O‘zbekiston Respublikasi IIV Xorazm Akademik litseyining malakali kadrlar tayyorlashdagi o‘rni

Jamiyat 19:00 / 11.06.2019 3493

O‘zbekiston Respublikasi IIVning Xorazm Akademik litseyi faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, mazkur litsey umumta'lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan tanlovlar asosida qabul qilingan o‘quvchilarni qabul qilish bilan cheklanib qolmasdan, bu yerda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning kasbiy mahoratlarini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonlari qizg‘in olib borilmoqda.

Mazkur Akademik litseyning viloyat ta'lim dargohlari orasidagi nufuzi yildan yilga ortib borayotganligi bois, u yerda ta'lim olishga intiluvchan yoshlarning soni ham ortib bormoqda.

Buni 2019-2020 o‘quv yilida litseyda o‘qish uchun ajratilgan 1 ta o‘ringa 15 tadan ortiq yigit-qizlarning nomzod sifatida ariza topshirganligidan ham bilish mumkin.

O‘qish istagida bo‘lgan yigit-qizlarni tanlash jarayonini to‘liq adolatli va shaffof o‘tishini ta'minlash maqsadida, jarayonlar o‘qishga nomzodlarning ota-onalari bevosita kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi bilan birgalikda, qolgan ota-onalar ushbu jarayonni to‘lig‘icha onlayn tarzda kuzatib borishlariga sharoit yaratilgan. O‘quvchilardan olingan diktant shu vaqtning o‘zida tekshirib, natijasi e'lon qilib borilmoqda.

Shuningdek ayni kunlarda IIV Xorazm Akademik litsey bazasida tashkil etilgan malaka oshirish instutiti filialida viloyat ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari uchun xizmatdan ajralmagan holda o‘quv yig‘inlari tashkil etilgan.

Tasdiqlangan me'yoriy hujjatlarga muvofiq har bir o‘quv yig‘inida qatnashadigan 50 nafar profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilariga xizmat faoliyatlariga oid dastlabki huquqiy bilimlar va xizmat xujjatlarini rasmiylashtirish tartibi hamda muomala madaniyati bo‘yicha malakali xodimlar va o‘qituvchilar tomonidan saboq beriladi.

Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari bilan 6 kunlik, 72 soatlik o‘quv mashg‘ulotlariga jalb qilingan litseyning maxsus va yuridik fanlar o‘qituvchilari hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi soxaviy xizmatlarining malakali rahbar xodimlari tomonidan nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta'minlashga qaratilgan zamonaviy shakl va interfaol uslublar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda o‘quv jarayoni ta'lim berishning modul tizimi asosida tashkil etilgan.

Shu bilan birgalikda filialda noyuridik ma'lumotga ega bo‘lgan profilaktika inspektorlarini yuridik sohaga oid bilimlarini oshirish bo‘yicha modul tizimiga asoslangan o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ularga asosan xizmat faoliyatida qo‘llaniladigan huquq sohasiga oid bilimlar berilmoqda.

Akademik litseyning moddiy-texnik bazasini boyitish, o‘quv jarayonida va jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan o‘quvchilarni rag‘batlantirib borish Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Shavkat Raxmanovning doimiy e'tibor markazida.

Podpolkovnik Z.Ismoilov, Xorazm viloyati IIB xodimi

Ko‘proq yangiliklar: