Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari qutqarildi. Bu haqda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 11 fevral kuni tongda Qo‘stanay viloyatining 112-dispetcherlik xizmatiga yo‘lovchilari bo‘lgan mikroavtobus Adayevka qishlog‘idan 30 kilometr uzoqlikda to‘xtab qolgani haqida xabar kelib tushgan. Transport vositasi nosozlik tufayli harakatini davom ettira olmagan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv xizmati xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan. Jarayonda 24 kishi, jumladan 4 nafar bola eng yaqin isinish joyiga evakuatsiya qilingan. Qutqarilganlar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.
Shuningdek, to‘xtab qolgan mikroavtobus ham aholi punktiga tortib borilgan. Qayd etilishicha, yo‘lovchilar tibbiy yordamga muhtoj bo‘lmagan.