“Tibbiy tashxislarda ehtimollik foizini kamaytirish mumkin” – sun’iy idrok yordamida tibbiy islohotlar – dasturchi Dildora G‘aniyeva hikoyasida

Fan-texnika 18:21 567

Raqamli texnologiyalar sohasida 4 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Dildora G‘aniyeva dasturlashni san’atning bir turi sifatida ta’riflaydi. Va har bir yozilgan kod dasturchining bir bo‘lagi, loyihalari esa farzandidek tuyulishini aytadi. Shuningdek, tibbiyotda sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanib, sohada keskin burilishlar qilish mumkinligi haqida so‘zlaydi.

Dildora toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan. Shu yerdagi INHA universitetida bakalavr darajasini tugatib, xalqaro kompaniyada ishlay boshlaydi. 2025 yil yozgi semestr uchun dunyoning top 100 talik ro‘yxatiga kiruvchi Janubiy Kaliforniya universitetiga magistratura o‘qish uchun qabul qilingan. Shuningdek, tibbiyotda tahlil natijalariga ko‘ra tashxis qo‘yish jarayonini osonlashtirishga qaratilgan startap ustida ishlayapti.

“Dasturlash – san’atning bir turi”

Dasturlashni o‘rganish va ish jarayonidagi shaxsiy tajribasidan kelib chiqib, Dildora dasturlash shunchaki kod yozishdan iborat emasligini va har bir yozilgan kod dasturchining bir bo‘lagi ekanligini aytadi. Kodlar asosida vujudga kelgan loyihalarga esa dasturchi o‘z bolasidek munosabatda bo‘lishini va loyiha yakunlanganiga qancha vaqt o‘tishidan qat’iy nazar, har bir dasturchi o‘z loyihasiga qayta-qayta murojaat qilib turishini ta’kidlaydi. Sababini esa buni dasturchining tabiatiga xos ekanligi bilan izohlaydi.

“Bolaligimdan vizual xotiram va mantiqiy fikrlashim juda yaxshi bo‘lgani va matematik qizishim tufayli dasturchi bo‘la olishimga ko‘zim yetgan. Va qiziqishim bolaligimdan boshlangan desam ham bo‘ladi. Masalan, istalgan begona insonning chehrasini bir marta ko‘rsam, uni butun umrga eslab qolishim mumkin. Oradan qancha vaqt o‘tmasin, o‘sha chehra kimga tegishli ekanligi, qachon va qayerda ko‘rganligim borasidagi tafsilotlarni hech qachon unutmayman”, – deydi Dildora

Dastlabki loyiha

“Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda TATUda mobil ilovalarni dasturlash bo‘yicha qisqa trening dasturida qatnashgandim. Trening oxirida esa dasturlashdagi ilk loyihamni qilishga muvaffaq bo‘lganman. Va bu loyiha unchalik katta loyiha bo‘lmasa-da, menga dasturlashni o‘rganishimda keyingi qadam uchun ishonch bera olgan va dasturchi bo‘lish haqidagi qarorimni mustahkamlagan”.

Shu tariqa Dildora o‘zining ilk loyihasi sifatida aqlli musiqa ilovasini ishga tushiradi. Loyiha mobil ilova ko‘rinishida bo‘lib, smartfon qurilmasiga o‘rnatiladi. Unining xususiyati esa dasturga istalgan qo‘shiq matnidan biron so‘z yoki jumla kiritilsa, foydalanuvchiga kiritgan so‘zi yoki jumlasi ishtirokidagi qo‘shiqlarning tafsiyalar ro‘yxati avtomatik tarzda chiqarib berilgan.

“Tibbiy tashxislarda ehtimollik foizini kamaytirish mumkin”

Dildora o‘z hikoyasida tibbiyotda sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanib, ko‘plab jarayonlarni osonlashtirish mumkinligiga alohida urg‘u beradi.

“Dasturlash juda keng qamrovli soha. Uni istalgan soha bilan integratsiyalash mumkin. Ya’ni dasturchi dasturlash bilimlarini o‘zi qiziqqan boshqa sohada ishlab ko‘rish imkoniyatiga ega. Masalan, men bir yil davomida meditsina sohasida dasturchi sifatida ishlab ko‘rdim. Natijada o‘z bilimlarimni va dunyoqarashimni kengaytirdim”.

 Misol tariqasida tibbiyotda tahlil natijalariga ko‘ra tashxislarni aniqroq qo‘yish mumkinligini keltiradi. Bu g‘oya unga qanday kelganligini quyidagicha izohlaydi:

“Pandemiya davri edi. O‘zimni yaxshi his qilmaganim uchun shifokorga bordim. Va u menga MSKT (Multispiral kompyuter tomografiya) rentgeniga tushib, tahlil qog‘ozi bilan kelishimni aytdi. Men rentgenga tushib, shifokorga tahlil natijalarini berdim. Va shifokor menda 5-10 foiz yallig‘lanish ehtimoli borligini aytdi. Shifokor xulosasida sonlar orasidagi farqning kattaligi meni ajablantirdi. Shundan so‘ng, tibbiy tashxis qo‘yish jarayonlarida sun’iy idrok ishtirokida aniqroq tashxis qo‘yish loyihasi haqida o‘ylay boshladim”.

“Bizning loyihamiz bugungi kunda hammaning eng yaxshi yordamchisiga aylangan chatgpt’ga o‘xshab, shifokorlar, tibbiy xodimlarga yordamchi bo‘ladi. Masalan, tibbiy tasvirlar tushirish rentgen kompyuteriga ilova o‘rnatiladi, rentgen tugashi bilan sun’iy aql o‘zida bor ma’lumotlariga tayanib, aniq diagnozni qo‘yib beradi. Shifokorlarga esa tashxisni ko‘rib, unga mos muolaja yozib berish va uni nazorat qilish qoladi. Bu yerda juda ham ko‘p va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lgan sun’iy intelekt inson faktori aralashuvini kamaytiradi va aniqroq xulosa bera olishiga ishonaman. Qandaydir istisno holatlar bo‘lib qolgandagina, shifokorlar aralashuvi kerak bo‘ladi xolos”.

Bu hali hammasi emas, tibbiyotda sun’iy idrok integratsiyasi orqali quyidagi jabhalarni ham soddalashtirsa bo‘lishini aytadi:

● Yangi dori vositalarini ishlab chiqish;

● Tibbiy yordamchi ilova sifatida;

● Individual davolash;

“Davosiz hisoblangan kasallik – endrometrioz ustida izlanish olib bormoqchiman

2025 yilning yozidan Janubiy Kaliforniya universitetida magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan qahramonimiz kelajak rejalari bilan bo‘lishdi:

“10 foiz ayollarda uchraydigan endrometrioz degan kasallik bor. Bu haligacha davosi topilmagan kasalliklar sirasiga kiradi. Bu kasalga chalingan bemorlarni kasallikning o‘zi uchun emas, uning asorat va natijalarini davolab kelishadi. Va bu kasallik doimiy, uzluksiz muolaja olib turishni talab qiladi. Men kelajakda magistratura bosqichini tamomlab, aynan shu kasallikning davosini topish bo‘yicha izlanish olib bormoqchiman. Kelajakda bu loyiham dasturlash, ma’lumotlar bilan ishlash va sun’iy idrokni qamrab olib, uchalasini bir joyda jamlaydi”.

Ma’lumot uchun, Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Endometrioz bu - bachadon shilliq qavatiga o‘xshash to‘qimalar bachadondan tashqarida o‘sadigan kasallik. Bu kuchli og‘riqlarga olib kelishi mumkin. Endometriozning sababi noma’lum. Endometriozning oldini olishning ma’lum usuli yo‘q. Davosi ham topilmagan. Ammo uning alomatlarini dori-darmonlar yoki ba’zi hollarda jarrohlik yo‘li bilan yengillashtirish mumkin.

Gavhar Ziyodullayeva, jurnalist
Operator: Ziyaddin Mamatjonov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov

Ko‘proq yangiliklar: