Xorazmda «snos» mojarolari davom etadi. Shuhrat Abdullayev qachon xalq bilan muloqot qiladi?

Jamiyat 13:00 / 13.08.2019 50557

Biroz avval Xorazm viloyati Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar shaharda bo‘layotgan «snos» masalasida muammolarga duch kelishgani haqida sayt tahririyatiga murojaat qilishgandi.

Murojaatchilardan biri Humoyun Masharipov bir necha yillar davomida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Uning do‘koni joylashgan ko‘chada aholi uchun jome masjidi qurilishi rejalashtirilgan. Masjid atrofida obodonlashtirish va qurilish ishlari boshlangan. Shu sababli hokimlik vakillari 2017 yilning iyul oyida tadbirkor do‘koni ham «snos»ga tushgani haqida ogohlantirish xatlari berishgan.

Humoyun Masharipov

Ikki o‘rtada kelishuv bitimi tuzilgan. Unga ko‘ra, do‘kon qiymati va uning o‘rni joylashgan yer hisobga olinib, tadbirkorga Amudaryo ko‘chasi hududidan 100 kvadrat metr maydon ajratilishi belgilab qo‘yilgan. Oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa ham tadbirkorga na kompensatsiya va na shartnomada belgilanganidek yer ajratilgan. Tadbirkorning murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan. Shahar hokimining qabuliga bir necha marta borishiga qaramay Shuhrat Abdullayev uni qabul qilmagan.

Ikkinchi murojaatchi esa Urganch shahar Yog‘du ko‘chasida yashovchi Baxtiyor Vapoyev. Uning aytishicha, u yashab turgan uy 2012 yilning 6 dekabrdagi prezident dasturiga tushgan va ularga uylari tez orada buzilishi haqida 2014 yilning boshida ogohlantirish xatlari berilgan. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, uy na buzilgan va na hokimiyat bilan kelishuv bitimi tuzilgan. Uning uyi atrofidagi uylar «snos»ga tushib aksari buzib tashlangan. Hokim qabuliga borgan chog‘ida Shuhrat Abdullayev tadbirkorga uy albatta buzilishini ma'lum qilgan. Shunday bo‘lsa-da, shahar hokimi Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qaroriga amal qilmay, kelishuv shartnomasiga imzo chekmay kelmoqda. Uy buzib tashlansa, Vapoyevning borar joyi yo‘q. U albatta, ochiq osmon ostida yashashni maqsad qilmagan.

Baxtiyor Vapoyev

Eng qizig‘i, otasiga qarashli mulk bo‘yicha ham hokimlik bilan kelishuv shartnomasi imzolangan. Shartnoma bo‘yicha yer ajratilgan, biroq deyarli bir oydan beri kompensatsiya pullari berilmagan.

Iyul oyida Xorazm viloyatiga safarimiz davomida Shuhrat Abdullayev bilan uchrashib, undan bu murojaatchilarning holati bo‘yicha izoh so‘ragandik, ammo hokim yetarli izoh bera olmagan, doimgidek ijobiy hal qilamiz deyishdan nariga o‘tmagandi.

Murojaatchilarning tahririyatga ma'lum qilishlaricha, shahar hokimi hamon ularning muammolarini hal qilib bermay kelmoqda va ularni qabul qilishni istamayapti.

Shuhrat Abdullayev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari Shuhrat G‘aniyev, Farhod Ermanov va Zafar Ro‘ziyevni qattiq tanqid qilgandi.

Nahot shahar hokimi prezident so‘zlaridan xulosa qilmagan bo‘lsa? Nega Shuhrat Abdullayev davlat rahbari boshlagan siyosiy islohotlar mazmunini anglab yetmayapti?

Urganchlik murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimi Shuhrat Abdullayev xalq bilan muomala qilishni bilmaydi. Qabuliga kelgan fuqarolarning aksarini qabul qilmaydi, ularning muammolari bilan qiziqmaydi. U buzish masalalari bilan bog‘liq qonunlarga amal qilmaydi. Yuqoridan tekshiruvlar kelgan chog‘da murojaatchilarni ularning qabulidan chaqirtirib oladi, tez orada ijobiy hal etishini aytadi va ular ketgach vaziyat yana o‘sha «eski tos, eski hammom»ligicha qolaveradi.

Tegishli tashkilotlar, vazirliklar va viloyat hokimligidan yuqoridagi holat bo‘yicha yetarli izohlar berilishini so‘rab qolamiz. Mulkini yo‘qotgan tadbirkorlar, oddiy fuqarolarga yer va kompensatsiya berilishida tashabbus ko‘rsatishlarini kutib qolamiz. Axir asosiy maqsadimiz odamlarni rozi qilish emasmi?

Zafarbek Solijonov jurnalist,
Mirvohid Mirrahimov tasvirchi.

Ko‘proq yangiliklar: