IIV tizimidagi akademik litseylar o‘quvchilariga harbiy guvohnomalar berilishi mumkin

Jamiyat 15:12 / 10.07.2019 9358

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Farrux Dadaxo‘jayev jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan brifingda IIV tizimidagi akademik litseylar o‘quvchilariga harbiy guvohnoma berilishi mumkinligini ma'lum qildi.

U «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida» gi qonunning Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashga oid qismi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida ijro etilishi o‘rganib chiqilganini ta'kidladi. Va qator muammo va kamchiliklar aniqlanganini bildirdi.

«Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarini har yili 2600 dan ortiq yoshlar bitiradi. Ular asosan Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirishadi. O‘qishga kira olmaganlari esa ichki ishlar organlariga safdorlik lavozimlariga ishga qabul qilinishi belgilangan. 

Muammo shundaki, ichki ishlar tizimidagi 14 ta kollejida 8 mingga yaqin yosh tahsil oladi. Bulardan har yili 2600-2700 o‘quvchi bitiradi. Akademiyaga uzog‘i 300-400 yosh o‘qishga kiradi. Qolgan 2200-2300 yosh ishsiz qoladi. Endi Ichki ishlar vazirligiga ishga kiraman desa, ichki ishlarga ishga olish nizomida yozib qo‘yilganki, faqat harbiy xizmatni o‘taganlargina ishga olinishi mumkin. Demak, mana shu 2200-2300 yoshni ishsiz qolish xavfi bor», —  deb ta'kidladi senator F.Dadaxo‘jayev.

Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan qo‘mita so‘rovi haqida ma'lumot berildi. Unda akademik litsey o‘quvchilariga safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati rasmiylashtirib berilishi kerakligi haqida band ham bor.

«Vazirlar Mahkamasiga so‘rov berdikki, mana shu uch yil o‘qish davomida o‘quvchilarga bir oylik safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatini rasmiylashtirib berilsin. Chunki bular o‘qishga kirolmagan taqdirda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ichki ishlarga, Milliy gvardiyaning qo‘riqlash qismiga ishga kirishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, sakkiz ming o‘quvchidan olti yarim mingi yotoqxona bilan ta'minlangan, qolgani esa kvartiralarda turadi. Bu yarim harbiylashtirilgan o‘quv yurti, shuning uchun ularda tartib bo‘lishi kerak. Vazirlar Mahkamasiga shu masala bo‘yicha ham so‘rov berdik. Shuningdek, mazkur o‘quv dargohlaridagi o‘qituvchilarning maoshi boshqalarnikidan ikki barobar kam. Bundan tashqari ularning o‘quv binolari ham ta'mirtalab ahvolda. Bularni ham hisobga olib so‘rov yubordik», —  deb aytdi qo‘mita raisi.

Ko‘proq yangiliklar: