Jalaquduqlik «qirq qiz» baribir ishsiz qoladimi? Hokimlik investorga sharoit qilib bera olmadi

Jamiyat 20:36 / 04.10.2019 12064

Qishloq ayollari uchun eng katta va dolzarb muammo bu - ishsizlik.  Chekka joylarda yashaydigan qiz-ayollar ham kasb-hunarli, ish joyiga ega bo‘lishni orzu qilishadi. Chunki fermer xo‘jaligida mavjud ish joyi o‘sha fermerning oilasidan ortmaydi.  

Ishsizlik oxir-oqibat ayollarimizni xorijiy davlatlarga ketib qolishiga sabab bo‘layotgani hammamizga ayon.

2018 yili Jalaquduq tumani markazidan 25 kilometr uzoqdagi (vodiyda bu uzoq hudud deb nomlanadi) Oyim qishlog‘ining Ko‘kalam mahallasida xitoylik investorlarga qarashli JIA EN korxonasi ish boshladi. Ayollar uchun oyoq kiyimlari tayyorlashga ixtisoslashgan fabrikaning ochilishi mahalliy qiz-ayollar uchun juda yaxshi yangilik bo‘ldi. Shu paytgacha ayollar ishlashi uchun atrofda birorta korxona yo‘q edi. Bir vaqtlar faoliyat yuritgan va qo‘ldan-qo‘lga o‘tib bankrot bo‘lgan sochiq fabrikasi binosi o‘rnida ish boshlagan yangi korxona sababli qishloqdagi 40 nafar qiz-juvon ishli bo‘ldi.

O‘zbegim ayollarining chet elga eksport qilish mumkin bo‘lgan mahsulot ishlab chiqara olishiga mana shu korxonada guvoh bo‘ldik. Kuniga 32 ming juft bejirim, sifatli poyabzal ishlab tayyorlayotgan korxona mahsulotlari qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

Biroq oradan bir yil o‘tmay ayollar ish joyidan ayriladiganga o‘xshab qoldi. Biz bu haqda shu yilning aprel oyida tanqidiy maqola bergan edik.

Maqola e'lon qilinganidan so‘ng Andijon viloyati hokimi e'tibor qaratib muammo olti oy muddatga hal qilingan edi.

Masala shundaki, ayni paytda xitoylik investor vaqtinchalik ish yuritayotgan JIA EN korxonasi joylashgan bino omonat. Bir paytlar sochiq ishlab chiqarib insonlarni ish bilan ta'minlagan 1 gektar joyda besh-o‘n binoga ega korxona «ishbilarmonlar» o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘laverib, oxiri «Ipak yo‘li» banki tasarrufiga o‘tib ketgan. Bunga korxonani oxirgi bo‘lib yuritgan rahbarlari «Ipak yo‘l» bankidan kredit olgani sabab bo‘lgan, kredit evaziga binolar garovga qo‘yilgan. Shunday qilib, ayni paytda binolar va hudud egasi - bank.

Aprel oyida viloyat hokimligi aralashganidan so‘ng Jalaquduq tuman hokimligi hitoylik tadbirkor boshchiligidagi JIA EN korxonasiga tuman markazidan joy berilganini bildirib, binolar bitsa ishchilar o‘sha joyga borib ishlashi haqida ma'lumot berdi. Bank ham murosa yo‘lini tanlab olti oy davomida korxonani chiqarib yubormaydigan bo‘ldi.

Yangi bino hali bitmadi. Investor va ishchilardan binoni bo‘shatib qo‘yish talab qilinmoqda

Oradan yetti oy o‘tdi, xitoylik tadbirkor uchun ajratilgan yer maydonidagi bino bitmadi. “Ipak yo‘li” banki esa Oyimdagi binoga xaridor chiqqanini aytib, sud qaroriga asosan korxonani binodan chiqarib yubora boshladi.

Bank xaq. Binolar bankka tegishli. Kreditorning qarzi borligi uchun garovga qo‘yilgan bino uning tasarrufiga o‘tgan.

30 nafar ishchi ayol esa yig‘lamoqdan beri bo‘lib, murojaat qilishni boshladi. Korxonaga yetib borganimizda tadbirkor va ishchilar binoga kira olmay tashqarida turishgan ekan. Tuman hokimining investitsiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Jasurbek Ibragimov, “Ipak yo‘li” banki yuristi ham shu yerda edi.

Jalaquduq tumaniga 5 million dollar investitsiya olib kirishni niyat qilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan xitoylik tadbirkor, JIA EN korxonasi rahbari Lin Yen Ju bilan suhbatlashdik.

“Xabaringiz bor, menga tuman hokimligi Oyim qishlog‘idagi mana shu joyni bo‘sh degani uchun kelib ish boshlagandim. Tumanga 5 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritmoqchimiz. Tashlandiq joyni epaqaga keltirishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Ishchilarning ishlashi uchun sharoit yaratdik. Bunga 50 ming dollarga yaqin mablag‘ ketdi. Keyin bilsam, joy bankka tegishli ekan.

Ayollar, qizlar mahsulot tayyorlashni tez o‘rganishdi. Ko‘plab mijozlar orttirdik.         

Bahorda bank bilan muammo boshlanganida sizlar keldingiz. Muammo olti oy muddatga hal bo‘ldi. Tuman hokimligi markazdan joy berdi. Qurilishni boshlaganmiz. Lekin bizga berilgan joyni bir paytlar faoliyat yuritgan “podshipnik” zavodidan olgan Orif Aliyev har oy kelib xalaqit beraverib qurilish ishi kechikib ketdi. Hokimlik Aliyev bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yordam bermadi. 5 million dollar investitsiya olib kiryapmiz. 300ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Yangi korxona bitishiga yana uch oy bor. Bank esa bizni hozir foydalanib turgan joyimizdan chiqarib yubormoqda. Muammolar ichida qolib ketdik.

Mutaxassisga aylangan ishchilarim ishsiz qolgani uchun paxta tergani chiqib ketib qolyapti.  Mijozlar oldidagi majburiyatlarimiz bor axir”, deydi Lin Yen Ju.   

 Tuman hokimi o‘rinbosari Jasurbek Ibragimov esa quyidagicha izoh berdi:

“Xitoylik investorga berilgan joyni ishlatilmay turganligi uchun tuman zahirasiga olib, qaror bilan fevral oyida investorga o‘tkazib berganmiz. Bu haqda Orif Aliyevni rasmiy ogohlantirganmiz. Shunday bo‘lsa-da, qurilish boshlanganidan so‘ng u odam kelib tadbirkorga xalaqit bergani rost. Investor hokimlik va ichki ishlarga murojaat qilganidan so‘ng muammolarni hal qilganmiz. Bino qurilishi kechikdi. Yana uch oydan keyin bitadi. Hozir “Ipak yo‘li” banki xodimlaridan korxona yana uch oy ishlab turishi uchun muhlat so‘rayapmiz”.

                               

Muammo yechim topadimi?

«Qishlog‘imiz va uning atrofida nafaqat ayollar, balki erkaklar uchun ish joyining o‘zi yo‘q. Erlarimiz Rossiyaga borib ishlaydi. Mana shu sex ochilib, 50ga yaqin ayollarga ish o‘rni ochilganida qanchalik xursand bo‘lgandik. O‘zim ham Rossiyada ishlab kelganman. Qishlog‘imda yaxshi maosh olib ishlasam qanday yaxshi. Ro‘zg‘or, tirikchilik bolalarning o‘qishi, kiyinishi uchun erimga yordam bo‘lyapti. Hokimlik “agar korxona ko‘chib ketsa boshqa korxona kelib ish boshlaydi”, deyapti. Yangi korxona kelishi hali aniq emas.

     

 Bir haftadan beri bank va MIB kelib haydab chiqarmoqda. Muammolar ichida qoldik.  Endi o‘rganganimizda sex egalariga binoni bo‘shatib, tuman markaziga ko‘chish kerakligini aytishgan. Axir qishloq joylar bo‘lsa. 25 kilometr yo‘l bosib, ishga borib kela olmaymiz. O‘zi maoshimiz 400 mingdan 700 ming so‘mgacha atrofida, axir! Yo‘lkiraga yetadimi yoki ro‘zg‘orga.  Iltimos, korxona ko‘chsa ham bizga ish joyi tashkil qilib berishsin», deydi ishchilardan biri Sohiba Rahmonova.

 Ayollarning ruhiyati juda tushib ketgan. “Ikkita bolam bor, qadoqlashda ishlayman, endi ishga o‘rgangan edim, ishsiz qolmasligimizga yordam beringlar”, deydi yana bir ishchi Marg‘ubaxon Sodiqova.

 “Ipak yo‘li” banki huquqshunosi Dilshodbek Mansurov bilan suhbatlashdik. “Bankimiz tasarrufiga o‘tgan mazkur joyni olish istagidagi tadbirkorlar bor. Ularga berish uchun joyni bo‘shatish lozim. Aholi vakillarining ishsiz qolayotganini biz ham tushunib turibmiz va bu bizni ham tashvishga solmoqda. Biroq bank o‘zining keyingi qonuniy harakatlarini amalga oshirishi uchun hudud bo‘shatib qo‘yilishi lozim”, deydi huquqshunos.

Hokimlik masalaga jiddiy yondashganmi?

Oyim qishlog‘ilik ayollarning ish joyi muammosi ko‘tarilganiga mana 7 oy bo‘ldi. Tuman hokimligi tomonidan hududda xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmabdi. “Tumanda 2020 yilga 3200ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirganmiz”, dedi hokim o‘rinbosari. Jalaquduqda 180 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu raqam ishga yaroqli ayollar soniga nisbatan qanchalik kam ekanligini hisoblab ko‘ring!

 Mahsulot ishlab chiqarib, hatto chet elga eksport qilayotgan korxonaga sharoit qilib bera olmayotgan mutasaddilarning keyingi yil 3200ta ish o‘rni yarata olishiga ham ishonish qiyin.    

Ammo oyimlik ayollarga zudlik bilan ish o‘rni yaratish barchasidan-da jiddiyroq muammo bo‘lib qolmoqda.

Bank xodimlarining ruxsati bilan ishlab chiqarish sexlariga kirib, holatni suratga oldik. MIB talabi bilan ko‘chirish ishlari boshlangani uchun sexlar alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketgan.

Mahsulotlar haqiqatan bugungi kun talabi darajasida, ayollarimizning har qanday kasbni puxta egallay olishiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Faqat ularga ish joyi va sharoit bo‘lsa bas.

Qishloqda sanoatni yurgizish uchun turli to‘siqlarni yengish lozim. Eng avvalo, elektr energiyasi va tabiiy gaz yo‘qligi. Yo‘llar masalasi ham bor. Investor esa pul tikib, sanoat olib kiryapti.    

 Qani edi, qishloqlarda ham kichik biznes va tadbirkorlik gurkirab rivojlansa... «Rossiyada o‘zbek ishchisi tomdan tushib halok bo‘ldi», «Turkiyada o‘zbek migrant ayoli qo‘lga tushdi», degan xabarlar kamaygan, qishloq aholisi hayoti farovonligi oshgan bo‘lar edi.

Tuman hokimligining eng birinchi vazifasi aholi farovonligini oshirish, qishloqlarga investitsiya olib kirish va ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish emasmi?..   

 

                           KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: