Kelishuvni to‘xtatgan HAMAS, sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri va Gvatemaladagi fojiali avtohalokat - kun dayjesti

Jahon 13:00 4211

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS Isroilni kelishuvni buzganlikda aybladi

HAMAS dushanba kuni Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni buzganlikda ayblab, garovga olinganlarni ozod qilish jarayonini to‘xtatishini e’lon qildi.

Tashkilot vakillari G‘azo shimoliga qaytishga qo‘yilgan cheklovlar, falastinliklarga qarshi otishmalar va humanitar yordam oqimining to‘xtatilishini shartlarning buzilishi sifatida ko‘rsatmoqda.

19 yanvarda boshlangan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi asosan amal qilib kelgan bo‘lsa-da, Isroil askarlari bilan to‘qnashuvlar natijasida bir necha falastinlik halok bo‘lgan.

Isroil himoya vaziri Israel Kats HAMASning bu qarori kelishuvni buzishini ta’kidlab, armiyaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha HAMAS tomonidan garovda ushlab turilgan 33 fuqarodan 16 nafari ozod qilingan, shuningdek, besh tailandlik garovdagi rejadan tashqari qaytarilgan.

Netanyahuning devoni Isroil delegatsiyasining Qatardagi muzokaralardan ortga qaytganini ma’lum qildi. Muzokara jarayoni haqida aniq ma’lumot berilmagan, ammo Misr va Qatar vositachiligidagi urushni to‘xtatish jarayoni borasida shubhalar ortayotgani qayd etilgan.

Erdo‘g‘an: Isroil G‘azoga yetkazilgan zararni qoplashi kerak

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an G‘azodagi vayronagarchiliklar uchun Isroil mas’uliyatni zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi.

«Binyamin Netanyahu G‘azo aholisini ko‘chirish yo‘llarini emas, balki urushda yetkazilgan 100 mlrd dollar miqdoridagi zararni qoplash usullarini axtarishga majbur bo‘lishi lozim», dedi Erdo‘g‘an.

Turkiya yetakchisi xalqaro adolat tizimi haqiqiy va barcha taraflar uchun teng bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, 2 mlrddan ortiq aholiga ega islom olami xalqaro qaror qabul qilish jarayonlarida haqqoniy ishtirok etmasa, bunday tizim adolatli bo‘la olmaydi.

Erdo‘g‘an G‘azoda davom etayotgan zo‘ravonlik va vayronagarchilikka e’tibor qaratib, «hech kim falastinliklar uchun ikkinchi Naqbani tashkil qilishi mumkin emas», dedi. Uning ta’kidlashicha, Isroil faqat harbiy maqsadlarni ko‘zlab, G‘azodagi uylar, yerlar va ish o‘rinlarini tortib olishda davom etmoqda.

Turkiya rahbari Isroilga nisbatan xalqaro javobgarlik choralari ko‘rilishi va G‘azoni qayta tiklash jarayoni boshlanishi kerakligini ham bildirdi.

Suriyada nima gaplar?

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a mamlakatda yangi qurilayotgan armiyaga minglab odamlar ixtiyoriy ravishda qo‘shilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, armiyaga yollash majburiy emas va hech qanday zo‘rlik qo‘llanmaydi — faqat ixtiyoriy asosda xizmatga qabul qilinmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oldingi rejim davrida ko‘plab yoshlar majburiy harbiy xizmatdan qochib, mamlakatni tark etgan. Yangi hukumat armiyani faqatgina ixtiyoriy yollash asosida shakllantirishni rejalashtirmoqda.

Bu orada Suriya hukumati HAMAS faoliyatiga qo‘yilgan rasmiy taqiqni bekor qildi va ushbu harakatga tegishli musodira qilingan mulklarni qaytarishga qaror qildi. Bu haqda HAMASning yuqori martabali vakili Al-Manassa nashriga ma’lum qildi.

HAMAS 2011 yilda Bashar Asad rejimi tomonidan Suriyadagi inqilobchilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun taqiqlangan edi. Endilikda Suriya hukumati ushbu cheklovni bekor qilib, HAMAS rahbarlari yaqin vaqt ichida mamlakatga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Ukrainadagi urush — Myunxen konferensiyasi mavzusi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Myunxen xavfsizlik konferensiyasida asosiy e’tibor Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qaratilishi haqida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab yetakchi siyosatchilar konferensiyaga tashrif buyuradi va urushni tugatish masalasi muhokamaning markaziy nuqtasi bo‘ladi. «Prezident Tramp Ukrainadagi urushni tugatish kerak, deya aniq ta’kidladi», — dedi Rubio.

Davlat kotibi Tramp urushni yakunlash bo‘yicha jiddiy qadam tashlashga intilayotganini va bu barcha tomonlar manfaatiga mos kelishini qayd etdi. Shuningdek, konferensiya doirasida tashqi ishlar vazirlari va xalqaro yetakchilar bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Rubioning ta’kidlashicha, uchrashuvda muhokama qilinadigan yana bir muhim masala Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish imkoniyatlari bo‘ladi.

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi 14—16 fevral kunlari o‘tkaziladi. Unda 60 ga yaqin davlat, 150 dan ortiq vazir va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ukraina bo‘yicha Yevropaning fikri hisobga olinadi

Tramp ma’muriyati Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini Yevropa ittifoqchilari bilan muvofiqlashtirmoqda. Jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan rejani vaqtincha to‘xtatib turdi.

The Daily Telegraph nashri manbalariga ko‘ra, Vashington Yevropa ittifoqchilarining fikrini hisobga olishni xohlamoqda.

AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog yevropalik diplomatlar bilan uchrashuvda tinchlik rejasini muhokama qilishini va NATOga a’zo davlatlar rahbarlari bilan maslahatlashishini aytgan. Unga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari tinchlik jarayoniga qanday hissa qo‘sha olishi va muzokaralar qaysi shaklda o‘tishi borasida fikrlar tinglanadi.

The Daily Telegraph tahlilchilarining fikricha, ushbu qadam Vashingtonning Yevropa davlatlarini muzokara jarayonidan chetlatmaslikka qaratilgan ishonch jarayonining bir qismi bo‘lishi mumkin.

Rossiya iqtisodiyoti Putin kutganidan ko‘ra zaifroq

Rossiya Ukrainadagi urush uchun katta resurs sarflayotganiga qaramay, uning iqtisodiyot holati jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml ham ichki auditoriyani, ham G‘arbni o‘z qo‘lida barcha kerakli imkoniyatlar borligiga ishontirishga urinadi. Biroq tahlilchilar bu fikrni yolg‘on deb baholamoqda.

Markaziy bank inflatsiyaga qarshi chora sifatida asosiy stavkani 21 foizgacha ko‘targan. Bu esa investitsiyalar va aholi iste’molining pasayishiga olib keldi. Ayni paytda Rossiya urushni davom ettirish uchun harbiy sanoatga kreditlar ajratmoqda, lekin bu mablag‘lar qarz miqdorini misli ko‘rilmagan darajada oshirgan.

AQSh moliyaviy tahlilchisi Kreyg Kennedi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yildan beri Rossiyadagi korporativ qarz miqdori 70 foizga o‘sgan. Bu esa iqtisodiyotni defolt xavfiga olib kelishi mumkin. Demak, Putin urushni uzoq muddat davom ettirish imkoniyatiga ega emas.

Bloomberg tahlilchilari fikricha, AQSh va Yevropa Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosimni susaytirmasligi lozim. Aks holda, Kreml muzokaralarda o‘z pozitsiyasini mustahkamlab olishi mumkin.

Sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri

AQShning Rossiya neftiga nisbatan joriy qilgan yangi sanksiyalari rubl kursini tushirishi va yaqin yillarda dollar qurbini 130 rubldan oshirishi mumkin. Bu cheklovlar Rossiya iqtisodiyotiga kelgusi uch yil ichida 156 mlrd dollar miqdorida zarar yetkazadi.

Rossiya nefti va neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy qilinishi tufayli 2025 yilda 47 mlrd, 2026 yilda 57 mlrd va 2027 yilda 52 mlrd dollar yo‘qotilishi kutilmoqda. Bu esa rubl qadrsizlanishiga olib kelib, 2025 yilda dollar 108,3 rubl, 2026 yilda 124,9 rubl, 2027 yilda esa 132,2 rublgacha ko‘tarilishi mumkin.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, valuta kursining tushishi inflatsiyani tezlashtiradi, real daromadlarni 0,9 foizga kamaytiradi va ichki bozorda talabning pasayishiga olib keladi. Rossiya banki asosiy foiz stavkasi 23 foizga oshishi mumkinligini ham hisobga olmoqda.

Gvatemaladagi avariyada 51 kishi o‘ldi

Gvatemala poytaxtida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida 51 kishi vafot etdi.

Reuters xabariga ko‘ra, hodisa 11 fevral kuni ertalab shaharning chekka hududlaridan biridagi eng serharakat magistralda yuz bergan.

Yo‘lovchilar bilan to‘lgan avtobus San-Augistin shahridan poytaxt Gvatemalaga kelayotgan bo‘lgan. Mahalliy yong‘in-qutqaruv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, shaharlararo qatnovchi avtobus ko‘prikdan yo‘l yonidagi suv havzasiga qulagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan suratlarda avtobusning yarmi suvga botgani va atrofda jabrlanganlar jasadlari yotgani ko‘rinib turibdi. Hodisa yuzasidan rasmiy tergov ishlari boshlangan.

Gvatemala shahar meri Rikardo Kinyones hodisa joyiga qutqaruv xizmati va politsiya jalb etilganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: