IIV Malaka oshirish instituti tashkil etilganiga bir yil: sarhisob va rejalar

Jamiyat 11:59 / 23.08.2019 29837

 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida Malaka oshirish instituti hamda uning joylarda 14 ta filiali tashkil etilganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi.

 Ichki ishlar organlari ofitser xodimlarining muntazam malaka oshirishlari va qayta tayyorlovdan o‘tishlarini, ularning kasb mahorati bilimlarini muntazam yangilab borilishini ta'minlovchi alohida ixtisoslashgan ta'lim muassasasi va uning filiallarini tashkil etish borasida qabul qilingan mazkur qaror mazmun va mohiyati jihatidan ko‘plab mamlakatlar amaliyotida kuzatilmagan muhim qadam bo‘ldi.

 Shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan ijtimoiy davr talablari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatiga mos holda ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib borish, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari talablarini hamda ularni qo‘llash mexanizmlarini muntazam o‘rgatib borish maqsadida maxsus davlat ta'lim muassasasi tashkil etildi.

 Mazkur institut tizim xodimlariga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash sohalarida mamlakatimizda va xorijdagi huquqni muhofaza qilish organlarining ilg‘or ish tajribalarini o‘rgatish ishlarini ham tizimli asosda davom ettiradigan, ushbu yo‘nalishlarda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshiradigan ta'lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

 O‘tgan davr mobaynida Institut va uning filiallari ishini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori hamda

Ichki ishlar vazirligining 10 ga yaqin me'yoriy hujjatlari qabul qilindi.

 Ayni paytda, ta'lim muassasasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta'minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi ixtisoslashgan kafedralarda malakali va boy amaliy tajribaga ega 40 ga yaqin o‘qituvchilar, shu jumladan yuridik fanlar doktorlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

 Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining sa'y-harakatlari bilan ta'lim muassasasining o‘quv binolarini kapital ta'mirlash, zamonaviy talablar asosida jihozlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

 O‘z oldiga ta'lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion uslublarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni maqsad qilib olgan Institut jamoasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tuzilmalarining faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, 20 ga yaqin blok-modulli o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari bilan kelishilgan holda tizim xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.

Ushbu o‘quv dasturlari asosida jami 200 ga yaqin mavzular bo‘yicha o‘quv-metodik materiallar majmui tayyorlandi. Shuningdek, ichki ishlar organlari ofitserlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yiladigan Davlat talablari ishlab chiqildi.

Ayni paytda, ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilarining asosiy e'tibori o‘quv mashg‘ulotlarini innovatsion pedagogik uslublardan foydalangan holda o‘tkazishga qaratilmoqda.

 Institut va uning filiallarida masofaviy ta'lim tizimini keng joriy etish, unda o‘qitishning zamonaviy interaktiv metodlarni qo‘llash samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq maqsadli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida profilaktika inspektorlari va tergov xizmati xodimlarining malakasini masofadan turib oshirish tizimini joriy etish maqsadida o‘quv dasturlari asosida zamonaviy talablar asosida o‘quv-metodik komplekslar ishlab chiqildi.

 Ta'lim muassasasi va uning filiallarida ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlari bilan bir qatorda, istiqbolli va yosh amaldagi kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarni hamda mahallalardagi profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining malakasini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

 O‘tgan davr mobaynida Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan joylardagi filiallarda o‘tkazilgan 60 ta sayyor o‘quv yig‘ini doirasida 9 mingga yaqin xodimlar hamda 5700 dan ortiq profilaktika inspektorlarining yordamchilarining malakasi oshirildi. O‘quv yig‘inlari yakunida esa o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xodimlarga belgilangan sertifikatlarni taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, respublikadagi turdosh ta'lim muassasalarida Institut professor-o‘qituvchilarining kasbiy va pedagogik mahoratlarini doimiy ravishda oshirib borishlari ta'minlanib kelinmoqda.

 Aholining tinch va osoyishta hayotini ta'minlash, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o‘ziniki va o‘zgalarniki» deb ajratish tuyg‘usidan voz kechish, huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tatbiq etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikka erishish ko‘p jihatdan xalq bilan samarali muloqotni o‘rnatishga bog‘liq.

 Ushbu ustuvor vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Institut professor-o‘qituvchilari joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini va ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o‘tkazishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Jumladan, so‘nggi ikki oy davomida respublikamizning turli hududlarida joylardagi ichki ishlar organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar bilan hamkorlikda qariyb 200 ga yaqin mahallalarda «Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak», «Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashning muhim sharti», «Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz», «Osoyishtalik uchun barchamiz mas'ulmiz», «Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda jamoatchilikning roli», «Oilalar tinchligi – barqarorlik omili» kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

 Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas'ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan 60 dan ortiq kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg‘iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylarning holidan xabar olindi.

Ushbu ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir xodimning hissa qo‘shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlarida ham tushuntirib berilmoqda.

 Institut tomonidan ta'lim jarayoniga o‘qitishning zamonaviy pedagogik texnologiyalarini joriy etish, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning taraqqiyotiga mos holda hamda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda o‘quv-metodik materiallarni takomillashtirib borish, o‘qituvchilarning malakasini oshirib borish maqsadida respublikamizdagi va xorijdagi turdosh ta'lim muassasalari, yuridik ta'limga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

 Xususan, respublikadagi 40 ga yaqin ta'lim muassasalari va amaliyot idoralari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandumlar loyihalari ishlab chiqildi hamda o‘tgan davr mobaynida shulardan 15 dan ortig‘i bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

 Ayni paytda, Institut tomonidan yetakchi xorijiy turdosh ta'lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi ta'lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 Jumladan, xorijiy turdosh ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Ichki ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi bilan birgalikda BMT rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi, Yaponiyaning JICA, Janubiy Koreyaning KOICA, Turkiyaning TIKA kabi xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentliklarining vakolatxonalari hamda Rossiya, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya kabi davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari (konsulliklari) bilan muloqotlar olib borilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda Xitoy, Qozog‘iston kabi davlatlarning elchixonalari, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (JICA) vakolatxonasi mas'ul xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda ushbu davlatlardagi turdosh ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

 Joriy yilda Institutning 2 nafar xodimi Rossiya Federatsiyasi IIV Malaka oshirish institutida «Qo‘shimcha kasbiy ta'lim beruvchilarni o‘qitish dasturi» bo‘yicha, 1 nafar xodimi Italiyaning Xalqaro politsiya maktabida «Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash va oldini olishning usullari va amaliyoti» mavzusida tashkil etilgan o‘quv kurslarida malaka oshirishlari tashkillashtirildi.

 Ayni paytda, Institut faoliyatiga oid normativ-huquqiy va idoraviy-me'yoriy bazani takomillashtirish, o‘quv jarayoni hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, respublikamizdagi davlat va nodavlat tashkilotlar, o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xorijiy turdosh ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.

 Mazkur «Yo‘l xaritasi» ichki ishlar vaziri tomonidan joriy yil iyul oyida tasdiqlandi va bugungi kunda Vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda uning ijrosini ta'minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: