Adliya vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Andijondagi sayyor qabulda 150 dan ortiq tadbirkorning murojaatini o‘rgandi

Jamiyat 07:28 / 19.09.2019 2948

Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etildi.

Prezident farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, joylarda tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari bilan uchrashuvlar tashkil etish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning qonuniy yechimini topish maqsadida Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan joriy yilning 18 sentabr kuni Andijon viloyatida tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Dastlab Ruslanbek Davletov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida bo‘lib, tumandagi tadbirkorlik sub'yektlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda respublika Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi kabi qator tashkilot vakillari ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida nafaqat Xo‘jaobod tumanidagi ishbilarmonlar, balki Andijon, Asaka, Baliqchi, Izboskan, Oltinko‘l va Paxtaobod tumanlari hamda Andijon shahrida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlardan jami 150dan oshiq murojaatlar qabul qilindi. Ularning aksariyati bank va muhandislik-kommunikatsiya sohasiga, yer ajratish, tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasidagi mulkiy nizolarga, hokimiyat harakatsizligiga to‘g‘ri keladi.

Sayyor uchrashuvlar natijasiz bo‘lmadi. Masalan «Hojiakbar nurli kelajagi» MChJ rahbari J.Rahmatovning 2 mlrd 600 mln so‘mlik loyiha asosida shag‘alni qayta ishlashni tashkil etish uchun yer maydoni ajratib berish haqidagi murojaati qonuniy hal etildi. Tadbirkorga tuman zaxirasidan 1 gektar yer maydoni ajratib beriladigan bo‘ldi.

Xonobod shahrida faoliyat olib borayotgan «Lens tekstil» MChJ bosh mutaxassisi S.Muxtorovning murojaati bo‘yicha unga 1 mln AQSh dollari miqdoridagi dastgohlar sotib olish kredit ajratib berilishi belgilandi.

Marhamat tumanida oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi M.Mamatovning murojaati bo‘yicha unga bo‘sh turgan bino-inshootlar nol balans qiymatida ajratib beriladigan bo‘ldi.

Adliya vaziri R.Davletov, shuningdek, Xo‘jaobod tumanidagi loyiha qiymati 2.7 mlrd so‘mni tashkil etuvchi zamonaviy Davlat xizmatlari markazining qurilish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Adliya vazirligi rahbariyati 19 sentabr kuni Namangan viloyatida tadbirkorlik sub'yektlari uchun sayyor tartibda qabul o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: