Samarqanddagi AYoQShda yong‘in kelib chiqishiga «Neksiya» avtomobilining nosozligi sabab bo‘lganligi taxmin qilinmoqda

Jamiyat 23:06 / 12.08.2019 27976

Samarqand shahri, Rudakiy ko‘chasi 5-uy manzilida joylashgan «Dinara» avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi.

Voqea guvohlarining ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan fikrlariga ko‘ra, AYoQShda yong‘in chog‘ida kichik portlash ham ro‘y bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining xabar berishicha, Samarqand shahridagi «Avtogaz-Invest» oilaviy korxonasiga qarashli, Rudakiy ko‘chasida joylashgan ko‘p yonilg‘ili avtomobillarga suyultirilgan gaz va benzin yonilg‘isi quyish shoxobchasida yong‘in bo‘layotganligi haqida soat 17:27da yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Foto: FVV YoXBB

Voqea joyiga 5 ta yong‘in o‘chirish avtoekipaji va 2 ta yordamchi texnika jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar voqea joyiga soat 17:30 da yetib borgan va yong‘in soat 17:40 da qurshab olinib, soat 17:50 da to‘liq bartaraf etilgan.

Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.

Yong‘in oqibatida shoxobchaning ikkita suyultirilgan gaz va bitta benzin quyish kolonkalari, 200 kv.m maydonda shifti, tomi hamda operator xonasining ichki jihozlari yonib, zararlangan.

Shoxobchaga yonilg‘i quyish uchun kelgan «Neksiya-1» rusumli avtomobilga benzin quyish vaqtida elektr statik hodisasi ro‘y berishi yong‘inning taxminiy sababi sifatida ko‘rilmoqda.

Ayni paytda yong‘in sababli yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, — deyiladi O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBBning OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabarida.

Ushbu AYoQSh benzin o‘ta taqchil bo‘lgan kunlarda benzin topish mumkinligi bilan samarqandliklar o‘rtasida dovruq qozongan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: