29 sentabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi maktab rahbarlarining viloyat hokimligida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan tungi selektorga avtomobilda ketayotib halokatga uchragani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarlarda «avariya»ga uchragan avtomashinada 25 va 26-maktablarning direktor o‘rinbosarlari va yana ta'lim muassasalarida ishlovchi ikki xodim bo‘lgani haqida ma'lumotlar berilgan.
Internetda tarqalgan xabarlarda maktab rahbarlari Farg‘ona viloyat hokimligida bo‘ladigan tungi selektorga ketayotib, avtohalokatga uchragani aytildi.
Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi» sarlavhasi bilan tarqatilgan material yuzasidan Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasining xabariga tayangan holda izoh berdi.
Unda, yo‘l-transport hodisasi, unda halok bo‘lgan xodimlar haqida ma'lumot berilib, ularni o‘z shaxsiy yumushlari bilan Dang‘ara tumanidan Qo‘qon shahri tomon ketayotganda avariyaga uchragani aytilgan.
Halokatga uchraganlarning bugungi ahvoli bilan tanishish, shuningdek, maorif xodimlari aslida o‘sha kuni qayerga ketayotgan bo‘lganiga aniqlik kiritish uchun Dang‘ara tumanida bordik.
Voqea joyida
2019 yil 29 sentabr kuni soat 20:45larda Dang‘ara tumani Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 25-sonli maktabning direktor o‘rinbosari M.D. «Neksiya» rusumli avtomashinasini Qo‘qon shahri tomon boshqarib ketayotib, yo‘l o‘rtasiga o‘rnatilgan beton to‘siq ustiga chiqib ketgani va yo‘lni yorituvchi temir ustunga urilishi natijasida avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balonidan yong‘in sodir bo‘lgani aniqlangan.
Yong‘in natijasida avtomashina haydovchisi hamda oldi o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi Dang‘ara tumani Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 26-sonli maktabning direktor o‘rinbosari U.Sh. voqea joyida halok bo‘lgan. Orqa o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchilar, Dang‘ara tumani Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 38-sonli maktabning direktor o‘rinbosari T.L. va Dang‘ara tumani Xalq ta'limi bo‘limi qorovuli M.B. tan jarohati olgan hamda ularga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga joylashtirilgan.
Dang‘arada, YTH ro‘y berganidan so‘ng o‘sha joyga yetib borgan 25-maktab direktor o‘rinbosarining jiyani Zohidjon Berdiqulov bilan uchrashdik. U bizni o‘sha avariya bo‘lgan ko‘chaga olib bordi. Zohidjon hodisadan keyin o‘sha joyga yetib borib, bor voqeaga guvoh bo‘lgan va 25-maktab direktori bo‘lgan amakivachchasini «morg»ga olib borgan ekan.
Avtomashina ko‘cha o‘rtasidagi beton to‘siq ustiga chiqib ketgach, o‘rtadagi yo‘lni yorituvchi temir simyog‘ochga urilib sindirib tashlagan ekan. Atrofda hali ham qon izlari turibdi.
«O‘sha kuni 25–maktab direktor o‘rinbosari bo‘lgan qarindoshimning ukasi bilan o‘tirishda edik. Ukasi uning mashinasini minib kelgan ekan. Telefonda, «Ishxonadan Farg‘ona shahriga jo‘natishyapti. «Neksiya»ni olib ketaman. Yakshanba kuni ham tinchlik yo‘q», deb kelib, mashina ruliga o‘tirib minib ketdi. Oradan biroz vaqt o‘tib yomon xabar keldi. Yetib bordik. Qarindoshimni yonib ketgan mashinaning rul tomonidan o‘zim chiqarib oldim. Beldan pasti qisilib qolib, yonayotgan mashinadan chiqib keta olmay, olamdan o‘tgan ekan. Narigi oldi o‘rindiqdagi odam 26-maktab direktor o‘rinbosari zarba kuchidan orqa tomonga o‘tib, kuyib ketganini ko‘rdim. 1,5 soatda zo‘rg‘a chiqarib olishdi. Orqa o‘rindiqda o‘tirib, eng kam jarohat olgan kishi XTB qorovuli ekan. Yana bittasi esa ancha kuygan hozir reanimatsiyada yotibdi.
Amakimning o‘g‘lini o‘zim «morg»ga olib bordim. Avariya qanday sodir bo‘lgani meni hali ham o‘ylantiryapti. Mashinani tekis yo‘lda ketayotib, ko‘cha o‘rtasidagi betonga chiqib ketganiga hayronman. Qarindoshimning ikki norasida farzandi bor edi. Dadasining yuragi og‘rib kasalxonaga tushib qoldi. Ayoli hali o‘ziga kelgani yo‘q», deydi Zohidjon Berdiqulov.
Mashinaning orqa o‘rindig‘ida bo‘lib turli tan jarohatlari olgan 38-maktab xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qo‘qon tez tibbiy yordam bo‘limida yotganini aytishgach, bemorning oldiga bordik.
Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam bo‘limida
Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam bo‘limi jonlantirish bo‘limida davolanayotgan 38-maktab xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari T.L.ning yoniga shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Komiljon Sirojiddinov bilan birga kirdik.
Jonlantirish bo‘limi boshlig‘i bemor «qo‘shaloq tan jarohati va tanasining 40 foiz kuyishi» tashxisi bilan kelganini aytib, ertaga Farg‘onadagi shifoxonaga ketishini aytdi.
Bemor bilan bir daqiqa suhbatlashdik. «29 sentabr kuni tuman xalq ta'limi boshqarmasidan 30 sentabr kuni Farg‘ona shahrida o‘tadigan «O‘qituvchilar bayrami»ga Dang‘ara tuman ko‘rgazmasini olib borib, o‘rnatish kerakligini aytishdi. Biz yo‘lga chiqib, yo‘lda avariyaga uchradik», deydi TL.
Reanimatsiya bo‘limida bemorning ota-onasi Murodjon Yo‘lchiboyev va onasi Umidaxon Yo‘lichiboyeva turishardi. «Bizni o‘g‘limning yoniga kirgizishmayapti. O‘sha kuni kechqurun ishga chaqirishdi. «Ish vaqti bo‘lmasa ham chaqirishgani uchun «Bormang» dedik. Qayta-qayta chaqirishgach chiqib ketdi. Kimdir buyruq berdi, o‘g‘lim azob tortyapti», deydi onasi.
Xalq ta'limi bo‘limida
Dang‘ara tuman xalq ta'limi bo‘limiga borib, mutasaddilarga uchradik. Bo‘lim boshlig‘i Alimardon Sodiqov direktor o‘rinbosarlari va XTB qorovuli 29 sentabr kuni kechqurun 30 sentabr kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirga ko‘rgazmali qurollarni olib ketayotib avariyaga uchragani haqiqat ekanligini aytdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda maktab rahbarlari tungi selektorga ketayotgani haqida aytilibdi. Maktab direktor o‘rinbosarlari, xo‘jalik bo‘yicha mas'ul va qorovul selektorlarga chaqirilmaydi. Ular bayramga tayyorgarlik uchun ketishayotgan edi», deya izoh berdi mutasaddi.
Avariyadagi o‘lim holati qanday kvalifikatsiya qilinadi
Avariya sodir bo‘lgan o‘sha 29 sentabr kuni – yakshanba, ya'ni dam olish kuni edi. Bundan tashqari, maktab rahbarlari kechki soat 20:00dan keyin ishga chaqirilgan. Bu joyda mehnat qonunchiligi, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarga rioya qilinmagani aniq.
Dang‘ara tuman xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i bu borada bergan savolimizga javoban Bandlik va mehnat munosabatlari tashkilotiga murojaat qilinganini aytdi.
27 sentabr kuni Bosh vazir A. Aripov boshchiligida o‘tkazilgan sim orqali selektorda «O‘qituvchilar kuni» bayramiga alohida tayyorgarlik ko‘rish va soha xodimlariga bor sharoitlarni yaratib berish haqida aytilgan edi.
O‘sha kungi majlisga Andijon viloyati hududidan qatnashganimizda, viloyat mutasaddilari Bosh vazir so‘zlaridan kelib chiqib viloyat va tuman bo‘limlari boshliqlariga o‘qituvchilarni hech qanday tayyorgarlikka jalb qilmaslik topshirig‘i berilgandi.
Joylarda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari ko‘rgazmalar bilan qatnashishi odat bo‘lib qolgan. Ularning o‘z bayramlarida xizmat qilayotganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Mana shunday holatlarni ham tartibga solish vaqti yetib keldi, chog‘i...
Dam olish kuni, tungi soatlarda xodimlarga qonunga xilof ravishda buyruq bergan mutasaddilar hozir huquq-tartibot idoralarida ko‘rsatma berishmoqda.
Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov,
Sarvarbek Nazarov