Buyuk Britaniyaning Nortumberlend Milliy bog‘ida qurilish ishlari olib borilayotgan paytda bombalar topildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular shu paytgacha bolalar o‘yin maydonchasi hududida yotgan bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Politsiya “metall jism” haqida dastlabki ma’lumotlarni yanvar oyi boshida olgandi. Shundan so‘ng xodimlar xabarni tekshirib, ilgari bu joyda harbiy mashg‘ulot maydoni bo‘lganini aniqladi.
“Skots-parkda yer qaziyotgan ishchilar bizga qo‘ng‘iroq qilishdi”, — dedi politsiya xodimlari. “Ular metall buyum topgani haqida xabar berdi. Bu eski minomyot snaryadi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgandi”.
Ushbu hodisadan so‘ng qurilish ishlari to‘xtatildi. Ofitserlar portlovchi moddalarni zararsizlantirish guruhi bilan birga voqea joyiga yetib keldi. Mutaxassislar topilgan buyum Ikkinchi jahon urushi davriga oid o‘quv jihozi ekanini tasdiqlab, bombalarni park hududidan olib chiqib ketdi.
So‘ngra Mudofaa vazirligi hududni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazdi, natijada har birining og‘irligi 5 kg bo‘lgan yana 65 ta bomba aniqlandi. Qidiruv ishlaridan keyingi kun mutaxassislar boshqa hududlarni ham o‘rganib chiqib, qo‘shimcha 90 ta bomba topishdi.
Mutaxassislar qazish ishlarini davom ettirayotgani va yanada ko‘p bomba topilishi kutilayotganini aytmoqda.
“Hali butun bog‘ning faqat uchdan bir qismini tozaladik, shuning uchun bombalar ko‘milgan boshqa chuqurni ham topishimiz mumkin”, — deb ta’kidladi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari.