«Siti»da qayta qurish va Saudiya ertagi davom etishi. Qishning asosiy transferlari

Sport 15:42 2034

Qishki transferlar odatdagiga qaraganda qizg‘in o‘tdi: bu birinchi navbatda «Manchester Siti» xo‘jayinlari Gvardiola uchun navbatdagi kart-blansh taqdim etgani bilan bog‘liq. Quyida yanvar oyi davomida va fevralning ilk kunlarida jahon futbolida ro‘y bergan kutilgan va kutilmagan transferlar haqida.

Abduqodir Husanov

Amplua: himoyachi
Yoshi: 20
Qayerdan: «Lans»
Qayerga: «Manchester Siti»
Kelishuv turi: transfer
Qiymati: 40 million yevro
Shartnoma muddati: 2029 yil yozigacha

20 yoshli o‘zbekistonlikning karerasi boshni aylantiradigan darajada tez o‘sdi. 2023 yilda ham u Belarus chempionatida «Energetik-BGU» klubi safida edi, 2025 yil yanvarida esa jahonning eng yaxshi klublaridan biri safiga yo‘l oldi. Husanovning Fransiyadagi «Lans» klubida ko‘rsatgan yorqin o‘yinlari «Manchester Siti»dagilar e’tiborini o‘ziga qaratdi. Inglizlar boshqa ko‘plab klublar bilan raqobatda ustun keldi va 40 mln yevro to‘lab, istiqbolli himoyachini o‘ziniki qildi. Barchasi juda tez ro‘y berdi. Abduqodir APL tarixidagi ilk o‘zbekistonlikka aylandi. Himoyachi «Chelsi»ga qarshi debyut o‘yinda (3:1) hayajonlanib, golga sababchi bo‘ldi, sariq kartochkasi tufayli ikkinchi bo‘limda almashtirildi. Ammo «Manchester Siti» murabbiylar shtabining undan umidlari katta. Husanov Angliya Kubogi to‘rtinchi bosqichi doirasida 8 fevral kuni «Leyton Oriyent»ga qarshi o‘yinda o‘zini ko‘rsatishi kutilmoqda.

Omar Marmush

Amplua: hujumchi
Yoshi: 25
Qayerdan: «Ayntraxt»
Qayerga: «Manchester Siti»
Kelishuv turi: transfer
Qiymati: 75 million yevro
Shartnoma muddati: 2029 yil yozigacha

Dino Toppmeller «Ayntraxt»da forvardlarning kuchli tandemiga erishgandi — Ugo Ekitike chiziqlar orasidagi bog‘lamlarga javob berar, Marmush esa himoyachilar ortida harakatlanardi. Yakunda Salohning 25 yoshli vorisi ajoyib ko‘rsatkichlar qayd etdi: barcha turnirlar doirasida «gol+pas» bo‘yicha 20+14 ochko. Ushbu forvardni nega aynan «Manchester Siti» olib ketgani unchalik tushunarli emas — bu Marmushga uslub jihatdan u qadar mos keladigan jamoa emas. Bu o‘rinda ikki variant bor —yoki Pep Gvardiola yorqin futbolchining kelajagini barbod qiladi, yoki Marmush yangi rolda kashf etiladi (Holandni asosiy tarkibdan chiqarib tashlay olmasligi aniq).

Niko Gonsales

Amplua: yarimhimoyachi
Yoshi: 23
Qayerdan: «Portu»
Qayerga: «Manchester Siti»
Kelishuv turi: transfer
Qiymati: 60 million yevro
Shartnoma muddati: 2029 yil yozigacha

Bu mavsumda inqirozni boshdan kechirayotgan «shaharliklar» inqirozdan radikal yo‘l bilan — ulkan xarajatlar orqali chiqishga qaror qildi. «Siti» yanvar davomida Husanovdan tashqari misrlik hujumchi Umar Marmush (75 million yevro) va braziliyalik markaziy himoyachi Vitor Reys (37 million yevro)ni ham sotib olgandi. Fevral boshida esa mavsum boshidan buyon o‘ynamayotgan Rodrining o‘rnini bosish uchun «Portu»dan 23 yoshli yarimhimoyachi Niko Gonsales transfer qilindi. Portugaliyaliklar 40 million yevrolik dastlabki taklifni rad etishdi va 60 million yevro to‘lashga to‘g‘ri keldi.

Ushbu futbolchi Yevro-2000 turnirida Gvardiola bilan birga Ispaniya milliy jamoasida o‘ynagan, «Deportivo» afsonasi Franning o‘g‘li sanaladi. Niko – «Barsa» tarbiyalanuvchisi bo‘lib, kataloniyaliklar 2023 yil uni 8,5 million yevro evaziga «Portu»ga pullagandi. Endi esa klub bu transferdan 13 million yevro miqdorida ulush oladi. Ushbu ispaniyalik o‘tgan mavsumda lissabonliklar bilan ikki sovrin yutgandi, endi esa APLda yangi jamoasiga kuchli to‘rtlikka kirish uchun yordam berishi kerak.

Kayl Uoker

Amplua: himoyachi
Yoshi: 34
Qayerdan: «Manchester Siti»
Qayerga: «Milan»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati:
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

«Manchester Siti» yanvarda faqat sotib olish bilan shug‘ullangani yo‘q. Klub so‘nggi 10 yillikdagi asosiy futbolchilaridan biri bilan xayrlashdi. Kayl Uoker Pep Gvardioladan o‘zini qo‘yib yuborishni so‘ragan. Joriy mavsumni ushbu himoyachi o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgandi: angliyalik futbolchi klubning mag‘lubiyatlarida o‘zini ayblagan bo‘lishi ham mumkin. Ammo uning ketishi baribir kutilmaganda ro‘y berdi. Uoker keyingi manzil sifatida «Milan»ni tanladi. Holbuki milanliklar ham bu mavsumda muammolarga uchragan. Futbolchi uchun vaziyat Manchesterdagidan yaxshiroq bo‘lmaydi. Kayl A seriya grandi safiga mavsum oxiriga qadar ijara asosida o‘tgan. Kelishuvda 34 yoshli himoyachini yozda 5 mln yevroga sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan.

Alvaro Morata

Amplua: hujumchi
Yoshi: 32
Qayerdan: «Milan»
Qayerga: «Galatasaroy»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati: 6 million yevro
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

Alvaro Morata Yevropa klublari bo‘ylab sayohatini davom ettiradi. Turli yillarda «Real» (2 marta), «Yuventus» (2), «Chelsi» va «Atletiko» klublarida o‘ynagan hujumchi 2024 yil yozida Yevro g‘olibi sifatida «Milan» tarkibiga kelib qo‘shilgandi. Ammo Alvaroning Italiyaga uchinchi safari o‘xshamadi: forvard kam gol urdi (25 o‘yinda oltita), jamoaning yangi bosh murabbiyi Serjiu Konseysau bilan chiqishib ketolmadi, qolaversa, rafiqasi bilan munosabatlarda muammolar yuzaga keldi. Mantiqiy yechim – ijara: Alvaroni «Galatasaroy» o‘z safiga qo‘shib oldi. Morata yana bir yilga uzaytirish va sotib olish huquqi bilan 2026 yil yanvariga qadar ijaraga olingan. 32 yoshli forvard endi «Milan»ga qaytishi dargumon. Endi u Istanbulda Viktor Osimhen bilan tandem hosil qiladi.

Santiyago Ximenes

Amplua: hujumchi
Yoshi: 23
Qayerdan: «Feyyenoord»
Qayerga: «Milan»
Kelishuv turi: transfer
Qiymati: 32 million yevro
Shartnoma muddati: 2029 yil yozigacha

«Feyyenoord» hujumchisi baribir o‘zi uchun kuchliroq klub topa oldi — yangilangan YeChLda beshta gol urgan 23 yoshli meksikalik «Milan»da. Mish-mishlarga ko‘ra, Santyagoni bunga shaxsan Zlatan Ibrahimovich ko‘ndirgan. Bu esa ko‘p narsani anglatadi. U yangi jamoasida Morata o‘rnini egalladi. Undan umid katta: Niderlandiya chempionatining ikki yarim mavsumida meksikalik 73 o‘yinda 45 gol urgan.

Joau Feliks

Amplua: hujumchi
Yoshi: 25
Qayerdan: «Chelsi»
Qayerga: «Milan»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati: 5,5 million yevro
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

Mavsumning ikkinchi qismini Joau Feliks ham «Milan»da o‘tkazadi. 25 yoshli portugaliyalik Angliyadagi murakkab kechgan davrdan keyin faoliyatida burilish yasash uchun yangi imkonga ega bo‘ldi. Bu mavsumda «Atletiko»dan 52 million yevroga sotib olingan futbolchi «Chelsi» safida faqat ikkinchi darajali turnirlarda — Konferensiyalar ligasi, Angliya Kubogi va Liga kubogida yorqin o‘yin ko‘rsatdi. APLda esa Joau asosiy tarkib futbolchisi emasdi — Milandagi qayta qurish uning foydasiga xizmat qilishi mumkin. U allaqachon yangi jamoasi safida gollar hisobini ochdi.

Jon Duran

Amplua: hujumchi
Yoshi: 20
Qayerdan: «Aston Villa»
Qayerga: «An-Nasr»
Kelishuv turi: transfer
Qiymati: 77 million yevro
Shartnoma muddati: 2030 yil yozigacha

«Aston Villa»ning istiqbolli forvardi 21 yoshidayoq Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. 2023 yilda «Real» futbolchisi Toni Kroos 21 yoshli ispaniyalik Gabriel Veyga Saudiyaning «Al-Ahli»ga transfer qilingani haqidagi xabar ostiga «uyat» deb yozgandi. Faoliyatini yakunlagan nemis futbolchisi Duranning qaroriga ham shunday munosabatda bo‘lgani tayin. «Aston Villa» esa u ketganidan xafa bo‘lmagani aniq: klub zaxiradan tushib ketma-ket gollar urganidan keyin Olli Uotkins o‘rniga boshlang‘ich tarkibdagi o‘rinni talab qila boshlagan, xulqi og‘ir futbolchidan qutulish bilan birga 77 mln yevro ishlab oldi (yana 13 mln yevro bonuslar ko‘zda tutilgan). Duranning o‘zi esa yiliga 20 mln yevrodan ortiq maosh bilan ta’minlanadi. Unda Yevropa top-ligalariga qaytish uchun hali imkon bo‘ladi. Hozir esa kolumbiyalik hujumchi kelajagini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Markus Reshford

Amplua: hujumchi
Yoshi: 27
Qayerdan: «Manchester Yunayted»
Qayerga: «Aston Villa»
Kelishuv: ijara
Qiymati:
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

Kuzda Reshfordni Angliyaning boshqa jamoasida tasavvur qilish qiyin edi. Ammo u «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi Ruben Amorim bilan ziddiyatga bordi, shundan keyin forvard tarkibdan chiqarildi. OAVda u «Barselona» ga ijaraga berilishi haqida xabarlar chiqdi, futbolchining o‘zi ham Ispaniyaga ko‘chib o‘tishga qarshi emasdi. Ammo kataloniyaliklarda transferni amalga oshirish uchun resurslar topilmadi. Shuningdek, «Milan» versiyasi ham yangradi. Yakunda esa bozorda Duran sotuvidan tushgan pullar bilan «Aston Villa» paydo bo‘ldi. Qishki transferlar darichasi yopilishi arafasida jamoalar ijara bo‘yicha kelishuvga erishdi. Birminghemliklar futbolchiga haftasiga 225 ming funtlik maosh to‘laydigan bo‘ldi, u jamoaning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisi bo‘ladi. Insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, kelishuvda uni mavsum oxirida 48 mln yevroga transfer qilish huquqi ham kiritilgan.

Marko Asensio

Amplua: yarimhimoyachi
Yoshi: 29
Qayerdan: «PSJ»
Qayerga: «Aston Villa»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati:
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

Dedlayndagi yana bir shov-shuvli transfer ham «Aston Villa»da bo‘ldi. Birminghemliklar klubi Chempionlar ligasi umumiy guruhida sakkizinchi o‘rinni egallab, to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga o‘tdi. Bir necha frontda kurashni davom ettirayotgan Unai Emeriga hujum chizig‘ida rotatsiya qilish uchun tajribali futbolchi yordami asqatadi. 29 yoshli Marko Asensio «Real» bilan uch marta YeChL g‘olibi bo‘lgan, turnirda 67 o‘yin o‘tkazib, 12 gol urgan. «PSJ»da uning ishlari yaxshi kechmadi, shunday ekan, bu kelishuv barcha tomon uchun manfaatli bo‘ldi. Markus Reshford va Olli Uotkins bilan u «Villa» hujum chizig‘ini dahshatli ko‘rinishga keltiradi.

Aksel Disasi

Amplua: himoyachi
Yoshi: 26
Qayerdan: «Chelsi»
Qayerga: «Aston Villa»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati:
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

«Aston Villa»da markaziy himoyachilar taqchilligi yuzaga kelgandi – Diyego Karlos ketgan, Tayron Mingz, Kortni Xos va Pau Torres jarohatda. Faqat Ezri Konsa rotatsiyasiz o‘ynab kelayotgandi. Disasi esa Enso Mareskaga kerak bo‘lmay qoldi – u tezlik borasida raqobatchilardan ortda, shuningdek yaratuvchilik borasida ham ular bilan bellasha olmasdi. «Aston Villa»da fransuzga boshlang‘ich tarkibdan o‘rin kafolatlangan – ushbu jismonan baquvvat futbolchi yakkakurashlarda yaxshi harakatlanadi.

Matis Tel

Amplua: hujumchi
Yoshi: 19
Qayerdan: «Bavariya»
Qayerga: «Tottenhem»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati:
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

Qishning eng ko‘p muhokamalar markazida turgan transferida murosa yo‘li tanlandi. 19 yoshli fransuz forvardi Harri Keyn turganida «Bavariya»ning asosiy tarkibiga kira olishiga ko‘zi yetmadi va myunxenliklar safini tark etishga qaror qildi. Insayder Fabritsio Romano futbolchiga 2025 yil boshidayoq «Chelsi» qiziqish bildirganini xabar qildi. Keyinroq kurashga «Arsenal», «MYu» va «Tottenhem» qo‘shildi. Futbolchi uchun hammadan ko‘p «Tottenhem» harakat qildi va fransuz uchun 60 mln yevro taklif qildi. Ammo bu klub forvardda qiziqish uyg‘otmadi, u Manchester klubiga o‘tishga moyil edi.

Ammo dedlaynda Tel fikrini o‘zgartirib, londonliklar klubiga o‘tishga rozi bo‘ldi. Londonliklar bosh murabbiyi Postekoglu bilan suhbat barchasini hal qilgan. «Bavariya» va «Tottenhem» yaxshi munosabatlarga ega va ijara bo‘yicha kelishuv tuzish qiyin bo‘lmadi: Fabritsio Romanoga ko‘ra, londonliklar ijara davri uchun 10 mln yevro to‘laydi va futbolchining maoshini to‘liq qoplaydi. Shuningdek, kelishuvda mavsum oxirida futbolchini 55 mln yevroga sotib olish huquqi haqida band ham bor.

Nikolo Dzaniolo

Amplua: yarimhimoyachi
Yoshi: 25
Qayerdan: «Galatasaroy»
Qayerga: «Fiorentina»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati: 3,2 million yevro
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

O‘tgan mavsumda ijara asosida «Aston Villa»da o‘ynagan 25 yoshli yarimhimoyachi mavsumning birinchi qismini «Atalanta»da o‘tkazib, faqat 560 daqiqa davomida maydonda bo‘ldi «gol+pas» bo‘yicha kamtarona 3+3 ko‘rsatkichini qayd etdi. Endi «Galatasaroy» uni yana boshqa bir klubga — o‘z vaqtida uni tarbiyalagan «Fiorentina»ga ijaraga berdi. Agar Nikolo ma’lum talablarga javob bersa, italyanlar klubi ushbu havbekni 15,5 million yevroga transfer qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Xvicha Kvaratsxeliya

Amplua: vinger
Yoshi: 23
Qayerdan: «Napoli»
Qayerga: «PSJ»
Kelishuv turi: transfer
Qiymati: 70 million yevro
Shartnoma muddati: 2029 yil yozigacha

«PSJ» uchun muhim kelishuv. Fransuzlar jamoaning asosiy yulduziga aylanishi kerak bo‘lgan futbolchini sotib oldi. «Napoli» Kvaratsxeliya uchun 70 mln yevro ishladi, Xvicha — 11 mln yevro miqdoridagi yillik maoshga hamda o‘z vaqtida Mbappega tegishli bo‘lgan 7-raqamli futbolkaga ega bo‘ldi. Ushbu gurjistonlik aynan Kilianning vazifasini bajarib, gollari urishi, yorqin o‘yin ko‘rsatishi hamda jamoani sovrinlar sari yetaklashi kerak bo‘ladi.

Randal Kolo Muani

Amplua: hujumchi
Yoshi: 26
Qayerdan: «PSJ»
Qayerga: «Yuventus»
Kelishuv turi: ijara
Qiymati: 3,6 million yevro
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

«Yuventus» mo‘ljaliga urdi – «PSJ»da bosh murabbiy uslubiga mos kelmay, zaxirada o‘tirib qolgan (14 o‘yinda asosan oxirgi daqiqalarda tushirilgan va faqat bir gol urgan) Randal Kolo Muani 2024/2025 yillar mavsumi yakuniga qadar ijaraga olindi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, turinliklar klubi parijliklarga yarim mavsum uchun 3,6 mln yevro to‘lagan. U Turinga kelishi bilan ochilib ketdi va debyutdagi ikki o‘yinida uchta gol urdi.

Patrik Dorgu

Amplua: himoyachi
Yoshi: 20
Qayerdan: «Lechche»
Qayerga: «Manchester Yunayted»
Kelishuv: transfer
Qiymati: 30 million yevro
Shartnoma muddati: 2025 yil yozigacha

So‘nggi yillarda «Manchester Yunayted»da chap qanot muammo bo‘lib qolmoqda. Lyuk Shou muntazam ravishda jarohat olishi tufayli uning pozitsiyasini asli o‘ng qanot himoyachisi bo‘lgan Diyego Dalot yopib kelayotgandi. «Lechche»da yorqin mavsum o‘tkazgan Patrik Dorgu esa uni bu majburiyatdan xalos qiladi. «MYu» ushbu transfer uchun keragidan ortiq sarflamadi, yosh futbolchi APLda o‘ynab ketolsa, «Lechche» yana 5 mln yevrolik bonuslarga ega bo‘ladi. Patrik yangi jamoasi bilan besh yarim yillik shartnoma imzoladi. Shu tariqa mankunianliklar bosh murabbiyi Ruben Amorim o‘z jamoasini qurishni boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: