Kecha, 3 iyun kuni Jizzax shahridagi mahallani suv bosgani xabar qilingandi. Ayni vaqtda aholi ushbu mahallada hamon xavotirli vaziyat ekanini xabar qilmoqda. Muxbirimiz voqea joyidan holatni bayon etmoqda.
4 iyun. Tonggi 06:30. Jizzax shahar Bog‘ishamol mahallasi. Mahalladagi yigirmaga yaqin xonadon suv toshqinidan jiddiy zarar ko‘rgan. Ikkita xonadon qulash arafasida, yana o‘nga yaqini avariya holatida. Jizzax shahar favqulodda vaziyatlar bo‘lim rahbari va xodimlari shu hududda. Xodimlar maxsus texnika bilan ayri xonadonlardagi suv tortib olingan. Kechasi erkaklar uy yaqinidagi ko‘chada tunab qolishgan, ayollar va bolalar yaqin atrofdagi zarar ko‘rmagan xonadonlarda tunashgan.
09:00. Mahalla raisi hamrohligida o‘t o‘chirish mashinasi kirib keldi. Dastlab o‘t o‘chiruvchilar mashinasidan boshqa xizmatlar tomonidan xonadonidan suv torttirishni istaganlardan yoqilg‘i so‘ralgan. Ammo aholining keskin noroziligiga duch kelgach, mahalla raisi vaziyatni yumshatib yoqilg‘i uchun o‘zi tadbirkor, homiylarni topishini ma'lum qilgan.
10:20. Hokimlik vakillari hamon yo‘q. Aholi sarosimada kim, nima qilishni bilmaydi. Vaqtincha yashash joyi, palatka kabi narsalar haqda hech qanday gap yo‘q. Sel oqibatida hojatxonalar buzilib ketib atrofga oqava tarqagan, antisanitar holat. Davlat sanitariya epidemiologiya markazi xodimlari yo‘q, tez yordam ham kelmagan. Aholi har kim o‘zi uchun kurashib “pojarniy”ga qo‘ldan kelguncha qarashmoqda. Bitta texnika kamlik qilmoqda.
10:50. Atrofda faqat zarar ko‘rgan xonadonlar egalari va qarindoshlarini ko‘rish mumkin. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga uzoq-yaqindan qarindoshlari oziq-ovqat keltirmoqda. Ular kechasi Kun.uz’da yaqinlarining boshiga tushgan savdodan xabar topishganini ma'lum qilmoqda. O‘t o‘chirish mashinasi qiyinchilik bilan bo‘lsada suvni tortib tugatmoqda.
Sel kutilmaganda keldimi?
Zarar ko‘rgan xonadonlardan birining sohibi In'om Narziqulov aholi necha yildan beri toshqinlar bilan kurashib kelayotgani haqda so‘zlab berdi:
- Aslida yigirma yildan beri sel bilan kurashib kelamiz. Talafot miqdori uncha katta bo‘lmaganining sababi hududga kirish joyida uchta selni tutib qolish hovuzlari bo‘lardi. Sel avval hovuzga quyilib kuchini yo‘qotar, undan keyin hovuzga o‘tar, shu tarzda sel kuchi kamayardi. 2013 yili Prezident qarori chiqqandi sel bo‘yicha (2013 yil 23 dekabrda “Toshqin suvlari va sel oqimlarini O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta'minlash loyihalarini shakllantirish, ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori e'lon qilingan - tahr.) Sel toshqinlarini oldini olish bo‘yicha o‘sha qaror bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan 406 million so‘m atrofida pul ajratilgan. O‘shaning hisobidan hovuzlar kengaytirilib, talab darajasiga keltirilgan. Shundan keyin biz yetti yil sel nimaligini bilmagandik. Afsuski, keyingi yillarda biz ayrim rahbarlar sabab bo‘lib ana shu sel tutish hovuzlarini boy berdik. Bu hovuzlar tuproqqa to‘ldirilib, fuqarolarga uy-joy qurish uchun berib yuborildi. Bu masalani bir necha bor ko‘tarib, uy-joy egalariga yomon ko‘rindik. Bugun ularning o‘zlari ham jabr ko‘rib o‘tiribdi. Eskilardan qolgan naql bor:"Sel yo‘lini to‘sma", degan, lekin bizda aksi bo‘lmoqda, – deydi I.Narziqulov.
Selni tutib qoluvchi hovuzlarning uy-joy uchun berib yuborilishi bugun mana shunday falokatlarga sabab bo‘lib turibdi. Endi esa uning oqibati bilan kurashish aholining o‘ziga qiyin bo‘lmoqda.
Birgina 71-umumiy xonadonda 8 ta xonadon, nogiron, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, yashab kelayotgandi. Sel ana shu xonadonlarning barchasiga ofat keltirdi. Umid qilamizki, shahar hokimligi ushbu mahalladagi aholini o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi.