2024 yilda O‘zbekistonga elektr va gibrid avtomobillar importi benzinli avtomobillarga qaraganda ko‘proq bo‘ldi

Jamiyat 19:49 1403

2024 yilda O‘zbekistonga 74 ming 525 dona yengil avtomobil import qilingan. Bu 2023 yilga nisbatan 5 ming 710 donaga yoki 7,1 foizga kam. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan

O‘tgan yilda yengil avtomobillarning qiymat jihatdan importi ko‘proq qisqargan. Masalan, 2024 yilda 1,27 mlrd dollarlik yengil avtomobillar olib kelingan bo‘lsa, 2023 yilda bu 1,90 mlrd dollarni (+33,2 foiz) tashkil etgan.

Umumiy hajmning 32 ming 928 tasi benzinli avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelib, ularning importi 36,3 foizga kamaygan (-18 ming 771 ta), qiymat jihatdan esa 1,18 mlrd dollardan 707 million dollargacha ( – 40,1 foiz) pasaygan. Yil davomida benzinli avtomobillarning importdagi ulushi ham 2023 yildagi 64,4 foizdan 44,2 foizgacha qisqargan. Bitta avtomobilning o‘rtacha narxi ham QQS va bojxona yig‘imlarini hisobga olmaganda, 22 ming 858 dollardan 21 ming 476 dollargacha (-6 foiz) kamaygan.

O‘z navbatida, «yashil» avtotransport vositalarining olib kirilishi 1,5 barobarga oshgan. Xususan, 2023 yilda elektromobillar importi 16 ming 84 donani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 24 ming 95 donaga ko‘paygan. Shunday bo‘lsa-da, qiymat jihatdan 48,2 foizlik  kamayish qayd etilgan. Soliq va qo‘shimcha to‘lovlarni hisobga olmaganda, bitta mashinaning narxi 26 ming 972 dollardan 9 ming 330 dollargacha arzonlashgan. Elektromobillarning umumiy importdagi ulushi ham 20 foizdan 32,3 foizgacha ko‘tarilgan.

Gibrid avtomobillarning importi esa miqdor jihatdan 12 ming 300 donadan 17 ming 480 donaga (+42 foiz), qiymat jihatdan 289,9 mln dollardan 339,2 mln dollarga (+17 foiz) oshgan. Import qilingan avtomobilning o‘rtacha narxi ham 23 ming 570 dollardan 19 ming  410 dollargacha yoki 17,6 foizga pasaygan. Gibrid mashinalarning umumiy importdagi ulushi 15,3 foizdan 23,4 foizgacha o‘sgan. 

Jahon bozorida elektromobillar narxlarining pasayib borayotgani va texnik xususiyatlarining yaxshilanishi ushbu turdagi transport vositalariga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiryapti. Bundan tashqari, O‘zbekistonga elektrda harakatlanadigan avtomobillarni olib kirishga aksiz va bojxona bojlari bekor qilingan. Ushbu omillar import hajmi oshishiga ta’sir qilayotgan asosiy jihatlar hisoblanadi.

O‘zbekiston 2024 yilning 11 oyida eng ko‘p yengil avtomobil import qilgan davlatlar:

  • Xitoy – 55 703 dona;
  • Koreya – 11 266 dona;
  • AQSh – 633 dona;
  • Hindiston – 577 dona;
  • Yaponiya – 152 dona;
  • Boshqa davlatlar – 353 dona.
Ko‘proq yangiliklar: