Kun.uz muxbiri poytaxtda kichik so‘rovnoma o‘tkazdi va unda aholidan iste’molchilar huquqlarini qaysi tashkilotlar himoya qilishi haqida so‘radi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining aksariyati O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini qaysi tashkilotlar himoya qilishini bilmasligini aytgan bo‘lsa, faqat ayrim respondentlargina bunday vakolatga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ega ekanligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra bir qator tashkilotlar tegishli sohalar bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qiladi. Xususan, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi nafaqat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan, balki reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ham amalga oshiradi. Agentlik iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridini o‘tkazish, ularni ekspertizadan o‘tkazish kabi vazifalarni bajaradi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish vazirligi, Ekologiya vazirligi va Tenxik jihatdan tartibga solish agentliklari ham ishtirok etadi.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasida iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqli ekanligi, Da’volar, agar qonunlarda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan.