Vazir: «Toshkent shahrida jo‘mrakdan kelayotgan suvni qo‘rqmasdan ichish mumkin»

O‘zbekiston 09:40 / 17.07.2019 17847

16 iyul kuni “Hududlarda uy-joy kommunal soha infratuzilmasini rivojlantirish muammolari” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Respublika aholisiga yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash hamda kanalizatsiya tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilishga oid ma'lumotlar taqdim qilindi.

Anjuman davomida taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, respublika aholisini ichimlik suv ta'minotini yaxshilash hamda kanalizatsiya tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish bo‘yicha Osiyo Taraqqiyot Banki, Jahon Banki, Arab muvofiqlashtirish guruhiga kiruvchi Islom Taraqqiyot Banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPeK jamg‘armalari investitsiyalari jalb qilinib, qator ishlar olib borilmoqda.

Respublika prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi “2019 yil investitsiya va infratuzilma loyihalarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari ishtirokida ichimlik va oqova suv tizimi ta'minotini yaxshilashga qaratilgan 7 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalar doirasida chet el investitsiyalarini o‘zlashtiriladigan mablag‘ qiymati 95,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Yarim yillikda 53,42 mln. AQSh dollari mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Mazkur investitsiya loyihalari doirasida respublikaning hududlarida ichimlik suv ta'minotini yaxshilash hamda kanalizatsiya tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish bo‘yicha 45,1 km magistral suv tarmog‘i, 199,4 km ichimlik suv tarmog‘i, 48,01 km kanalizatsiya tarmog‘i, 7 ta suv tarqatish inshooti, 5 ta kanalizatsiya nasos stansiyasi va 13 ta dona suv minorasi qurilishi ishlari bajarildi.

Joriy yilda “Sirdaryo viloyati, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlari va aholi punktlarida ichimlik suv ta'minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha Jahon bankining 88,0 mln dollar kredit mablag‘lari jalb qilingan holda obektlarni foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Jahon banki imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (Ts-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 apreldagi 306-sonli qarori qabul qilindi.

Osiyo Taraqqiyot banki imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan “Qoraqalpog‘iston Respublikasining 6 ta tumani suv ta'minoti tizimini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasi, Saudiya taraqqiyot fondi va OPeK imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan “Kitob-Shahrisabz yer osti suv quvuri yaqinidagi qishloq aholi punktlari, Koson va Muborak tuman markazlari suv tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi bajarilishi rejalashtirilgan.

Kun.uz muxbirining vazirlik tomonidan ichimlik suvining sifati va xavfsizligini yaxshilash, Toshkent shahrida jo‘mrakdan kelayotgan suvni ichish mumkin yoki mumkin emasligi haqidagi savoliga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev shunday javob berdi:

- Toshkent shahrida jo‘mrakdan kelayotgan suvni qo‘rqmasdan ichish mumkin. Suvni tekshirish, tozalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, suvni tozalash bosqichlarini ko‘rish uchun suv inshootlarimizga taklif etishimiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: