G‘ijduvon tuman markazidagi tartibsizliklar va chiqindilar nega mutasaddilar e'tiboridan chetda? - Fotolar

Jamiyat 16:25 / 27.09.2019 19168

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani markazi viloyatdagi eng gavjum hududlardan biri hisoblanadi. Tobora yirik savdo markaziga aylanayotgan bu tumanga qo‘shni tumanlar, hattoki viloyatlardan ham ko‘plab xaridorlar muntazam qatnaydi.

Shu kunlarda G‘ijduvon tuman markaziga borgan kishi katta tartibsizliklarga guvoh bo‘ladi. Bozor boshqa joyga ko‘chirilib, o‘rnida qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu esa avvaldan gavjum bo‘lgan hududda tartibsizliklarni yanada ko‘paytirgan.

Aytish joizki, avvaldan ham bozor bo‘ladigan kunlarda shunday hollarni kuzatish mumkin edi. Afsuski, bir necha yillardan buyon bu muammo hal etilmay kelinmoqda. Bu esa ko‘plab haqli e'tirozlarga sabab bo‘lyapti.

Xususan, tuman markazidagi ko‘chaning ma'lum qismida kiyim-kechaklar va oziq-ovqat, qishloq xo‘jalik mahsulotlari antisanitar holatda sotilmoqda. Ko‘chaning deyarli yarmigacha ham savdogarlar tomonidan egallab olingan. Bu esa shundoq ham tirband bo‘ladigan tor ko‘chada harakatni yanada qiyinlashtirgan.

Achinarlisi, ayni vaqtda tuman markazidagi har qadamda chiqindilarni uchratish mumkin. Ozodalikka umuman e'tibor qilinmay qo‘yilgan. Bu holatlar tuman mutasaddilari tomonidan e'tiborsiz qoldirilmoqda.

Albatta, mutasaddilar bu kabi tartibsizlikni tuman oziq-ovqat va dehqon bozori hududida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan izohlaydi. Ammo qurilish olib borilayotgan hudud o‘rab qo‘yilgan.

Ko‘chaning bir qismini egallab olib, savdo qilayotganlar nega tartibga solinmayapti? Nega mahsulotlarning antisanitar holatda sotilishiga yo‘l qo‘yilmoqda? Chiqindilar nega olinmayapti?

Bu ishlarni amalga oshirish uchun qurilishni bahona qilish shart emas, fikrimizcha.

Tuman mutasaddilari bunday holatlarga jiddiy e'tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: