Tramp G‘azodan falastinliklarni ko‘chirmoqchi. Kim rozi, kimlar norozi?

Jahon 18:47 3526

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashingtonga borib, Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv vaqtida Tramp G‘azodan falastinliklarni to‘liq ko‘chirish va bu hududni huddi fransuz Riviyerasi kabi so‘lim joyga aylantirish haqida gapirdi. Bu gaplarni eshitayotgan Trampning yonidagi Netanyahu juda xursand edi.

Ma’lumki, G‘azoda 2,2 million falastinlik yashaydi. Oxirgi 15 oy mobaynidagi urush oqibatida, sektorda bironta sog‘ bino qolmadi. 45 mingdan ortiq begunoh g‘azoliklar o‘ldirildi. Ularni aksariyati – bolalar va ayollar.

Tramp va uning administratsiyasiga ko‘ra, g‘azoliklar Iordaniyaga va Misrga ko‘chirilishi kerak ekan. Lekin bu g‘oyani eshitgan Iordaniya va Misr bunga qat’iy qarshiligini bildirdi. Tramp administratsiyasi va Isroildagi ba’zi siyosatchilar yana uchta hudud haqida gapirishmoqda. Bular: Marokash, Somalilend va Puntlend.

Marokash podsholigi – an’anaviy ravishda AQSh bilan yaxshi munosabatda. Trampning birinchi to‘rt yillik prezidentligi vaqtida AQSh Marokashning Sahroyi kabir g‘arbidagi hududlariga da’vogarligini tan olgan edi. Buning evaziga Marokash Isroil bilan aloqalarni normallashtirishi kerak edi, va bu ishni qilgan edi ham. Endi, bu safar Tramp Marokash oldiga g‘azoliklarni qabul qilish talabini qo‘yishi mumkin.

Somali esa fuqarolik urushini boshidan o‘tkazgan zaif davlatlardan biri. Somalining sharqiy hududlarida Puntlend va shimoliy hududlarida Somalilend deb o‘zini nomlaydigan separatistik loyihalar mavjud. Tramp va Isroil mana shu ikki hududni tan olish evaziga, ulardan g‘azoliklarni qabul qilishni talab qilishi mumkin.

Xo‘sh, Trampning g‘azoliklarni deportatsiya qilish fikriga dunyoning munosabati qanday bo‘ldi?

Dunyo shokda. Bu loyihani Isroildan boshqa hech kim qo‘llab-quvvatlagani yo‘q. Yevropa Ittifoqi ham, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi AQShning yaqin ittifoqchilari ham qo‘llagani yo‘q, qo‘llamaydi ham. Chunki dunyo hamjamiyati “ikki davlat” loyihasini qo‘llaydi, Yaqin Sharqda haqiqiy tinchlik bo‘lishi uchun, Isroil bilan birgalikda, Falastin davlati ham tuzilishi belgilangan.

Turkiya Trampning bu fikrini qattiq qoraladi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan “bu fikr shunchalik absurdki, hatto muhokama ham qilishga arzimaydi” dedi. Saudiya Arabistoni “Falastin davlati tuzilmagunicha, Isroil bilan tinchlik sulhiga bormaymiz” dedi. Arab davlatlari ligasi G‘azoni falastinliklardan tozalash fikrini keskin qoraladi. Xitoy tashqi ishlar rasmiy so‘zchisi “Falastin davlati tuzilishi kerak, g‘azoliklarni deportatsiya qilishga qarshimiz” ohangida aniq pozitsiya bildirdi.

Isroil bosh vaziri Netanyahu esa “hozircha Iordaniya va Misr bu loyihaga qarshi bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tib ular rozi bo‘lishadi” dedi.

Aslida Iordaniyada ham, Misrda ham kuchli siyosiy norozilik, ijtimoiy-iqtisodiy zo‘riqishlar bor. 1948 yilda tashkil topgan Isroil shu paytga qadar bir necha marta Falastin hududlarida harbiy operatsiyalar o‘tkazdi, natijada ko‘plab falastinliklar boshqa davlatlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lishdi. Hozirgi Iordaniya aholisining kattagina qismi o‘zlarini asli falastinlik deb bilishadi. Misrda ham o‘zining ichki iqtisodiy muammolari yetarli. Agar hozir bu ikki davlat 2,2 million g‘azolikni qabul qilib olsa, arab-musulmon xalqlari tomonidan xoin sifatida qabul qilinadi, kuchli siyosiy va ijtimoiy noroziliklar boshlanadi.

Ma’lumki, oxirgi haftalarda Hamas-Isroil o‘rtasida kelishuvga erishilgan edi. Kelishuvning birinchi bosqichi kechmoqda. Bu bosqichda jami 33 isroillik asir ozod qilinishi kerak. Hozirga qadar 18 asir ozod qilingan. Endi, Trampning g‘azoliklarni deportatsiya qilish loyihasi Hamasning fikrini o‘zgartirishi mumkin. Chunki Hamas uchun asirlarni ozod qilishdan ko‘ra, yangi konflikt boshlash, va shu yo‘l orqali g‘azoliklarning deportatsiya qilinishiga imkon bermaslikni o‘ylash muhimroq bo‘lishi mumkin.

Aytish kerakki, Amerikaning barcha prezidentlari juda isroilparast bo‘lishgan. Lekin arab-musulmon dunyosidagi manfaatlarini o‘ylab, o‘zlarini muvozanatli ko‘rsatishgan. AQSh tarixida birinchi marta prezident ochiqdan ochiq etnik tozalash, kuch bilan deportatsiya qilish, genotsidni qo‘llash kabi eng agressiv qadamlarni tashlamoqda.

Ayni paytda dunyoda ko‘p qutblilik shallanmoqda. Global janub o‘sib bormoqda. Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlar ham bugun mustaqil siyosat olib borish yo‘lida. Dunyoda AQShning global qudrati baribir torayib boradi, boshqalarning o‘sayotgani hisobiga. Isroil esa shu paytga qadar o‘zining davlatchiligi uchun qo‘shnilar bilan kelishuv va murosa yo‘lini emas, jabr-zulmlar, etnik tozalashlar, genotsidlar yo‘lini tanladi. Chunki Isroil to‘liq AQShga ishondi. Vaqti kelib, AQShning global qudrati so‘nganda, Isroil o‘zining tarixiy jinoyatlari uchun, albatta, pushaymon bo‘ladi. Bu kunlar esa, u qadar uzoq bo‘lmasa kerak.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: