Samarqandda haydovchini jarohatlab, avtomashinani olib qochgan yo‘lovchilar qo‘lga olindi

Jamiyat 13:45 / 12.08.2019 10265

2019 yil 11 avgust kuni soat 01:00larda ikki nafar noma'lum shaxs Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida yashovchi 25 yoshli J.B. boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, ular Past Darg‘om tumani Juma shahri To‘rttom mahallasi hududiga yetib kelganlarida, haydovchiga tan jarohati yetkazib, uni avtomashinadan zo‘rlik ishlatib tushirib, avtomashinani haydab qochib ketganlar.

Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida avtomashina Elbek mahallasi hududidan old chap tomon g‘ildiragi yorilgan holda topilgan. 

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni To‘rttom mahallasida yashovchi, muqaddam sudlangan 20 yoshli M.O. va Nurobod tumani Baraka ko‘chasida yashovchi 24 yoshli X.N. sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar. 

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: