforitlarni qo‘shib, portlash xususiyati kam bo‘lgan, azotli fosfor o‘g‘it texnologiyasini ishlab chiqdik, «Navoiyazot» AJda buni joriy qilganmiz va hozirgacha ishlab turibdi.

Innovatsion pishiq-puxta ilmiy ishlanmalar qilish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

— Innovatsion ilmiy ishlanmalar chuqur olib borilgan tadqiqot natijalariga asoslanadi. Ya'ni, fundamental tadqiqotlar natijasi amaliy tadqiqotga, undan esa innovatsion ishlanmalarga yetib boradi. Ba'zi innovatsion tadqiqotlarni xo‘jalik shartnomalariga tenglashtirish mumkin, vaholanki, bu tubdan farq qiladi. Olingan mahsulot sifati, tannarxi va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlari bilan innovatsion tadqiqot xo‘jalik shartnomasidan ajralib turadi.

Albatta, bunda birinchi navbatda salohiyatli kadrlar asosiy o‘rin tutadi. Kadrlar salohiyatisiz buni tasavvur qilib bo‘lmaydi, hatto. Teran bilimli mutaxassisda, olimda g‘oya bo‘ladi. Keyin, o‘sha g‘oyalarni amalga oshirish uchun asbob-uskunalar zarur bo‘ladi.

Laboratoriyamiz sharoitidan kelib chiqsak, texnikalar yo‘q hisobi. Lekin shunga qaramay, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiya markazi, FA Biorganika institutidagi zamonaviy priborlardan foydalanib turamiz.

Institutning viloyatlardagi bo‘limlari bilan laboratoriyaning aloqalari qanday?

— Bundan bir necha yil avval akademiyaning Navoiy viloyatidagi bo‘limi ochildi. Undan avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bo‘limi ish boshlagan edi. Biz ikkala muassasa bilan aloqalarimizni yaxshi yo‘lga qo‘yganmiz. Masalan, Navoiy bo‘limi bilan argonomineral o‘g‘itlar texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ish boshlaganmiz. Institutimizda yaratilgan yangi stimulyatorlarni joriy qilishda ham hamkorlik qilib, rejalar tuzganmiz.

Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan ham muhim loyihalarimiz bor. Xususan, Qoraqalpog‘istonda «jyelvakoviy» fosforit aniqlangan va uning mahalliy qizilqum fosforitlaridan farqi shundaki, fosforitning o‘zidagi fosforning 40 foizi o‘simlik o‘zlashtiradigan shaklda. Bundan tashqari, glyukonit degani bor, uning tarkibida 3-4 foiz kaliy o‘g‘iti va boshqa bir necha mikroelementlar mavjud. Biz boyitilgan glyukonit va fosforitdan yangi turdagi kompleks mineral o‘g‘itlar olish texnologiyasi to‘g‘risida Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti va akademiyaning bo‘limi bilan hamkorlik rejalarimiz bor. Ayniqsa Orol muammosi bo‘yicha bu juda qo‘l kelishi mumkin. Masalan, saksovulni ekkanda, bir metr pastda qum bor. Urug‘ esa qumda yaxshi ko‘karmaydi. Agar shunda gruntning o‘rniga glyukonitni ishlatsak, natija yaxshilanadi, sababki glyukonit tarkibida o‘simlik uchun ozuqa moddalar ko‘proq. Biz shu tajribalarni yo‘lga qo‘yish arafasida turibmiz.

Mineral o‘g‘itlarning zararlari haqida ko‘p gapiriladi. Siz bevosita mutaxassis sifatida bunga qanday qaraysiz?

— Yuqorida ta'kidlaganimdek, fosfor va kaliy o‘g‘itlari yetishmaydi. Aslida, bularni ko‘p berish zarar qilmaydi. Lekin selitra borasida bunday deya olmayman. Misol uchun, poliz ekinlari bo‘lmish kartoshka, pomidor, bodring, qovun va tarvuzga selitra ko‘p berilishi nitrat ionlarining mahsulotning o‘ziga chiqishiga olib keladi. Natijada ularni uzoq vaqt saqlab bo‘lmaydi va ular tezda chiriydi, shuningdek, iste'mol qilgan odamning ham zararlanishiga olib kelishi mumkin.

Uquvsiz dehqon ko‘proq bersam o‘sishi tezlashadi, deb tezroq hosilni olish payidan bo‘ladi, masalan, qovunni olsak, shunday usul qo‘llab yetishtirilgan qovun katta bo‘ladi, lekin ta'mi mazali bo‘lmaydi. Shuning uchun agroximiklar tomonidan tavsiya etiladiki, iste'mol mahsulotlariga organikani, selitra o‘rniga sulfat-ammoniy yoki karbomid berish kerak.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: