Maqoladan so‘ng: Chustda viloyat prokuraturasi nazorati bilan sud qarori ijro etildi

Jamiyat 21:56 / 27.09.2019 6717

Kun.uz saytida Chust tuman hokimi tomonidan bir yildan oshiq vaqt mobaynida ma'muriy sud qarori ijroga qaratilmay kelayotgani haqida navbatdagi xabar berilgan edi.

Murojaatchi Usubjon Xamdamov masala hanuz hal etilmay kelayotgani, Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Namangan viloyatida o‘tkazgan sayyor qabulidagi ko‘rsatmalari ham foyda bermagani haqida aytib o‘tgandi.

Maqola e'lon qilinishidan ko‘p vaqt o‘tmasdan, Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu masala yuzasidan ma'lumot berdi.

«Pop tuman ma'muriy sudining 21.06.2018 yildagi hal qiluv qaroriga asosan tuman hokimining 30.11.2009 yildagi 520-sonli qarori to‘liq hamda 02.12.2009 yildagi 657-sonli qarorining «Sharif-Xalil» fermer xo‘jaligiga qo‘shimcha yer maydoni ajratishga oid qismi haqiqiy emas deb topilgan. Ushbu qaror ijro etish uchun Chust tuman hokimligiga yuborilgan, biroq tuman hokimligi huquqshunosi A.Sottimov tomonidan qaror ijrosi ta'minlanmagan.

Mazkur holat yuzasidan Chust tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimi nomiga kiritilgan taqdimnomaga asosan A.Sottimovga «hayfsan» intizomiy jazosi e'lon qilingan.

Sudning mazkur qarori ijrosini ta'minlash maqsadida viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat hokimligiga 2019 yil avgust oyida xat yuborilgan.

Prokuraturaning xatiga asosan viloyat hokimligi tomonidan Chust tuman hokimi nomiga fuqaro U.Xamdamovning murojaati bo‘yicha sud qarorini ijrosini ta'minlash bo‘yicha topshiriq yuborilgan.

Chust tuman hokimining 26.09.2019 yildagi 5500-sonli qarori bilan Pop tuman ma'muriy sudining 21.06.2018 yildagi hal qiluv qarori ijrosi yuzasidan tuman hokimining 30.11.2009 yildagi 520-sonli qarorini to‘liq hamda 02.12.2009 yildagi 657-sonli qarorining ikkinchi bandidagi 5, 30 va 31-konturlarga oid qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan», deyiladi ma'lumotnomada.

Ushbu ma'lumotlarning haqqoniyligiga to‘liq ishonch hosil qilish uchun Usubjon Xamdamov bilan bog‘landik. Fermerning aytishicha, viloyat prokuraturasi vakillari uni chaqirib, qaror ijrosini nazoratga olishgan. Ijroni ta'minlash maqsadida prokuratura vakili tuman hokimligiga murojaatchi bilan birga kelgan. Fermer adolat qaror topganidan boshi ko‘kka yetganini, viloyat prokuraturasidan minnatdorligini bildirdi.

Sud qarori ijro etildi, Bosh prokuror o‘rinbosari ko‘rsatmalari bajarildi, fermerda haqiqat borligiga ishonch paydo bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlari doimo haqiqat uchun xizmat qilishiga umid qilib qolamiz.

Bahodir Ahmedov

Ko‘proq yangiliklar: