Jamiyat | 21:50 / 23.07.2025
5727
8 daqiqa o‘qiladi

Asalarilar o‘limi davom etmoqda. Moddiy zarar qoplanadimi?

Kun.uz Farg‘onada g‘o‘zaga kunduzi sepilayotgan zaharli dorilar asalarilarning yoppasiga nobud bo‘lishiga olib kelayotgani haqida yozganidan keyin, Qishloq xo‘jaligi vazirligi raddiya berishga shoshilgan edi. Lekin o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari vazirlikning iddaolari xato ekani, asalarichilarning noroziligi asosli ekanini tasdiqladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz vodiy viloyatlarida g‘o‘zaga kuchli kimyoviy dorilarning ayni kunduz kuni betartib sepilishi oqibatida asalarilarning qirilib ketgani, buning ortidan asalarichilar daromadsiz qolgani haqida maqola e’lon qilgandi.

Maqolaning ertasiga, 16 iyul kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirib, asalarilarning kimyoviy dorilar sabab qirilib ketayotganini rad etdi.

Tarmoqlarda aytilayotgan “g‘o‘zaga kuchli kimyoviy dorilarning ayni kunduz kuni betartib sepilayotgani asalarilarning qirilib ketishiga sabab bo‘lyapti” degan axborotlar ilmiy asossiz va amaliy jihatdan tasdiqlanmagan ma’lumot hisoblandi. Boisi, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan kimyoviy vositalar mamlakat bo‘yicha yagona tartib va reglamentlar asosida tasdiqlangan preparatlar ro‘yxatiga asosan tanlanadi hamda ulardan foydalanish qoidalari butun respublika bo‘ylab bir xil”, deyiladi QXV bayonotida.

Vazirlik munosabatida, shuningdek, asalarilar o‘limi Farg‘ona viloyatining ma’lum bir hududidagina kuzatilayotgani da’vo qilingan. Lekin Kun.uz'ga bunday holat respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushmoqda.

19 iyulda esa, QXV huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi o‘z o‘rganishlari yuzasidan bayonot berib, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida asalarilarning ommaviy nobud bo‘lishiga kimyoviy pereparatlarning ta’siri bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi (bu haqda batafsilroq maqola so‘ngida yana to‘xtalamiz).

16 iyul kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Muhiddin Sayfiyev boshchiligida ishchi guruh Farg‘onada asalarichilar bilan uchrashuv o‘tkazdi va shu kuni o‘lgan asalarilardan laboratoriya uchun namunalar olindi.

Uchrashuvda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi. Vodiylik asalarichilar muxbirimiz bilan suhbatda uchrashuv ularni qoniqtirmaganini aytishdi.

Talafotning oldini olish o‘rniga...”

Sherzod Mirzamatov:

— Kechagi videodan keyin vazirlikdan ishchi guruh yechim qilaman deb kelishdi. Bizning hamma arichilar to‘plandi shu yerga. Mutaxassis asalarilar kasallikdan o‘lgan deyapti. Biz asalarilarning doridan zaharlanib o‘lganini isbot qilib bera olamiz. Bundan maqsad nima bo‘lyapti? Uchrashuvda asalarilar kasallikdan o‘lgan degan xulosaga kelishyapti. Doridan umuman zaharlanmagan deyishyapti. Doridan zaharlanganini isbot qilish uchun tahlilni tez chiqarib bera oladigan laboratoriya uskunasi yo‘q ekan. Faqat bular kasallikdan o‘lganini isbot qilib bera olarkan xolos. Muammo bartaraf qilinmas ekan, ishchi guruhining bunday uchrashuv tashkil qilishidan ma’no bormi?

Bu yerda to‘planganlarning ko‘pi 20 yillik tajribali asalarichilar-ku. Ular har bir kasallikni aniq bilishadi. Nahotki ular kasallikdan o‘lgan ari yoki doridan zaharlanish holatining farqiga bormasa? Bu uchrashuvdan ko‘nglimiz to‘lmadi. Qoniqmadik bu uchrashuvdan. Talafotning oldini olish o‘rniga, aybni o‘zimizga ag‘darishmoqchi.

Asalarilik hech kimga kerak bo‘lmay qoldi”

Hasanboy Hasanov:

— Asalarimiz o‘layotganiga 16 yildan oshdi. Vazirlik muammoni hal qilaman deb kelaveradi, ketaveradi, natija yo‘q. Aybni o‘zimizga ag‘darishadi, tamom. Asalarilar nimadan o‘layotganini ximiyaning boshlig‘i bilib turibdi, chunki u mutaxassis. Qaysi dori qanaqa qilib o‘ldiradi, hammasini biladi bular. Ari qanaqa bo‘lib o‘lganigacha ximiyaning boshlig‘i bilib turibdi. Bu uchrashuvdan natija ham kutayotganim yo‘q. Soha tubdan isloh qilinishi kerak.

Vazirlikdagilarning hammasi O‘zbekistonga kirayotgan dorilarni biladi, qaysi dori kiryapti, qaysi biri sepilyapti. Asalarilik hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Ha, doridan o‘lganini hech kim tan olmaydi. Kim ham javobgar bo‘lishni xohlaydi? Uchrashuv besamar bo‘ldi.

Bu yil kuchli dorilar qo‘llashyapti”

Hikmatillo Millajonov:

— Yaqin tanishim fermer, yerida dori sepadi. Uning aytishicha, o‘tgan yilgi dorilar unchalik ham kuchli bo‘lmagan. Bu yildan fermerlar kuchli zahar qo‘llashga o‘tishgan. Dorini sepish jarayonida ustimizga, qo‘limiz, ochiq tanaga tekkan joyi kechasi bilan achishtirib, uxlatmayapti, dedi o‘sha tanishim.

Shunchalik darajada kuchli ekan, yo dozasini kuchaytirib yuboryaptimi, kuchli zahar sepyapti deyapti. Firma vakili kelib, fermer bilan kelishib, dorisini tavsiya qilib ketarkan, o‘sha zaharni olib kelib sepaverarkan. Kunduz kuni sepishini tan olib aytdi o‘zi. Kunduzi dori sepish boshlanib, shom paytida tugatilar ekan.

Moddiy zararni qoplash masalasi so‘roq ostida

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Chorvachilik boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Sayfiyevga holat bo‘yicha izoh olish uchun mikrofon tutdik.

“Uchrashuvda asalarichilarning fikrlarini eshitdik. Muammoni aniqlashimiz kerak-da. Sababi bu yerda pestitsidmi yoki kasallik? Laboratoriyamiz bor. Laboratoriyaga tahlil olib, joyida ko‘rib, xulosasini chiqarib beramiz. Keyin muammoga barham berib ketamiz. Sababi bu yerda bizga ham paxta kerak, ham asalari kerak. Bu ikkita sohaning rivoji barchaga kerak. Shuning uchun bu yerda fermerlarni ham, asalarichilarni ham birgalikda o‘rganib, masalani hal qilishga harakat qilamiz.

Arichilarning fikriga ko‘ra, holat pestitsidlar bilan bog‘liq. Men yuqorida ham aytdim, holatni baribir laboratoriya tahlillari aniqroq qilib beradi. Va bunga asosan bir to‘xtamga kelamiz keyin.

Moddiy zararni qoplash masalasini o‘ylab ko‘ramiz. Bu masalada bir narsa deya olmayman”, deydi Muhiddin Sayfiyev.

QXV huzuridagi Veterinariya qo‘mitasining yuqorida tilga olingan 19 iyul kungi bayonotida aytilishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlarda asalari oilalarining nobud bo‘lishi yuqumli kasalliklar natijasi emasligi tasdiqlangan.

“Olingan xulosalar shuni ko‘rsatmoqdaki, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida asalari oilalarining ko‘plab nobud bo‘lishiga paxta dalalariga sepilayotgan kimyoviy pereparatlar sabab bo‘lishi mumkin. O‘rganish davomida hech qanday virusli yoki bakteriologik kasalliklar bo‘lmagani va ko‘p yillardan beri mazkur viloyatlarda asalari kasalliklari kuzatilmagani aniqlandi”, – deyiladi qo‘mita axborotida.

Laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, nobud bo‘lgan asalarilarda hech qanday virusli yoki bakteriologik kasalliklar aniqlanmaganini Kun.uz'ga Farg‘ona viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ubaydullo Tursunov ham tasdiqladi.

Ammo muammo yechimi masalasi hamon savolli bo‘lib qolmoqda.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid