“Utilizatsiya qarori ortidan O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lolmaydi” – ekspertlar bilan suhbat

Iqtisodiyot 13:31 2250

Shu yilning 1 mayidan import qilinuvchi elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi keskin ravishda oshirilmoqda. Shu asnoda respublikada ekologik toza elektromobillarga oshib borayotgan talab sun’iy ravishda bo‘g‘ilyapti. Kun.uz bu mavzuda ekspertlarga quloq tutarkan, ekologiya bahonasida ekologiya jazolanmoqda, deydi ular. Bundan tashqari, qaror – monopoliya tomiriga suv quyadi, iste’molchilarning oxirgi najoti – elektromobillarni “menyu”dan olib tashlaydi.

Qarorda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 30 baravaridan 120 baravariga, 3 yildan oshgani esa BHMning 90 baravaridan 210 baravariga oshirilishi belgilangan. Ya’ni bir dona elektromobilning utilizatsiya haqi minimum 45 milliondan 78 milliongacha belgilandi. Qarorga muvofiq buni importyorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar to‘laydi, lekin amalda utilizatsiya o‘lponi oddiy xalq va iste’molchining gardanida qolaveradi.

Utilizatsiya nega kerak va u bormi?

2020 yildan boshlab ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish maqsadida utilizatsiya yig‘imi joriy qilingandi. Aytilganidek, asosiy maqsad – ekologiyani asrab-avaylash. Lekin 1 maydan keskin qimmatlayotgan yig‘im haqi ortidan eng katta jazo baribir ekologiyaga bo‘ladi.

O‘tgan 5 yil davomida qancha utilizatsiya haqi undirilgani, budjet mablag‘larining qancha qismi bu pullar bilan to‘lishi, ular nimaga ishlatilishi xususida biror ma’lumot yo‘q. Vaholanki, birgina 2024 yilning yanvar-sentabr oylari oralig‘ida 54 272 dona benzinda yuruvchi, gibrid va elektromobillar import qilingan. Shu mashinalardan kamida 1,8 trln so‘m utilizatsiya haqi undirilgan bo‘lishi kerak. Biroq bu pullarni kim yig‘di, qay maqsadda ular ishlatildi, nega ekologiyani asrab-avaylash uchun undirilgan pullar atrof-muhitimizni ifloslanishdan saqlab qola olmadi? Ayni shu savollarni ko‘targan ekspertlar O‘zbekistonda utilizatsiya aslida borligidan ham shubhada.

Yurist, advokat Kamoliddin Bahouddinov fikricha, iste’molchilar yo‘q utilizatsiyaga o‘lpon to‘lashga majbur.

“Bir-birini inkor etuvchi qarorlar amaliyotiga qachon chek qo‘yiladi? Elektromobillar infratuzilmasi hali yaratilmasdan turib, uning jozibadorligini sindirishga xizmat qiluvchi qarorlarni umuman tushunmayman. 2022 yilning o‘zida 5 ta jamoaviy murojaat bilan chiqqanman, lekin hech kim reaksiya qilmagan. Xo‘sh, dunyo davlatlari 55-250 AQSh dollari miqdorida utilizatsiya haqi to‘layotgan bir sharoitda nega biz 27 milliondan 144 milliongacha pul to‘lashimiz kerak, bu 2022 yil hisob-kitobi. Xo‘sh, bu mezonlar qayerdan olindi, nega men yo‘q utilizatsiya uchun buncha pul to‘lashim kerak? – Kamoliddin Bahouddinov, yurist, avtobloger

Xalqaro savdo bo‘yicha ekspert Valijon To‘raqulov fikricha, ekologiya solig‘i vazifasini o‘tovchi bu utilizatsiya yig‘imi ko‘p davlatlarda bor. Asosiy maqsad ekologik muammolarni bartaraf etish uchun mablag‘ shakllantirish, lekin O‘zbekiston sharoitida buni yomon maqsadlarga ham burib yuborish mumkin. Chunki hozirgi qaror aniq monopoliya himoyasi uchun ishlaydi.

“Hukumatning keltirayotgan vajlari ekologiya deyilsa-da, unga qarshi ishlaydi. Vazirlar Mahkamasining qarori to‘g‘ridan to‘g‘ri elektromobillar sotib olishga hujum. Ya’ni ekologiyaga xizmat qilishi kerak bo‘lgan bu qaror agar qayta ko‘rib chiqilmasa, butunlay teskari ishlaydi. Qo‘yilgan maqsad aniq – elektromobillar O‘zbekistonga kelmasin, bu asosan yangi mashinalarga qo‘llanadi” – Valijon To‘raqulov, xalqaro savdo bo‘yicha ekspert

Monopolistlarga nega imtiyoz?

Vazirlar Mahkamasi qarorida utilizatsiya yig‘imini mashinalarni import qiluvchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar to‘lashi belgilangan. Lekin O‘zbekistondagi eng katta avtomonopol UzAuto hozirgacha qancha utilizatsiya haqi to‘lagani ma’lum emas.

Yana bir potensial monopol kompaniya BYD Uzbekistan esa 2030 yilgacha utilizatsiya yig‘imini to‘lamaslik uchun imtiyoz olgan. Xo‘sh, agar qarordan asosiy maqsad ekologiyani asrash bo‘lsa, nega respublika asosiy avtomobil sotuvchilari buni to‘lamaydi?

UzAutoʼning utilizatsiya uchun to‘lovlari haqida ma’lumotlarini hech qayerdan topa olmadim. Aslida butunlay teskari ahvol, bizning fuqarolar xorijiy davlatlar aholisi uchun utilizatsiya haqi to‘lab bermoqda. Masalan, 2022 yilda UzAutoʼga 325 mlrd so‘m Gruziya va Belarusga sotilgan mashinalari uchun utilizatsiya yig‘imini to‘lab berish maqsadida davlat budjetidan berilgan. Ya’ni O‘zbekiston fuqarolari xorijliklar o‘rniga ham utilizatsiya haqini to‘lamoqda” – Valijon To‘raqulov, xalqaro savdo bo‘yicha ekspert

Bu qaror to‘g‘ridan to‘g‘ri UzAuto va BYD Uzbekistan kabi monopolistik avtokompaniyalar moliyaviy ahvolini qo‘llash, ularning monopoliya tomiriga suv quyish uchun chiqarilgan bir hujjatdir, deydi ekspertlar.

Vazirlar Mahkamasining bu qarori O‘zbekistonni JSTga a’zolikdan uzoqlashtiradi

O‘zbekiston qadamma-qadam JSTga a’zo bo‘lish harakatida. Lekin tashkilotga a’zo bo‘lish uchun qo‘yilgan fundamental shartlar – bozorning ochilishi, ishlab chiqaruvchilarga teng imkoniyatlarni berish, iste’molchilar oldida raqobatni shakllantirish. Vazirlar Mahkamasining 1 maydan utilizatsiya yig‘imini keskin oshiruvchi qarori tashkilot qadriyatlariga umuman mos kelmaydi. Vaholanki, bu monopoliyalar foydasiga ishlaydi.

Moliya va investitsiya masalalari bo‘yicha ekspert Tamilla Qurbonova fikricha, bu qaror ortidan O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lolmaydi.

“Albatta, tashkilot vakillari buni inobatga oladi. Qaror ortidan muzokaralar yanada cho‘zilib ketadi, a’zo davlatlar esa buni qabul qilmaydi, ya’ni qarordagi holatni. Tashkilotning asosiy qadriyati – barchaga teng imkoniyatlarni taqdim etish. Bizda esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar ustun ko‘rilmoqda. Yangi narxlar esa elektromobillarni qimmatlashtirib yuboradi, har birining ustiga kamida 2000-3000 AQSh dollaridan qo‘shiladi. Ya’ni bu holatida O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lolmaydi” – Tamilla Qurbonova, moliya va investitsiya bo‘yicha ekspert.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bozori ochilayotgan, investorlar faol chaqirilayotgan bir paytda monopoliya manfaatlariga xizmat qiluvchi bu qaror ularda savollarni ko‘paytiradi. Ya’ni O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan investorlar boshqa bozorlarni tanlashga majbur bo‘ladi. JSTning 1994 yilda qabul qilingan qadriyatlariga Vazirlar Mahkamasining utilizatsiya bo‘yicha qarori umuman to‘g‘ri kelmaydi. Buni yana muzokaralar bilan hal etishga to‘g‘ri keladi. Rossiya JSTga a’zo bo‘lgach oshirgan utilizatsiya narxlari ortidan sudga berilgan edi va Moskva buni tushirishga majbur bo‘lgandi, deydi To‘raqulov.

Bu kelajakda nafaqat ekologik salbiy oqibatlarga, balki iqtisodiy yo‘qotishlarga ham sabab bo‘ladi. Qarorni chiqarishdan avval jamoatchilik bilan muhokama qilib, xalqchil ekaniga ham ishonch hosil qilish kerak edi, deydi suhbatda yig‘ilganlar.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: