Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda

O‘zbekiston 13:52 1470

Tajriba tariqasida ijarachilarning mustaqilligi va yuqori qo‘shilgan qiymatli ekinlarni yetishtirishga asoslangan qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Bunda yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda E-auksion savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolariga qo‘yiladi.

Har bir lot hujjatlarida, keyinchalik – yer uchastkalarining ijara shartnomalarida quyidagilar majburiy tartibda ko‘rsatiladi:

  • yer uchastkasining normativ qiymati va tuprog‘i bonitet balli;
  • tuproq tarkibi va sifati tahlili natijalari, o‘rganish vaqti;
  • almashlab ekishga tavsiya etiladigan asosiy va takroriy ekinlar turlari;
  • suv bilan ta’minlash usullari, davlat tomonidan kafolatlangan yillik suv yetkazib berish limitlarining eng past va eng yuqori darajalari;
  • dalaning chetlarida (muhofaza zonasidan tashqari) ijaraga berilgan kontur maydonining 1 foizidan oshmaydigan, 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirishni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yer tuzilishi loyihasi.

Elektron onlayn-auksion savdolarida barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar qatnashishi mumkin. Bunda auksion g‘olibi keyinchalik yer uchastkasi joylashgan viloyatda (Qoraqalpog‘istonda) yuridik shaxs tashkil etishi yoki o‘z yuridik manzilini ushbu hududga o‘zgartirishi lozim.

Elektron onlayn-auksion savdolarida boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Sotilmagan lotlar har besh kunda lot qiymatidan 10 foizdan boshlang‘ich narxning 20 foizigacha bosqichma-bosqich kamaytirish bilan takroriy auksionga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi – ijarachi Yer kodeksida belgilangan huquq va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • yer uchastkasidan 49 yil davomida ijara huquqi asosida foydalanish, shuningdek keyinchalik ijara muddatini uzaytirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil belgilash;
  • ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini ijara muddati davomida boshqa shaxsga bepul yoki haq evaziga o‘tkazish (qayta ijaraga berish), yer uchastkasini subijaraga berish – Yer kodeksiga muvofiq va boshqalar.

Ijarachi quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:

  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekishni tashkil etish;
  • yer uchastkasidan oqilona foydalanish, uning tuprog‘i unumdorligini saqlash va oshirish;
  • yer uchastkasida har yili yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari, hajmlari, shuningdek to‘lov hujjatlariga muvofiq realizatsiya qilingan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z tanlovi bo‘yicha Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga muntazam kiritib borish;
  • yer uchastkasining normativ qiymati, bonitet balli, tuproq tarkibi, sifatini qonunchilikda belgilangan tartib va davriylikda tekshirish.

Yangi tizim birinchi bosqichda belgilangan ro‘yxatdagi tumanlarda joylashgan, 2025 yil va keyingi yillar hosili uchun paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish ko‘zda tutilmagan, tuman hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh yer uchastkalarida 2025 yil bahorgi ekish mavsumigacha bo‘lgan muddatda joriy etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: