«Bir narsaga erishish uchun boshqasidan kechish kerak» - G‘allaorol tumani hokimi o‘rinbosari oqtomliklar tushgan holatdan tashvishda emas

Jamiyat 09:00 / 29.09.2019 50501

Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanining «Oqtom» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Jarg‘oq va Boylarovul qishloqlari aholisini bir yo‘l ikkita jiddiy masala tashvishga solmoqda. Qishloq aholisi tomonidan tahririyatga yo‘llangan murojaatda aynan shular haqida so‘z yuritiladi.

Gap shundaki, qishloq o‘rtasidan o‘tgan Sangzor daryosi ustida yolg‘izoyoq ko‘prik mavjud. 1969 yilda bunyod etilgan 226 metr uzunlikka ega mazkur ko‘prik Jarg‘oq, Boylarovul va Olmasuvon qishloqlari aholisi uchun yagona o‘tish yo‘li hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu ko‘prikdan har kuni qishloqning 300 nafardan ziyod maktab yoshidagi bolalari tumandagi 29-maktabga borib qaytishadi.

Ko‘prikning yuza qismi yog‘och qoplamali bo‘lib, uzoq yillar davomida jiddiy ta'mirlanmagani, faqatgina aholining o‘z kuchi bilan joriy ta'mirlanib kelingani sabab bugungi kunga kelib anchagina xavfli holatga kelib qolgan. Hozirga qadar ko‘prikdan yiqilib, jiddiy jarohat olganlar ham bor.

O‘lganning ustiga tepgan deganlaridek, bu hali hammasi emas ekan. Ust qismidagi nuqsonlari kamlik qilgandek, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning «sharofati» bilan Sangzor atrofidagi qishloqlarda ekologik vaziyat izdan chiqish arafasida turibdi.    

Go‘yoki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining «ruxsatini olgan» xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar daryo o‘zanida tosh tegirmonlari (drabilka)ni barpo etib, qum-shag‘allarni ayovsiz kavlab olishlari daryoda suv sathi sezilarli darajada pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Buning oqibatida qishloq aholisi foydalanib kelayotgan quduqlar hamda tomorqalarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan ariqlar qurib qolmoqda.

Sangzor daryosidan tosh va qumlar tinimsiz kavlab olinishi yana bir jiddiy xavfni keltirib chiqarmoqda: o‘sha 226 metrlik ko‘prikning ost (asos) qismiga shikast yetmoqda. Uning poydevorlari ochilib, avariya holatiga kelib qolgan. Bahor oylaridagi yog‘ingarchilik natijasida keladigan kuchli sel va toshqinlar ko‘prikning asos qismidagi shag‘al-qumlarni «drabilkachilar» kavlab tashlagan chuqurlar tomon yuvib ketmoqda.

Murojaatda ma'lum qilinishicha, drabilkachi tadbirkorlarning tinimsiz «mehnati» samarasi o‘laroq, Tuyatortar kanalining Jarg‘oq qishlog‘idan to Ko‘kgumbaz qishlog‘igacha bo‘lgan beton qoplamali himoya devorlariga ham shikast yetib, ayanchli ahvolga kelib qolgan.  

«Daryo o‘zani o‘zgartirib yuborilishi ekologiyaga biz kutmagan darajada salbiy tasir ko‘rsatmoqda. Zero, oddiy tosh ham bejiz yaratilmagan. Necha ming yillik tarixdan mahalliy aholi daryo bo‘ylariga joylashib kelishgan. Maqsad ulug‘ nemat - suv bilan hayotlarini farovon qilish, dehqonchilikdan unumli foydalanish bo‘lgan. Bugun esa ushbu tarixiy tanlovni kimlarningdir moddiy manfaatdorligi evaziga yo‘qotmoqdamiz. Bu aslo ignadan tuya yasash emas, bu o‘rinsiz vahima ham emas. Buni yo hozir to‘xtatish kerak yoki ertaga pushaymonlik to‘la kosadan ko‘z yosh bilan taomlanish kerak. Agar ekologlar, tabiatshunoslar, favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari asl vaziyatni o‘rganib, bor ovozlari bilan «TO‘XTANGLAR!!!» deb hayqirishmasa ertaga kech bo‘ladi», – deydi shu yerlik xalq vakillaridan biri.

«Daryo o‘zanida tinimsiz tosh qazib olib, uni ishlab chiqarish mahsulotiga aylantirayotganlarning birortasi bu hududda yashamaydi. Agar shunday bo‘lganida daromadidan boqayotgan oilasini, ularning ertasini o‘ylagan va xalqdan uyalgan bo‘lar edilar», deydi qishloq faollaridan yana biri.

Qishloq aholisining fikriga ko‘ra, viloyat va tuman hokimlari shaxsan kelib, daryoda yuz berayotgan fojiani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmagunlaricha va har qadami falokatga eltishi mumkin bo‘lgan ko‘prikda o‘z oyoqlari bilan yurmagunlaricha bu muammolar barham topmaydi.

Ushbu masala bo‘yicha mahalliy hokimlikning fikri bilan qiziqib, G‘allaorol tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan muloqot qildik.

A.Mamarajabovning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik ushbu muammolardan to‘liq xabardor, so‘nggi yillarda viloyatdagi keng ko‘lamli qurilishlar sabab Sangzor daryosining aynan shu qismidan shag‘al kavlab olinayotgani, Jizzax katta magistral yo‘lni ta'mirlash uchun ham shag‘al aynan shu yerdan olingani, bir narsaga erishish uchun boshqa bir narsadan kechish kerakligini aytdi. Shuningdek, hokim o‘rinbosarining so‘zlaridan ayon bo‘ldiki, vakolatli organlar tomonidan daryoning faqatgina sel yo‘lini ochish uchun mo‘ljallangan qismlaridan shag‘al kavlashga ruxsat berilgan bo‘lishiga qaramay, tadbirkorlar taqiqlangan hududlarda ham qazuv ishlarini amalga oshirishmoqda. Bunga qarshi tinimsiz reydlar amalga oshirilishi natijasida bunday holatlar qisman kamaygan bo‘lsa-da hanuz uchrab turishi ta'kidlandi.

Hokim o‘rinbosari ko‘prikni ta'mirlash masalasida fikr bildirar ekan, Oqtomdagi ko‘prikning butun turganiga ishora qilib, tumanda sel yuvib ketgan 24ta ko‘prik mavjudligi, hozirga qadar shulardan faqat 3tasigina hashar yo‘li bilan ta'mirlanganini ma'lum qildi.

Xullas, G‘allaorolning oqtomliklari bir yo‘la qator muammolar girdobida qolishgan. Ilma-teshik bo‘lib ketgan va poydevori kun sayin yuvilib borayotgan ko‘prik va qishloqning tobora suvsizlanib borishi...

Daryodan tosh qazib olayotgan «tadbirkorlar»ning faoliyatiga chek qo‘yilmas ekan, yaqin yillar ichida bu qishloq aholisining hayot tarzi izdan chiqib ketishi tayin.

Umid qilamizki, uyma-uy yurib xalq dardini tinglashdan, ularning muammolariga malham bo‘lishdan charchamaydigan Jizzax viloyati hokimi va G‘allaorol tumani hokimi oqtomliklarning bu murojaatini e'tiborsiz qoldirmaydi.

O‘z muxbirimiz

Ko‘proq yangiliklar: