Tahririyatga Samarqand shahar Sartepa maskanida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Ko‘p qavatli uylarda yashovchi bu fuqarolar uylarining oldidagi qurilishdan norozi bo‘lishmoqda. Murojaatchilarga bu qurilish qaysi hujjatga asosan bo‘layotganini ko‘rsatishganida, ular hayron qolishgan. Chunki taqdim etilgan hujjatda (Samarqand shahar hokimi qarori) qurilishni Sartepa maskanidagi 180-uy va MTM o‘rtasida boshlashga ruxsat berilgan. Qurilish esa 180-uy emas, 18-«A» uy biqinida boshlangan edi.
Xullas, hozirda dorixona qurilishi olib borilayotgan yer ko‘p qavatli uyda yashovchilarning ma'raka-marosimlarini o‘tkazadigan bo‘sh joy bo‘lgan. Daraxtlar soya qilib turgan bu yerdan ko‘p qavatli uylarda yashaydigan oilalar farzandlari bolalar maydonchasi sifatida foydalanishgan. Ajoyib kunlarning birida yo‘q joydan quruvchilar kelgan va o‘sha qurilishni boshlagan.
Tabiiyki, mahalliy aholi vakillari ulardan hujjat talab qilishgan. Quruvchilar esa quyidagi hujjatni taqdim etishgan.
Ko‘rib turganingizdek dorixonasi «snos»ga tushgan tadbirkorga Sartepadagi 180-uy va MTM o‘rtasidan qurilish uchun yer ajratilgan. Ular esa 18-«A» uy va MTM o‘rtasida qurilishni boshlashgan. Vaholanki bu ikki manzil bir-biridan ancha uzoq masofada joylashgan. Mahalliy aholining taxminicha, tadbirkorga hokimlik ajratgan yer yoqmagan va u 18-«A» uy oldida hech qanday huquqiy asossiz qurilishni boshlagan.
Murojaatchilar quruvchidan nega ruxsat berilmagan yerga qurilish qilayotgani haqida so‘rashganida, ular hokim qarorini 12 kun ichida o‘zgartirib kelishlarini iddao qilishgan. Lekin qurilish o‘sha qaror o‘zgarganidan keyin boshlanmaydimi? Bundan tashqari atrofdagi odamlarning hammasi norozi bo‘lib turgan vaqtda nega qurilishga ruxsat beriladi? Bu masalada shu yerlik aholining roziligi olinmaydimi?
Biz yuqorida ilova qilgan qaror 2017 yil chiqarilgan va undan keyin Samarqand shahrida ikki marta hokim o‘zgardi. Samarqand shahar hokimligidagi mas'ullarga yuqoridagi qarorning o‘zgartirilishi borasidagi ma'lumotni tasdiqlay olishadimi yoki yo‘qligini so‘rab murojaat qilganimizda, hokimiyatda bundan bexabarliklarini aytib, ayni damda quruvchining ishi noqonuniy ekanini ma'lum qilishdi. Biroq fuqarolar bu borada hokimlikka murojaat qilishganida samara bo‘lmagan. Qurilish hamon davom etmoqda.
Kun.uz’ga ishonch bildirib, uni o‘z fikrini aytish uchun minbar sifatida tanlagan fuqarolarning murojaatini o‘rganib, o‘quvchilarga yetkazdik. Umid qilamiz, mahalliy hokimlik odamlarni norozi qilayotgan bu holatni ijobiy hal qiladi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi