Anqarada qalbaki alkogoldan 33 kishi vafot etdi

Jahon 17:49 1856

Anqara gubernatori Vosip Shahin Turkiya poytaxti viloyatida qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida 33 kishi vafot etganini ma’lum qildi.

«Qalbaki alkogol iste’moli oqibatida 33 kishi vafot etdi, 20 kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda», — deydi Shahin.

Amaldorning ta’kidlashicha, bozorda qalbaki alkogol paydo bo‘lishiga oid vaziyat yuzasidan o‘tkazilgan tergov davomida «32 kishi ushlangan, ularning 13 nafari hibsda qolmoqda».

Shahin shuningdek, jamoatchilikni qalbaki spirtli ichimliklarni sotayotganlar to‘g‘risida xabar berishga chaqirgan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasining ma’lum qilishicha, elchixona bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi aniqlangan.

«2025 yil yanvar oyidan boshlab mutasaddi tashkilotlar tomonidan Turkiyaning barcha viloyatlarida tekshiruvlar o‘tkazilib, katta miqdorda soxta spirtli ichimliklar va texnik spirtlar musodara qilindi. Shu munosabat bilan bir nechta shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar o‘rtalarida Istanbuldagi tibbiyot muassasalariga qalbaki alkogol tarkibidagi metanoldan zaharlangan 90 ga yaqin odam murojaat qilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor bo‘lib, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, spirtli ichimlikdan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 23 kishini tashkil etmoqda. Ba’zi O‘zbekiston fuqarolari zaharlangan bo‘lsa-da, uy sharoitida davolanishga harakat qilib, shifoxonaga bormagan holatlar ham aniqlangan. Mazkur holatga aloqadorlikda ayblanib, ikki nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Ko‘proq yangiliklar: