Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga kuch ishlatildi

Jahon 20:21 6241

28 yanvar kuni Qozon shahridagi Markaziy bozorda Rossiya kuch tuzilmalari reyd o‘tkazib, O‘zbekiston fuqarolariga kuch ishlatdi. Kun.uz bilan bog‘langan vatandoshimizga ko‘ra, bunday vaziyatlarda migrantlar ruhiy bosim ostida qoladi: yoki pul berib qutulishadi yoki deportatsiya bo‘lishmoqda. «Shu mavzuni olib chiqinglar, zora kimningdir nazariga tushsa», – deydi yurtdoshimiz.

Joriy yil 28 yanvar kuni Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahridagi Markaziy bozor – «Kolxoznyy rynok» hududida Rossiya Federal migratsiya xizmati (FMS) xodimlari tomonidan reydlar uyushtirildi. Kun.uz bilan bog‘langan o‘zbekistonlik yurtdoshimizga ko‘ra, o‘sha kungi reyd davomida Rossiya kuchishlatar tuzilmalari O‘zbekiston fuqarolari bilan qo‘pol munosabatda bo‘lib, kuch ishlatib olib ketgan.

«U yerdagi muomalani ko‘rib yig‘lab yuboradi odam. Shunchalik qadrsiz qilinadimi? Ishchilar O‘zbekiston fuqarolari. Shu mavzuni olib chiqinglar, zora kimningdir nazariga tushsa», – deydi murojaatchi. Uning ma’lum qilishicha, bunday reydlar 6 fevral kuni ham sodir bo‘lgan.

«FMS xodimlari kuchishlatar tuzilmalar bilan reydlar tashkil qilinganda migrantlarning aksari ruhiy bosim ostida qoladi. Har qancha [pul] berib bo‘lsa ham qutulib qolsam deydi. Bunaqa reydlarda ishtirok etayotgan xodimlar bilishadi: migrantlar ko‘pincha o‘zlari registratsiya qilingan joyda yashamaydi. Bu qoidabuzarlikning o‘zi qonunan 2500 rubl jarima bilan hal bo‘ladi, lekin xodimlar 5000 rubldan oladi. Migrantning hujjati yo‘q bo‘lsa, yana ham ko‘proq olishadi. Bundan tashqari, hisobot uchun, albatta, qanchadir migrantlar vaqtinchalik izolyatorga olib boriladi va keyinroq deport qilinadi. Ba’zilarni muhlat berib qo‘yib yuborishadi», — deydi u.

Vatandoshimizning aytishicha, migrantlarga reydlar asosan o‘zbek va tojiklar yig‘ilgan joylarda bo‘ladi. Reyd vaqtida hech narsaga qaralmaydi, balki hujjati to‘liq, hattoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lsa ham olib ketaveradi. Hujjatlar tekshirilgach qo‘yib yuborilishi mumkin. Uning aytishicha, fuqarolarda Rossiya-O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishdan foyda yo‘q degan fikr bor.

«Konsulxonaga murojaat qilib nimanidir hal qilganlar kamchilikni tashkil etadi. Navbatlar juda katta bo‘ladi. Bir ishni qoyillatishmaydi, ammo o‘z vaqtida tushlikka chiqishadi. Oxirgi marta borganimizda, 2021 yil edi adashmasam, sherigim bir masalada urishib chiqib ketgandi. Konsullik xodimlarini o‘sha yerda ish kunini o‘tkazib olish qiziqtiradi», — deydi murojaatchi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning hududlariga qarab migrantlarga munosabatlar farq qiladi.

«Qozon shahrining aksari tatarlar va musulmon bo‘lgani uchun muomalasi ancha yaxshi. Organ xodimlari ko‘cha-ko‘yda ham xotirjam gaplashadi. Ammo Moskva va Sankt-Peterburgda migrantlar bu – o‘lja. Aylanib kelib, har tomondan ushlaydi. Xuddi dalaga qo‘yib yuborilgan bir galani ushlash mashg‘ulotiga o‘xshaydi.

Men bulardan huquqiy nimanidir talab qilsa yoki bizdan rahbarlar kelib gaplashsa ahvol yaxshi bo‘lib qoladi deb o‘ylamayman. Bular unaqa narsani tushunmaydi. Xalqda tobora millatparastlik targ‘iboti ko‘payyapti. Bu yerda bo‘layotgan voqealarni eshitib yig‘laydi odam. Biz ham xotirjam ishlab, yasharmikanmiz, deb odamlar umidsiz bo‘lib qolgan. Qaytinglar o‘zingizni qiynamasdan, deyishadi, borib ham nima qilamiz?» — deya fikrlari bilan o‘rtoqlashdi yurtdoshimiz.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlarning bunday ahvoli aslida yangilik emas. Bu borada qayta-qayta yozilsa ham, minbarlardan turib gapirilsa ham ahvol o‘zgarmayapti. Ayniqsa Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng qonunsizlikning avj olishi, urushga askar yetishmovchiligi Rossiya kuch tuzilmalari uchun eng himoyasiz qatlam – migrantlarni o‘lja qilib qo‘ydi. Masalan, Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikinning aytishicha, 10 mingdan ortiq migrantlar urushga yuborilgan.

Bundan tashqari, vatanga oltin eksporti tushumidan ham ko‘proq pul yuborayotgan migrantlarga Rossiyaning ichida boshqa bosimlar ham ortib bormoqda. Xususan, 2025 yil yanvar oyida Vladimir Putin imzolagan farmonga ko‘ra, mamlakatdagi 600 mingdan ortiq noqonuniy migrantlar shu yil 30 aprelgacha Rossiyani tark etishi yoki o‘z holatini qonuniylashtirishi shart.

Shuningdek, Rossiyada farzandiga rus tilini o‘rgatmagan migrantlar javobgarlikka tortish, patent narxlarini oshirish, ular ishlaydigan sohalarni keskin kamaytirish, rus tilini bilmaydigan migrant bolalarini maktabga qabul qilmaslik kabi o‘nlab cheklovlar kuchga kirib bo‘lgan. Bundan tashqari rus jamiyatda migrantlarga nisbatan nafrat – ksenofobiya oshib bormoqda, aeroportlardan yuzlab fuqarolarimizni sarson qilib, ortga qaytarib yuborishmoqda.

Mehnat migratsiyasi: joriy holat, muammolar va takliflar

Bular ham yetmaganidek, hali rossiyalik amaldorlarning migrantlarning pul o‘tkazmalaridan boj undirish, mehnat shartnomasi muddati tugagan migrantlarni majburiy chiqarib yuborish, Rossiyaga kirishda majburiy tibbiy ko‘rik kabi takliflari ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Kun.uz ushbu mavzu yuzasidan ko‘plab chiqishlar, ekspertlar bilan ko‘rsatuvlar tashkil qilib, mavzuni yoritib bormoqda. Lekin, bu kabi mavzulardagi chiqishlarning birortasida tashqi ishlar vazirligi ham, mehnat migratsiyasi agentligi ham mutaxassis ajratib, ochiq savollarga javob bermaydi.

Muhojirlarimiz har qancha kamsitilsa ham, TIVdan sado yo‘q” — xorijdagi vatandoshlarni kim himoya qiladi?

4-5 fevral kunlari tashqi ishlar vazirligi, bandlik vazirligi hamda boshqa idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Moskvaga borib rossiyalik hamkasblari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Umid qilamiz, zora Rossiyadagi vatandoshlarimizga nisbatan kuch ishlatish, urushga targ‘ib qilish to‘xtasa va qonuniy huquqlarini ta’minlash boshlansa.

Ko‘proq yangiliklar: