Muvaffaqiyat siri: Norvegiya elektromobillarga o‘tishni qanday uddaladi?

Jahon 11:00 / 11.01.2025 2756

Norvegiya hukumati kuchli davlat siyosati, rivojlangan infratuzilma va jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi bilan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha jiddiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan, deb yozmoqda DW nashri. Osloning maqsadiga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha mamlakatda sotiladigan yengil avtomobillarning birortasi atmosferaga chiqindi chiqarmasligi kerak. Taqqoslash uchun, Yevropa Ittifoqi xuddi shunday maqsad muddatini 2035 yilga belgilagan (Norvegiya ittifoqqa a’zo emas).

Norvegiyaning muvaffaqiyat siri — boyligi, kam sonli aholisi va davlat tomonidan kuchli rag‘batlantirish choralarida

Ushbu Skandinaviya davlatining farovonligi va maydoni, shubhasiz, unda elektromobillarni joriy etish muvaffaqiyatiga o‘z hissasini qo‘shgan. Norvegiyada 5,5 million kishi istiqomat qiladi va u Rossiyadan keyin Yevropadagi eng katta neft zaxiralari sharofati bilan boyigan davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq mazkur omillarning o‘zi bu sohadagi ulkan yutuqlarni to‘liq izohlash uchun yetarli emas.

Osloda joylashgan Xalqaro iqlim tadqiqotlari markazi (CICERO) katta ilmiy xodimi Robbi Endryuning fikricha, Norvegiya hukumati elektromobillikni rivojlantirishga o‘n yillardan beri intilib kelayotgani hal qiluvchi omil bo‘ldi.

“1990 yillardayoq Norvegiya elektromobillar ishlab chiqarish uchun kompaniya yaratishga harakat qilgan”, — deb eslatdi Endryu DW nashriga bergan intervyusida. U mahalliy avtomobil sanoatida kuchli lobbi yo‘qligi ushbu tashabbuslarga turtki bo‘lganini ta’kidladi.

Elektromobil ishlab chiqarishga dastlabki urinishlar cheklangan tijoriy muvaffaqiyatga erishgan, bor-yo‘g‘i bir necha ming mashina sotilgan bo‘lsa-da, ular keng jamoatchilikni elektromobillar ahamiyati haqida xabardor qilishga va uning muhimligini tan olishga hissa qo‘shdi. Bu esa Tesla va Volkswagen singari jahon ishlab chiqaruvchilarining elektromobillari keng tarqalishiga zamin yaratdi.

Soliq imtiyozlari va harakatlanish qulayligi elektromobillar ommalashishiga yordam berdi

Qulay davlat siyosati, shubhasiz, elektromobillarga o‘tish muammolarini yumshatishga ko‘maklashgan. Norvegiya elektromobillarni sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va import bojlarini undirmaydi. Odatda bunday soliqlar yangi avtomobil narxining kamida uchdan bir qismi, maksimal yarmini tashkil etishi mumkin. Elektromobil egalari pullik yo‘llar va avtoturargohlar uchun to‘lovlardan ham ozod etilgan. Ular hatto Oslo va uning atrofida avtobuslar uchun mo‘ljallangan yo‘laklardan foydalanish imkoniyatiga ega. Soliq imtiyozlaridan eng ko‘p manfaat ko‘rganlar daromadi yuqori norvegiyaliklar bo‘lib, ko‘pincha bunday oilalar ikkinchi avtomobil sifatida elektromobillar sotib olmoqda.

2025 yilda elektromobillarga to‘liq o‘tish maqsadiga deyarli erishgan hukumat yaqinda ayrim imtiyozlarni bekor qildi. Endi qiymati 500 000 krondan (42 500 yevro) ortiq bo‘lgan katta va hashamatli avtomobillar sotuvida QQS qisman undiriladi. Shunga qaramay, aholining kam ta’minlangan qatlamiga mansub elektromobil egalari ko‘plab imtiyozlardan hamon foydalanmoqda.

Oslodagi Transport tadqiqotlari markazi direktori Byorn Grimsrudning fikricha, hukumat tomonidan joriy etilgan rag‘batlantirishlar “juda qimmatga tushgan”, ammo mamlakat boyligi va 2050 yilga kelib iqlim bo‘yicha neytrallikka erishish maqsadi hisobga olinsa, ularni amalga oshirish mumkin.

“Ilgari hukumat har yili avtomobillardan olinadigan soliq va bojlar hisobiga 75 milliard kron yig‘ardi, ammo bu summa ikki baravarga qisqardi”, — deb tushuntirdi Grimsrud DW bilan suhbatda.

Norvegiyada uyda zaryadlash stansiyalari ustunlik qiladi

Norvegiyaning yana bir afzalligi — dunyodagi eng ekologik toza va ishonchli energetika tizimidir. Mamlakatda elektr energiyasini ishlab chiqarishning 90 foizdan ortig‘i gidroenergetikaga to‘g‘ri keladi va u, odatda, ortig‘i bilan ishlab chiqariladi, bu esa elektromobillarni uy sharoitida zaryadlashni osonlashtiradi.

 “Yevropaning boshqa mamlakatlarida elektr energiyasidan foydalanish qiyin bo‘lgan bir paytda, ko‘pchilik norvegiyaliklar o‘z elektromobillarini uyda (jamoat quvvatlash punktlarida emas) zaryadlashi mumkin”, — deydi Grimsrud.

2022 yilda Norvegiya elektromobillar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, elektromobil egalarining to‘rtdan uch qismi alohida hovlilarda istiqomat qiladi, bu esa uy zaryadlash qurilmalarini o‘rnatishni ancha osonlashtiradi. Londondagi LCP konsalting kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, Norvegiyadagi elektromobillarning 82 foizi uyda zaryadlanadi, biroq shahar hududlarida bu ko‘rsatkich nisbatan pastroq.

San-Diegodagi Barqaror energetika markazi yetakchi mutaxassisi Lens Noel Norvegiyada birinchi darajali (Level 1) zaryadlash qurilmalarining keng tarqalishi elektromobillik joriy etilishiga katta ta’sir ko‘rsatganini aytdi.

Level-1 — elektromobillarni o‘zgaruvchan tok bilan zaryadlashning eng oddiy usuli bo‘lib, odatda maxsus ajratilgan elektr zanjiridagi rozetkadan foydalanadi. Bu usul asosan uylarda, korxonalarda va maktablarda qo‘llanadi; 1,4 kilovattdan 1,9 kilovattgacha quvvat bilan ta’minlaydi, bu esa avtomobillarni tunbo‘yi zaryadlash uchun yetarli.

Noelning fikricha, boshqa mamlakatlar hadeb Level-2 va Level-3 kabi jamoaviy zaryadlash stansiyalariga e’tibor qaratmasdan, “jamiyatga elektromobillikni joriy etishning arzonroq va osonroq usullari haqida o‘ylashi” kerak.

AQSh Tramp davrida Norvegiya muvaffaqiyatini takrorlashi dargumon

Ko‘plab amerikaliklar Donald Tramp Oq uyga qaytgach, Jo Bayden ma’muriyatining elektromobillarni joriy etishni rag‘batlantirish siyosatidan voz kechishidan xavotirlanmoqda.

Saylangan respublikachi prezident elektromobillar sotib olish uchun 7500 dollargacha federal soliq imtiyozlarini berishni to‘xtatishga, shuningdek, xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun yangi import bojlarini joriy etishga va’da bergan, bu esa elektromobillar narxi oshishiga olib kelishi mumkin.

AQShning bir nechta shtati elektr avtomobillarini sotib olish uchun o‘z imtiyozlarini qisqartirishni rejalashtirmoqda.

So‘nggi oylarda AQShda elektromobillar savdosining o‘sish sur’atlari sekinlashgan. Bunga narxlar yuqoriligi va zaryadlash stansiyalari yetishmasligi sabab bo‘lmoqda. O‘tgan hafta Tesla kompaniyasi o‘n yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta savdo hajmi pasayganini ma’lum qildi.

Skandinaviya mamlakatlarida elektromobillarni joriy etish bo‘yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullangan Lens Noel Tramp prezidentligi davrida Amerika hukumati elektromobillik siyosatida katta ehtimol bilan “orqaga qadam” tashlashini prognoz qildi. U elektromobillikni rivojlantirish siyosatiga eng ko‘p mablag‘ sarflaydigan mamlakatlar eng ko‘p natija olayotganidan ajablanmaslik kerakligini ta’kidladi.

“Norvegiyada amalga oshirilgan ishlarni takrorlashga qat’iy intilayotgan davlatlar rahbarlari bu sohada kuchli va aniq siyosat olib borish uchun o‘zlarida siyosiy iroda topishayotgan bo‘lsa kerak”, — deb xulosa qildi Noel.

Ko‘proq yangiliklar: