«U menga mulozamat qilmadi» - «Erka» amaldor va sarson fuqaro

Jamiyat 17:44 / 27.09.2019 50080

Avvalboshdan nuqtayi nazarimni bildirmoqchiman: o‘z haqini talab qilish, adolatsizlikka duch kelganda, qayergadir murojaat qilish — siz-u biz salbiy bo‘yoq berishga odatlangan «yozuvchilik» emas. Aksincha, faollik, o‘z haq-huquqini talab etish yo‘li bilangina nimagadir erishish mumkin.

Biroq, ko‘pincha tuman yoki mahallaning o‘zida hal qilsa bo‘ladigan murojaatlarga duch kelamizki, bu hududlarda o‘ta darajada byurokratiya saqlanib qolayotgani, lavozimiga nomunosib kadrlar ishlab kelayotganini ko‘rsatadi.

Payariq tumanidagi kichik bir voqeaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. «Yangiariq» mahallasida yashovchi fuqarolar shu mahallada joylashgan uchta xonadon o‘rtasida tortishuvga sabab bo‘lgan yo‘lakcha borasidagi sud ajrimi bilan tanishish uchun yordam berishimizni so‘rab, bir necha marta murojaat qilishdi. Atigi, bitta sud ajrimiga ko‘z yugurtirish uchun! Va shu sababli o‘zlarining nazdida «yozuvchi» degan nom olishdi...

Savollar ko‘p. Xo‘p, fuqarolarning murojaati sudda qondirilibdi. Biroq, sud davlat ahamiyatiga molik strategik yoxud maxfiy ishni ko‘rib chiqmagan bo‘lsa, ajrim fuqarolarning foydasiga chiqqan bo‘lsa, nima uchun ularga ajrim ko‘rsatilmagan? Bu shunchaki, e'tiborsizlikmi yo fuqarolarga nisbatan nopisandlik? Bu ish fuqarolar eshikma-eshik sarson bo‘ladigan darajada og‘ir masalami?

Bizningcha, agar tuman hokimligi huquqshunosi yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi vakillari shu bir parcha qog‘ozni fuqarolarga ko‘rsatsa, obro‘si tushib qolmagan, fuqarolar OAVga ketma-ket murojaat qilmagan bo‘lardi.

Xullas, ajrimni olish, fuqarolarga ko‘rsatish uchun oxir-oqibat Payariq tumaniga ikkinchi marta borib kelishga majbur bo‘ldik. Umuman, huzuriga kelganni pisand qilmaslik oqibatida qator idoralarga murojaat qiladigan, sarson bo‘ladigan fuqarolar soni oz emas.

Yoki boshqa bir holatni olaylik. Tabiiy gazdan noreal qarzdorlikdan aziyat chekkan fuqarolar keldi (hozir bu masala yechim topish arafasida bo‘lgani sababli qaysi tuman ekanini keltirmadik). O‘sha tumandagi tegishli idora vakiliga bog‘lanib, olgan dastlabki javobimizdan siz ham hayron qolasiz:

«Aslida masalaga yechim topsa bo‘ladi, ammo siz aytgan odam to‘g‘ri muomala qilmadi-da. U menga «nedovolniy» gapirdi».

Iddaoni qarang! Nima, qaysidir tashkilot xatosidan aziyat chekkan fuqaro «nedovolniy» bo‘lmasdan, sarson bo‘layotgani haqida egilib-bukilib, xursand holda (!) hikoya qilsinmi? Yoki biz shunchalik izzattalablik kasaliga chalindikmi? Boringki, siz burchingizni bajarishingiz kerak bo‘lganda, nega fuqarodan ortiqcha mulozamat kutasiz? Buning zamirida tama yotibdimi yoki mansabsevarlik? Harqalay, mansabdorlarning «erkaligi» fuqaroga tushmasligi kerak.

Davlat boshqaruv idoralari, OAV va boshqa tashkilotlarga tushadigan murojaatlarning katta qismi kommunal xizmatlar yuzasidan bo‘lsa kerak. Jumladan, noreal qarzdorlik. Ko‘plab holatlarda fuqaroning qarzdor emasligi isbotlangan, u bilan qayta hisob-kitob qilingan, ammo hali shu paytgacha xatoga yo‘l qo‘ygan idora xato qilganini tan olib, kechirim so‘raganini ko‘rmaganmiz. Bu xatoga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonuniy baho berish-ku, aftidan, hali beri yo‘lga qo‘yilmaydi. Javobgarlik, aybdorlik hissi bo‘lmagach, xatolar soni oshaveradi.

Fuqaroga munosabat xususida yana bir misol. Tuman tashkilotiga rahbar etib tayinlangan tanishimning aytishicha, qabuliga kelgan ayol asabiy holatda baqirishdan nariga o‘tmagan. Boyagi rahbar ayolni o‘tirib, nafas rostlashga taklif etgan. Bir piyola suv uzatgan. Shundan so‘ng «Nima bo‘ldi, opa, qanday yordam kerak?» deb so‘ragan. Har bir rahbar qilishi shart bo‘lgan bor-yo‘g‘i ana shu e'tibor fuqaroni juda ta'sirlantirgan. Ma'lum bo‘lishicha, ayol ushbu korxona xodimlaridan birining qo‘rs muomalasi uchun ustidan shikoyat qilish, ishdan bo‘shattirish maqsadida kelgan, ammo so‘nggi ikki daqiqada fikridan qaytgan. «Bir kun kelib xodimlaringiz ham o‘zini bosib oladi, gaplashib qo‘ysangiz bo‘ldi», deganicha chiqib ketgan.

Demoqchi bo‘lganim, odamni rozi qilish ham, butun davlatga nisbatan nafrat uyg‘otish ham ko‘pincha uning ishi tushib turgan vakolatli idora vakili muomalasiga, e'tiboriga bog‘liq. Modomiki, mahalliy idora rahbarlari uni eshitmas, murojaatiga bepisand qarar ekan, u boshqa idoralarga borib sarson bo‘laveradi.

So‘ngso‘z o‘rnida respublika davlat boshqaruv idoralari e'tiboriga bir taklif bermoqchimiz. Har chorakda murojaatlar statistikasidan kelib chiqib, eng ko‘p ariza tushayotgan tumanlar reytingini ishlab chiqib, e'lon qilib borishni yo‘lga qo‘yish lozim. Toki, qaysi tumanda mahalliy idoralarga xalqning ishonchi qolmaganini hamma bilsin...

Anvar MUSTAFOQULOV

P.S.: Murojaatlarga e'tiborsizlik haqda juda ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ammo masalaning yana bir tomonidan ham ko‘z yumolmaysiz. Ba'zi hollarda shikoyat egasi o‘zining nohaq ekanini bilgani holda o‘nlab idoralarga maktub yo‘llashdan charchamaydi. Bu murojaatni o‘rganib, nohaqligini tushuntirish uchun esa har safar qaysidir tashkilot xodimining kunlab vaqti sarflanadi. Oqibatda, murojaatchilarga ishonchsizlik shakllanadi. Bu mavzuda batafsil keyingi maqolada suhbatlashamiz.

Ko‘proq yangiliklar: