Andijon viloyatida shu yil may oyida mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovida saylangan 880 nafar MFY raisining 16 nafari muddatidan oldin ishdan bo‘shatilgan.
Bu haqda Andijon shahrida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan “Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda keksa avlod vakillarining o‘rni” mavzusidagi seminarda ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda “Kun.uz” muxbiri.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Botir Parpiyevning aytishicha, Andijonda jazoni o‘tab qaytgan fuqarolar bilan ishlash tizimida jiddiy kamchiliklar mavjud. Ayrim mahallalar o‘z kafilligi asosida jazodan ozod qilingan fuqarolarning keyingi taqdiriga qiziqmaydi. Sakkiz oy ichida 33 ta jinoyat muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgani shundan dalolat beradi.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida Andijon viloyatida 1 ming 646 ta jinoyat qayd etilgan. Garchi mazkur holat 2018 yilning shu davriga nisbatan 613 taga kamaygan bo‘lsa-da, Andijon shahri, Andijon, Asaka va Shaxrixon tumanlarida yuqorilagan.
Tahlillarga ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan jinoyatlarning aksariyati ishsiz fuqarolar va xotin-qizlarga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyat miqyosidagi ajrimlar soni 2 ming 462 tani tashkil qilib, oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarliklar sodir etgan 297 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan.
Tadbirda samarali ishlamayotgan MFYlarning hududiy profilaktika inspektorlari faoliyati ham ochiq tanqid qilindi. Paxtaobod tumanidagi “Sangraobod” va “Ma'shal” mahallalari profilaktika inspektori yordamchilari, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Naynavo”, “Dardoqtepa”, “Iqtisodchi”, Shahrixon tumanidagi “Namozgoh” mahalla profilaktika inspektorlarini aholi yaxshi tanimasligi, fuqarolar yig‘inida nizoli xonadonlarni muhokama qilish jarayonlarida ishtirok etmasligi qayd etib o‘tildi.
Seminar yakunida mahallalar huzuridagi mavjud 8 ta jamoatchilik komissiyalari faoliyatini jonlantirish, “Mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili asosida oilalardagi muammolarni bartaraf etish, maktablar bilan yaqin hamkorlikda ishlash, to‘y-hashamlar va oilaviy marosimlarni ijtimoiy tabaqalanishga yo‘l qo‘ymagan holda kamxarj qilib o‘tkazishda keksalar jonbozligini oshirish zarurligi ta'kidlab o‘tildi