Tanqiddan so‘ng Qarshidagi «Otchopar» mahallasida amaliy ishlar olib borilmoqda

Jamiyat 12:54 / 30.09.2019 10187

Kun.uz saytida joriy yil 16 sentabr kuni «Qarshidagi mahalla muammolari yechim topmadi: o‘quvchilar bu yil ham loy kechib maktabga qatnaydi(mi?)» sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan Qarshi shahridagi «Otchopar» mahallasidagi muammolar aholi murojaati asosida o‘rganilib, yoritilgan edi.

Xususan, mahalladagi yakuniga yetmay qolayotgan dasturdagi loyihalar, yozda chang, yog‘ingarchilikka aylanadigan yo‘llar, ichimlik suvi, simyog‘ochlar juda past joylashgani va aholi uchun xavf tug‘diradigan darajadaligi, bu simyog‘ochlarni aholi o‘z mablag‘lari hisobiga qo‘lbola qilib o‘rnatib olganligi, ayrim xonadonlar mahalla hududidan o‘tgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i ostiga qurilganligi kabi muammolar tanqid ostiga olingan edi.

Shundan so‘ng, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ushbu maqola yuzasidan tahririyatga ma'lumotnoma taqdim etib, mahallada simyog‘ochlarni almashtirish ishlari davom etayotganligini ma'lum qilgan edi.

Mahalladagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida yana «Otchopar» mahallasida bo‘ldik.

«Ayni vaqtda mahallamizda ishlar jadal sur'atda olib borilmoqda. Yo‘llarni shag‘allashtirish boshlandi. Simyog‘ochlar almashtirilmoqda. Oktabr oyida ishlar yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan», – deydi biz bilan suhbatda mahalla raisi Parmon Chorshanbiyev.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham yo‘llarga shag‘al yotqizilayotganligiga, simyog‘ochlar almashtirilayotganligiga guvoh bo‘ldik.

«Hozirda aholi tomonidan o‘rnatilgan qo‘lbola (nostandart) ustunlar o‘rniga yangi temir-beton ustunlar o‘rnatish va montaj qilish ishlarini yakuniga yetkazyapmiz. Ma'nan eskirgan elektr simlar o‘rniga izolyatsiyalangan simlar o‘tkazildi. Bu aholini elektr energiyasi bilan ta'minlashdagi muammolarni to‘liq bartaraf etish imkonini beradi. Ortiqcha yuklamalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha transformatorlar o‘rnatildi», – deydi Qarshi shahar «Elektr tarmoqlari» korxonasi rahbari Ulug‘bek Rizayev.

Tanqidiy maqolada aholi xonadonlari va ko‘chalar ustidan yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i o‘tganligi, bu umuman mumkin bo‘lmagan holatligi, yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i sababli aholi doimo xavfda yashashga majburligi, aholiga qanday tartibda, qanday holatda bunday tarzda uy qurishga ruxsat berilgani, yer ajratilgani tushunarsiz holatligi, xavfsizlik talablari umuman hisobga olinmaganligi ham keltirib o‘tilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu muammoni bartaraf etish yuzasidan ham amaliy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i muhofaza hududiga qurilgan 19 ta xonadon egalariga uylarini buzish haqida ogohlantirish xatlari berilgan.

Mahalladagi asosiy muammolardan biri bo‘lgan ichimlik suvi masalasi ham yaqin kunlarda hal bo‘lish arafasida ekan.

«Faqat «Otchopar» mahallasi uchun 500-100 kub sig‘imga ega ichimlik suv bilan ta'minlash obekti qurilmoqda. Joriy yilning 5 oktyabrida sinov tariqasida ishga tushirilishi rejalashtirilgan», – deydi Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov.

Ushbu ichimlik suvi obektida bo‘lganimizda qurilish ishlari davom etayotgan ekan.

Shuningdek, Ulug‘bek Avazovning qo‘shimcha qilishicha, mahallada yangi umumta'lim maktabi va maktabgacha ta'lim muassasasi qurish loyihasi keyingi yil manzilli dasturga kiritish ko‘zda tutilgan.

O‘rganishimiz davomida mahallada amaliy ishlar borayotganligiga guvoh bo‘ldik.

Muhimi, bu xayrli ishlar yakuniga yetkazilsa, aholini bir necha yillardan beri qiynab kelayotgan masalalar yechiladi va o‘z o‘rnida fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: