«O‘zneftgazinspeksiya» gaz o‘g‘irlash holatlarini aniqladi 

Jamiyat 14:45 / 22.08.2019 10006

«O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tekshiruvlarida tabiiy gaz iste'moli bilan bog‘liq qator qonunbuzarliklar aniqlandi. 

Energetika vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan 15 avgustgacha hammasi bo‘lib tegishli hujjatlarsiz tabiiy gazdan foydalanib kelgan 1 ming 763 nafar iste'molchi aniqlandi. Aybdorlarga tegishli chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga topshirilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra noqonuniy tarzda foydalanilgan gaz miqdori 39 mln. 780 ming kub. metrni tashkil etadi.

Avgust oyining birinchi 15 kunida tegishli hujjatlarsiz tabiiy gazdan foydalanib kelgan 187 ta ulgurji iste'molchi aniqlangan bo‘lib, noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 3 mln. 200 ming kub. metrni tashkil etgan.

Foto: Energetika vazirligi axborot xizmati

Navoiy viloyatining, Karmana tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgan pishgan g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonasi tomonidan 417 ming kub metr gaz o‘g‘irlangan, shu bilan birga Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Jarqo‘rg‘onneft» AJga qarashli «Qumqo‘rg‘on Estakadasi»da 213 ming metr kub gazni qonunga zid tarzda iste'mol qilingan, shu kabi holatlar ohak ishlab chiqaruvchilari tomonidan sodir etilib jumladan, «Qirobod mavjlari» MChJ (Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani) 75 ming kub metr gazni talon-toroj qilgan, «Orbita globus» MChJ (Toshkent shahri, Yashnobod tumani) tomonidan 219 ming kub metr gaz o‘g‘irlangan va “Domteks” MChJ tomonidan (Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani) 330 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani ma'lum bo‘ldi.

Foto: Energetika vazirligi axborot xizmati

Mamlakatning boshqa hududlarida yuqoridagi kabi qonunbuzarliklarni sodir etgan 101 ta iste'molchi fosh etilib, o‘g‘irlangan qimmatbaho tabiiy gaz miqdori 1 mln. 396 ming. kub. metrni tashkil etishi aniqlandi.

Energetika vazirligi barcha iste'molchilardan tabiiy gazdek qimmatbaho xomashyoni tejamkorlik bilan sarflashni va bu boradagi qonunchilikka qat'iy rioya etishni, undan oqilona foydalanishni so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: