Abdusalom Azizov: «Totalizator, kelishilgan o‘yinlar kabi tushunchalarni yo‘qotish - bizning birinchi darajali vazifamiz bo‘lishi kerak»

Sport 16:11 / 15.07.2019 24003

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yangi prezidenti Abdusalom Azizov ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan O‘FA konferensiyasida so‘zga chiqdi. Uning so‘zlarini Tribuna.uz muxbiri keltirib o‘tadi.

«Assalomu alaykum, hurmatli konferensiya ishtirokchilari, aziz mehmonlar.

Avvalo, katta ishonch bildirib, O‘FA prezidenti lavozimiga saylaganingiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman.

O‘zbekistonda futbol – birinchi raqamli sport turi. Butun o‘zbek xalqi bu sport turiga ishqibozlik qiladi, desam adashmagan bo‘laman. Shu sababdan ham muhtaram prezidentimiz juda katta vazifalarni qo‘yganlarki, futbol xalqimizning, yoshlarimizning kayfiyatiga ta'sir qildi. Futbolda rivojlanish bo‘lishi kerak. Bu – odamlar yoqtirgan o‘yin, bu o‘yinda halollik va adolat bo‘lishi kerak, deb juda katta topshiriq qo‘yganlar. Umid qilamanki, birgalikda bu topshiriqni bajaramiz.

Albatta, bu nafaqat prezidentimizning topshirig‘i, balki ko‘p millionlik futbol ishqibozlarining ham talabidir. Adolat, halollik bo‘lmagan joyda rivojlanish bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda futbol bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilindi. Bir qator muhtasham sport inshootlari, stadionlar barpo etildi, jamoalarga sharoitlar yaratildi. Lekin bularning barchasidan bugun ayrim xatolar tufayli unumli foydalanilmagani ko‘rinib turibdi.

Ana shu xatolarni bartaraf etish, o‘yinga halollikni olib kirish, totalizator, kelishilgan o‘yinlar kabi tushunchalarni yo‘qotish – bizning birinchi darajali vazifamiz bo‘lishi kerak, men prezident sifatida shunday deb hisoblayman.

Eng muhimi, bundan buyog‘iga Ijroqo‘m faqat sport prinsiplariga asosan ish olib borishi kerak. Har doim sport prinsiplari bo‘yicha ish olib borilsa, rivojlanish va albatta, uning ketidan g‘alabalar ham keladi.

Hududiy futbol, bolalar va ayollar futbolini rivojlantirish assotsiatsiyaning birinchi darajali vazifalaridan bo‘lishi kerak. Yosh iste'dodlarga sharoit yaratish, ularning yo‘qolib ketmasligi uchun kurashishimiz, ularni kelgusida milliy terma jamoamizdan joy oladigan darajada tarbiyalash uchun sharoitlar yaratish assotsiatsiyaning birinchi darajali vazifasi deb bilaman.

Shuningdek, hududlarda sarflanayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini ta'minlash, birinchi navbatda yosh iqtidorli futbolchilarga sharoit yaratish, uning negizida olimpiya va yoshlar jamoalarini rivojlantirish orqali milliy jamoani kuchaytirishga, unga kadrlar zaxirasini yaratish ham asosiy vazifalardan bo‘lishi kerak.

O‘ylaymanki, hali ko‘p uchrashamiz va birgalikda ishlab, natija uchun harakat qilishimiz kerak. Futbol – halollik joyi bo‘lishi kerak. Unutmasligimiz kerak, millionlab fuqarolarimiz, aholimiz kayfiyati shu yerda o‘tirganlar, ularning ortidagi jamoalar, jamoalardagi o‘yinchilarning xatti-harakatiga bog‘liq.

Birgalikda ishlab, muhtaram prezidentimiz, futbol ishqibozlari tomonidan qo‘yilgan barcha talablarni bajarishga qo‘ldan kelgan barcha harakatlarni qilamiz», – dedi Azizov.

YouTube

Tas-IX

Ko‘proq yangiliklar: