O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustaviga muvofiq, 2025 yil 22 fevral kuni O‘FA prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi. DXX raisi general-polkovnik Bahodir Qurbonov nomzodi assotsiatsiya prezidentligiga ilgari surilmoqda.
Qayd etilishicha, 20 yanvar kuni O‘FA tomonidan o‘z a’zolariga ushbu lavozimga nomzodlar bo‘yicha takliflarini yuborishlarini so‘rab murojaat qilingan. O‘FA rasmiy elektron pochtasiga kelib tushgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘FA Saylov qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustavi va Saylov kodeksiga muvofiq tekshirilib, O‘FA ustavining 30-moddasiga asosan, kongressdan 30 kun oldin O‘FA kotibiyatiga taqdim etilgan.
O‘FA ustavining 33-moddasiga ko‘ra, O‘FA a’zolari navbatdan tashqari saylov Kongressining o‘tkazilish joyi va kun tartibi to‘g‘risida kongress o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin xabardor qilinishi lozim. Shu munosabat bilan, kongressning o‘tkazilish joyi va kun tartibi 2025 yil 12 fevral kuni barcha a’zolarga yetkazilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘FA Saylov kodeksining 11-moddasida nomzodlarning rasmiy ro‘yxati to‘g‘risidagi ma’lumotlar matbuotda ham e’lon qilinishi zarurligi keltirilgan bo‘lib, O‘FA a’zolari tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga Bahodir Qurbonov nomzodi ilgari surilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi navbatdan tashqari saylov kongressi 22 fevral kuni bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirlarida DXX sobiq raisi Abdusalom Azizov O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimidan ketgandi. Uning vazifalarini O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bajarib kelayotgan edi.