G‘arbiy sohildagi hibslar, Ukrainaning Kurskdagi yangi hujumi va Viktor Orbanning qimmatbaho qasri - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Falastindagi vaziyat
Isroil armiyasi 21 yanvardan boshlab G‘arbiy sohilda keng ko‘lamli hujumlar uyushtirib, 174 falastinlikni qo‘lga oldi. Bu haqda Falastin mahbuslar jamiyati ma’lum qildi.
Janiyn va Tubas shaharlari eng ko‘p hujumga uchragan. Janiynda 120 falastinlik hibsga olingan, Tubasda esa bu raqam 54 nafarga yetgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, hibsga olinganlarning aksariyati qiynoq va zo‘ravonlikka duch kelmoqda.
21 yanvardan buyon Isroil hujumlari sabab G‘arbiy sohilda 25 falastinlik halok bo‘lgan, 27 yanvarda esa armiya Tulkarmga hujum qilgan edi. 2 fevralda hujumlar Tubas va Tamunga ham kengaygan. Tulkarmda 4 kishi o‘ldirilgan.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 2024 yil boshidan buyon G‘arbiy sohilda 70 falastinlik, shu jumladan 10 bola, ayol va keksa insonlar halok bo‘lgan. 2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda 905 falastinlik o‘ldirilgan, 7 ming kishi yaralangan, 14 ming 300 falastinlik esa hibsga olingan.
Isroil g‘azoliklarni ko‘chirishga tayyor
Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats armiyaga G‘azo aholisini ommaviy deportatsiya qilish rejasini ishlab chiqishni buyurdi. Uning idorasi ma’lumotiga ko‘ra, «ko‘chish ixtiyoriy bo‘ladi» va falastinliklar ularni qabul qilishga tayyor davlatlarga chiqib ketishi mumkin.
Kats Donald Trampning G‘azodagi «etnik tozalash» va falastinliklarni majburiy ko‘chirish rejasini qo‘llab-quvvatladi. Tramp G‘azo to‘liq nazoratga olinishini va u yerda «Yaqin Sharq Riverasi» barpo etilishini e’lon qilgan edi.
Isroilning o‘ta o‘ng millatchi moliya vaziri Betsalel Smotrich ham Trampning G‘azo aholisini ko‘chirish rejasini qo‘llab-quvvatladi, ammo o‘z variantlarini taklif qildi. Uning fikricha, falastinliklarni qo‘shni arab davlatlariga joylashtirish xavfli va mintaqa xavfsizligiga tahdid soladi.
Smotrich Tramp rejasini «7 oktyabr voqealariga javob» deb atadi va Isroil falastin davlatini «batamom yo‘q qilish» uchun harakat qilishini ta’kidladi.
Avvalroq Tramp G‘azo Amerika nazoratiga o‘tishi, u yerda «Riviyera» qurilishi va minglab ish o‘rinlari yaratilishini taklif qilgandi.
Donald Tramp falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish rejasini himoya qilib, uning dunyoning «barcha insonlariga yoqqanini» da’vo qildi. Ammo xalqaro hamjamiyat bu fikrga qo‘shilmadi — BMT, Germaniya, Britaniya, Fransiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bu taklifni qoraladi yoki uni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. Hattoki Yevropa ham qator bayonotlar berdi: Germaniya va Fransiya bu harakat xalqaro huquqni buzishini va mintaqaviy beqarorlikka olib kelishini ta’kidladi.
Makron Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmoqchi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Suriyaning tranzit hukumati rahbari Ahmad ash-Shar’a bilan telefon muloqoti o‘tkazib, Damashqqa qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga harakat qilishini bildirdi. U Bashar Asad rejimi tugatilganini qayd etib, Suriyani o‘tish davrida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Ash-Shar’a Makronga Suriya xalqiga ko‘rsatilayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirib, sanksiyalar mamlakat tiklanishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.
Yanvarda Germaniya va Fransiya Tashqi ishlar vazirlari Damashqqa borib, Suriyadagi siyosiy jarayonlar, tiklanish va milliy yarashuv masalalarini muhokama qildi. Annalena Berbok Asad davri tugaganini ta’kidlab, Yevropa Suriyaga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
AQSh va Buyuk Britaniya ham cheklovlarni yumshatishga ishora qilmoqda, biroq hozircha aniq qaror qabul qilingani yo‘q.
Ukraina Mirage 2000 samolyotlarini qabul qildi
Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu Ukrainaga birinchi Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari yetkazilganini e’lon qildi.
«Prezident Emmanuel Makron 2024 yil 6 iyun kuni Ukrainaga Mirage 2000 yetkazilishini ma’lum qilgan edi. Bugun qiruvchi samolyotlarning ilk partiyasi Ukrainaga yetib keldi. Ular Fransiyada ko‘p oylik tayyorgarlikdan o‘tgan ukrainalik uchuvchilar bilan birga keldi», — deb yozdi Lekornyu X ijtimoiy tarmog‘ida.
Parij 4,5 ming ukrain harbiysini tayyorlashini ham ma’lum qilgan. Ukrainaga aynan qancha qiruvchi samolyot yuborilgani hali rasman e’lon qilinmadi.
Ukraina Kurskda hujumni kuchaytirdi
Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblastida yangi hujumga o‘tdi. Bir necha soat ichida Sudja shahri yaqinidagi ikki aholi punkti Ukraina nazoratiga o‘tgani haqida ma’lum qilindi.
Rossiyaga yaqin manbalar hujumni «kutilmagan zarba» deb atadi. Z Telegram-kanallar ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 500 askar va 50 ta bronetexnika ishtirok etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu hujum Rossiya bilan muzokaralarda ustunlik sifatida qo‘llanishi mumkinligini bildirdi. Unga ko‘ra, Ukraina bu harakatlari bilan Rossiya armiyasini ushlab turishga erishmoqda va Kreml Kiyevni bu hududlardan chiqarib yuborishga qodir emas.
Trampdan Haaga sudiga sanksiyalar
AQSh prezidenti Donald Tramp Xalqaro jinoyat sudi xodimlariga moliyaviy va vizaga oid cheklovlar kiritish haqida qaror qabul qildi. Bu qadam Haaga sudining Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga order berishiga javob sifatida qo‘llangan, deb xabar berdi BBC.
Vashington Haaga sudiga qarshi sanksiyalarni oldin ham qo‘llagan. 2020 yilda Tramp ma’muriyati Afg‘onistondagi urush jinoyatlarini tergov qilgan Xalqaro jinoyat sudi prokurori Fatu Bensuda va uning hamkasbiga qarshi cheklov joriy qilgan edi.
O‘tgan hafta AQSh Senatida demokratlar respublikachilarning Netanyahu va Gallantga nisbatan Haaga sudi tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderlariga qarshi javob sifatida sudga sanksiya joriy qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamaganidan so‘ng, Trampning o‘zi farmon bilan sanksiya joriy etgani aytilmoqda.
Tramp va Netanyahu Haaga sudining mazkur qarorini «xalqaro adolatning buzilishi», deb atagan.
Tramp: USAID’dan milliardlar o‘g‘irlangan
Donald Tramp USAID va boshqa federal agentliklardan milliardlab dollar o‘g‘irlanganini iddao qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘larning katta qismi «soxta OAV»ga berilib, demokratlar haqida ijobiy xabarlar tarqatish uchun ishlatilgan.
Tramp ushbu fikrni Truth ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. U Politico kabi media tashkilotlar federal agentliklardan mlnlab dollar mablag‘ olganini ta’kidladi va «bu AQSh tarixidagi eng yirik mojaro», ekanini qayd etdi.
Ilon Mask ham demokratik ma’muriyatning ayrim OAVlarni moliyalashtirishini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Associated Press va New York Times hukumat mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlangan. «NYT — hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan gazeta», — deb yozgan Mask.
Ozarboyjon «Rus uyi»ni yopmoqda
Ozarboyjon Rossiyaga tegishli «Rossotrudnichestvo» agentligining mamlakat hududidagi faoliyatini to‘xtatish haqida rasmiy xabarnoma yubordi.
Bu qaror dekabr oyidagi Azerbaijan Airlines samolyoti halokati yuzasidan olib borilayotgan tekshiruv va milliy manfaatlarni himoya qilish doirasida qabul qilindi.
Ozarboyjon hukumati manbalariga ko‘ra, mamlakat hozirda xorijiy yordamga muhtoj emas, ayniqsa, shubhali sxemalar orqali amalga oshirilayotgan tashabbuslarga. «Ba’zi xalqaro tashkilotlarning faoliyati aniq razvedkaviy tusga ega», — deyiladi Bokudagi manbalar xabarida.
Shu kabi qaror avvalroq AQSh agentligi tomonidan USAID bo‘yicha ham qabul qilingandi. Bu agentlik Donald Tramp ma’muriyati uni tugatish haqida qaror chiqarishidan avvalroq tashkilot Ozarboyjon hududidan haydab chiqarilgan edi.
Orbanning maxfiy qasri fosh bo‘ldi
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Avstriya-Vengriya davriga xos qimmatbaho qadimiy qasrda yashashi, ammo uning rasmiy mulk deklaratsiyasida bu ko‘rsatilmagani Fransiyaning France 2 telekanali tomonidan ma’lum qilindi.
Orban rasmiy ravishda faqat ikkita uy va 14 ming yevrolik bank hisob raqamiga egalik qiladi. Biroq jurnalistlar uning oilasi 15 mln yevroga qasr sotib olgani va 30 mln yevro sarflab, uni qayta ta’mirlaganini aniqlashgan.
Vengriyalik deputat Akoj Hazazi qasrning videosini e’lon qilib, Orbanni Yevropadagi eng korrupsiyalashgan siyosatchi deb atadi.
Mavzuga oid

13:55 / 12.03.2025
Jiddadagi muzokaralar, Pokistonda garovga olingan poyezd va Trampdan Kanadaga yangi tahdidlar - kun dayjesti

13:34 / 11.03.2025
Tramp va Netanyahu o‘rtasida sovuqchilik, alaviylarni bostirib, kurdlar bilan kelishgan Suriya va Saudiyada kutilayotgan muzokaralar - kun dayjesti

13:09 / 10.03.2025
Elektrdan uzilgan G‘azo, Sudjaga gaz quvuri orqali hujum va Tramp kelishi bilan yanada boyigan rossiyalik milliarderlar - kun dayjesti

15:46 / 08.03.2025