Samarqandda yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgarishlarni aholiga yetkazish maqsadida videorolik yasaldi

Jamiyat 17:46 / 04.06.2019 7886

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 aprel kungi «Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi №292-sonli qarori bilan amaldagi yo‘l harakati qoidalari tahrirlandi.

O‘zgartirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni keng ommaga tushunarli qilib yetkazish maqsadida Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan videosharh tayyorlandi. Bu haqda Samarqand viloyat IIB YHXB matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Yangi kiritilgan o‘zgarishlarning ayrim muhimlari quyidagilardan iborat. Xususan, kameralar faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerakligi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, DYHXX bilan kelishilgan holda, yo‘l sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishni ta'minlaydigan hollarda, yo‘llarning ayrim qismlari yoki harakatlanish bo‘laklarida ayrim transport vositalariga harakatlanish tezligini oshirishga va pasaytirishga (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatib) vakolatlidir.

Transport vositalarini yo‘lning qatnov qismida bir qator qilib, qatnov qismi chetiga parallel ravishda, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.

Qoidalarning «Chorrahada harakatlanish» deb nomlangan bobining 98-bandiga kiritilgan o‘zgarish asosida «Aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega».

Shuningdek, ushbu qoidalarning 60-bandida haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu o‘zgarish natijasida hozirgi kunda aylana bo‘ylab harakatlanayotgan transport vositasi o‘ng tomondan aylanaga yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi natijasida aylanada yuzaga keladigan tirbandlik holatlari va kesishmaning o‘tkazuvchanligiga salbiy ta'siri bartaraf etiladi.

Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi ham yangi o‘zgartirishlar sirasidandir. Bu narsa xavfsizlikni ta'minlash samaradorligini oshirish maqsadida joriy etildi. Sababi chiroqlari yoqilgan holda harakatlanayotgan transport vositasi tez e'tiborga tushadi. Haydovchi ham, piyoda ham uni o‘z vaqtida ilg‘ab olishiga imkon kengayadi.

Avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, to‘kiladigan boshqa yuklarni tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Amalga oshirilayotgan o‘zgartirishlarning barchasi yo‘llarimizda harakatlanish xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi. Shunday ekan harakat ishtirokchilari bu o‘zgarishlarni to‘liq o‘zlashtirishlari hamda uning talablariga amal qilishlari shart. 

Ko‘proq yangiliklar: