Mazkur loyiha O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, yurt boy madaniy merosi, xususan milliy musiqasi va kuylarini kunchiqar mamlakatda keng targ‘ib qilish maqsadida mamlakat elchixona tomonidan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Mamlakat elchixonasi tomonidan Mashu Komazakini Yaponiyadagi "O‘zbek madaniyati elchisi" etib tayinlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, yapon jamoatchiligini yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun Komazaki Mashuga "O‘zbek madaniyati elchisi" ko‘krak nishoni va sertifikati tantanali ravishda topshirdi.
Elchi "O‘zbek madaniyati elchisi" degan maqom birinchi bo‘lib Yaponiya fuqarosiga berilgani, albatta O‘zbekiston hukumati tomonidan Yaponiya bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning tasdig‘i ekanligini ta’kidladi. Ushbu yuksak maqom Komazaki Mashuga Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati va san’atini yanada targ‘ib qilishida keng imkoniyatlar ochilishi qayd etildi.
Mashu Komazaki bunday sharafli maqomni xorijiy fuqarolar orasida birinchi bo‘lib olganidan benihoya baxtli ekanligini bildirib, yuksak ishonch uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
Mashu Komazaki Tokio shahrida tug‘ilgan. 2010 yilda Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017 yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko‘ngillilari (JOCV) dasturi bo‘yicha Buxoro shahridagi o‘rta umumta’lim maktabida musiqa o‘qituvchisi sifatida ishlagan. O‘zbekistondagi faoliyati davomida o‘zbek milliy musiqa asboblari, xususan dutor chalishni o‘rgangan. U 2018 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro maqom san’ati anjumanida o‘zbek dutorida "Sunbula" kuyini ijro etib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. 2024 yilda o‘tkazilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali va "Boysun bahori" xalqaro folklor festivalida ham faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.