Kreml Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir kun avval e’lon qilgan yer almashinuvi ehtimolini rad etdi.
«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina prezidentining hududlar almashinuvi haqidagi bayonotiga izoh berdi.
«Rossiya o‘z hududlarini almashish masalasini hech qachon muhokama qilmagan va muhokama qilmaydi, buning iloji yo‘q», dedi Peskov. Shuningdek, u «Ukraina harbiy qismlari Rossiya hududidan chiqarib yuboriladi yoki yo‘q qilinadi», deb qo‘shimcha qildi.
Avvalroq, Zelenskiy urushni tugatish uchun Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlar almashinuviga rozi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tqaza olsa, u holda Kiyev Moskvaga Kursk viloyatidagi bosib olingan yerlardan voz kechib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlar almashinuvini taklif qilishi mumkin.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova bu imkoniyatni rad etdi.
Ukraina Rossiyaning Kursk viloyati bir qismini 2024 yil avgust oyidan beri ushlab turibdi.