761 ot kuchi, quvvatlanishsiz 450 km: Porsche o‘zining ilk elektromobilini taqdim qildi

Fan-texnika 09:21 / 05.09.2019 29412

Germaniyaning Porsche kompaniyasi o‘zining ilk elektromobili – sport sedani Taycan’ni taqdim qildi. 

Bu Porsche’ning faqat elektr motorda ishlovchi ilk avtomobili hisoblanadi. Mashina uchta eng yirik avtomobil bozori – AQShda Niagara sharsharasi, Xitoyda shamol elektr stansiyasi va Germaniyada quyosh elektr stansiyasi yonida namoyish qilingan.

Ma'lum qilinishicha, kompaniya modelning dastlab ikki qimmatbaho versiyasi – Turbo S (185 ming dollar) va Turbo’ni (151 ming dollar) namoyish qilgan. Ushbu modelning keyinroq bozorga chiqadigan bazaviy varianti 100 ming dollardan kamroq turadi. Yangi Porsche boshqa elektromobillardan akkumulyatorlarning o‘ta tez quvvatlanishi kabi bir qator texnologik xususiyatlari bilan ajralib turadi.   

Taycan asosida elektr motorlarga ega modellarga mo‘ljallangan PPE (Premium Platform Electric) arxitekturasi yotadi. Turbo 680 ot kuchiga ega, Turbo S esa 761 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlanadi. Dvigatellar sig‘imi 93,4 kVt-soatni tashkil qiluvchi litiy-ionli batareyadan quvvatlanadi.

Bazaviy variant Turbo 100 km/soat tezlikka 3,2 soniyada erisha oladi, bir quvvatlanishda esa 450 km yo‘l bosa oladi. Taycan Turbo S 100 km/soat tezlikka 2,8 soniyada erishadi, bir quvvatlanishda esa 412 km yo‘l bosa oladi. Ikkala mashinaning maksimal tezligi 260 km/soatni tashkil qiladi.

Porsche Taycan 800 volt kuchlanishli elektr tizim bilan jihozlangan ilk seriyali avtomobil bo‘lib, elektrokarning batareyasini o‘zgaruvchan tok (11 kilovatt) va doimiy tok (270 kilovattgacha) terminalidan quvvatlash mumkin. Batareyani 5 daqiqa quvvatlash 100 km yo‘l bosib o‘tishga yetadi. Akkumulyator 22 daqiqada 80 foizga to‘ladi.

Mashina salonida 5 ta ekran o‘rnatilgan: virtual asboblar panelini ko‘rsatuvchi 16,8 dyuymli egik ekran, 10,9 dyuymli multimedia tizimi ekrani, markaziy konsolga o‘rnatilgan 8,4 dyuymli ekran. Shuningdek, old o‘rindiqdagi va orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun yana ikkita qo‘shimcha ekran o‘rnatish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: