G‘ijduvonlik tadbirkor xorijlik hamkordan ayrildi va katta miqdorda jarima to‘ladi. Soliq idoralari aybdormi?

Jamiyat 10:10 / 04.06.2019 27795

«Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat'iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e'tiborim va nazoratimda bo‘ladi», – deya ta'kidlagan edi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z ma'ruzalarining birida.

Amalda ham shunday bo‘lmoqda. Tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga turli imtiyozlar va qulayliklar yaratilmoqda.

Ammo tan olib aytish kerakki, hanuzgacha ayrim to‘siqlar, anglashilmovchiliklar sababli o‘z biznes loyihalarini hayotga tatbiq etolmayotgan, faoliyatiga turli aralashuvlar tufayli jabr va zarar ko‘rayotgan tadbirkorlar ham uchrab turibdi.

Tahririyatga xuddi shu mazmundagi navbatdagi murojaat Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani «Jamshid trans yo‘l» MChJ rahbari O.Atoyev tomonidan yo‘llangan.

Murojaatda tadbirkor soliq idorasining noqonuniy xatti-harakatlari tufayli katta zarar ko‘rganini, adolat topolmayotganini bildirgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish davomida tadbirkor O.Atoyevning e'tirozlarini tingladik. Masalaga doir hujjatlar bilan tanishdik.

Ma'lum bo‘lishicha, «Jamshid trans yo‘l»  mas'uliyati cheklangan jamiyati  G‘ijduvon tuman yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasidan 2017 yil 26 yanvarda ro‘yxatdan o‘tgan. Moliyaviy xo‘jalik faoliyatini 2017 yil 1 fevraldan boshlab amalga oshirib kelmokda.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, G‘ijduvon tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2018 yil 12 dekabrda Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi jamiyat faoliyati yuzasidan o‘tkazgan kameral nazorati yuzasidan tuzilgan talabnoma 2018 yil 15 dekabrda taqdim etilgan.

Hech qanday ogohlantirishsiz, talabnoma taqdim etilishidan 1 kun oldin, 2018 yil 14 dekabrda G‘ijduvon tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan jamiyatning G‘ijduvon tuman AT «Xalq banki»dagi hisob raqami yopib qo‘yilgan.

Bankka DSI tomonidan berilgan hisob raqamini yopish haqidagi elektron hujjatda «Blokirovka kliyenta po resheniyu GNI» «Blokiruyetsya v sluchaye, yesli nalogoplatelshchik v techenii 15 dney po okonchaniya sroka sdachi – ne oplatil nalog i ne predstavil otchet organy», deb yozilgan.

Prezidentning 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 7-bandida ham «kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoki aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda soliq to‘lovchi – yuridik shaxslarning bank hisob varaqalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish» huquqi berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi soliq kodeksining 70-moddasi 6-bandida «Soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotni taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha tuzatilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini tuzatishlar kiritish hakidagi talabnoma olingan kundan e'tiboran o‘n kunlik muddatda, tasdiqlovchi hujjatlarni yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda ilova kilgan holda takdim etishi shart»ligi ko‘rsatilgan.             

Ammo yuqoridagi holatda bu tartib va muddatga amal qilinmagan. Shunga asosan, G‘ijduvon tuman DSIning 2018 yil 14 dekabrda «Jamshid trans yo‘l» MChJning hisob raqamlari bo‘yicha operatsiyalar noqonuniy to‘xtatib qo‘ygani yuzasidan tadbirkor G‘ijduvon tuman ma'muriy sudiga ariza bilan murojaat etadi.

G‘ijduvon tuman ma'muriy sudining 2018 yil 27 dekabrdagi qarori bilan tuman DSI mansabdor shaxslari 2018 yil 14 dekabrda «Jamshid trans yo‘l» MChJning hisob raqamini qonun talablarini buzgan holda yopib qo‘ygan deb topilib, tuman DSIga hisob raqamini ochib berish majburiyatini yuklaydi.

Mazkur sudning hal qiluv qaroriga G‘ijduvon tumani DSI tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat keltirilgan. Buxoro viloyati ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 25 yanvardagi ajrimi bilan tuman DSIning apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilishi rad etilib, G‘ijduvon tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Sudlar tomonidan MChJ hisob raqamini ochib berish majburiyati yuklanganiga qaramasdan Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi va G‘ijduvon DSI 2019 yil 31 yanvarga qadar sud qarorini bajarmasdan noqonuniy yopilgan hisob raqamini ochib bermagan.

Tadbikor murojaati asosida Buxoro viloyat prokuraturasi aralashuvidan keyin MChJ hisob raqami ochib berilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, tadbirkor shu vaqt oralig‘ida katta zarar ko‘rgan. Shu sabab tufayli MChJ va Xitoyning «YIWU WAEN TRAD CO LTD» korxonasi o‘rtasida 2018 yil 10 dekabrda texnologiyalar olib kelish bo‘yicha tuzilgan shartnoma talablari bajarilmay qoladi. Tadbirkor hisob raqami yopilgani tufayli zarur mablag‘ni vaqtida o‘tkaza olmaydi.

Buning uchun Xitoyning «YIWU WAEN TRAD CO LTD» korxonasi «Jamshid trans yo‘l» MChJdan 16 ming 750 AQSh dollari miqdorida penya to‘lashni talab qiladi.

MChJ hisob raqami yopiq bo‘lgani tufayli talab qilinayotgan mablag‘ni to‘lashning ham imkoni bo‘lmaydi. Xitoy korxonasining ish yurituvchisi vaziyatga oydinlik kiritish uchun O‘zbekistonga keladi va MChJ hisob raqami haqiqatan yopilganini aniqlaydi, jarima pulini esa naqd ko‘rinishda olib ketadi.

Bu Xitoyning «YIWU WAEN TRAD CO LTD» korxonasi direktori Tuyerxunkari Nuyyerning ma'lumotnomasida ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Tadbirkorning bildirishicha, hisob raqamini yopib qo‘yish orqali to‘xtatilgan vaqt davrida ko‘rilgan zararni undirish va soliq idoralarini tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani yuzasidan Prezident virtual qabulxonasi va Bosh prokurorga murojaat qilgan. Ammo tadbirkor hanuzgacha masalaga ijobiy yechim topolmayapti.

Bu orada tuman DSI G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudiga «Jamshid trans yo‘l» MChJda o‘tkazilgan tahlillar natijasida budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga 793 424,8 ming so‘m soliq to‘lovini undirish to‘g‘risida» davo arizasi bilan murojaat qiladi.

Ushbu da'vo ariza bo‘yicha G‘ijduvon tuman iqtisodiy sudi ishni ko‘rib chiqish jarayonida Buxoro viloyat DSB va G‘ijduvon tuman DSI mansabdor shaxslari tomonidan talab kilinayotgan soliq undirish da'vo talabini isbotlab bera olmaganliklari uchun da'vo talabini asossiz, deb topadi.

Shuningdek, G‘ijduvon tuman iqtisodiy sudi ishni ko‘rib chiqish jarayonida tuman DSI mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning 192-3 moddasida nazarda tutilgan jinoyat – «Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisob-varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turganlik» alomatlari mavjudligi haqida xususiy ajrim chiqarib, 2019 yil 11 fevralda 74-sonli xat bilan G‘ijduvon tuman prokuroriga yuborgan.                

G‘ijduvon DSI «Jamshid trans yo‘l» MChJga nisabatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘rab jamiyat faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasini G‘ijduvon tuman departamentiga yuboradi. Ammo jinoyat alomati mavjud emasligi tufayli qaytariladi. Keyinchalik Buxoro viloyat DSB tomonidan ushbu hujjatlar jinoiy ish qo‘zg‘ash uchun viloyat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va viloyat prokuraturasiga yuboriladi. Viloyat prokuraturasi tomonidan «to‘plangan hujjatlar yuzasidan qo‘shimcha tekshirish olib borish zarurligi» haqida xulosa qilinib,  departamentga qaytariladi.

Departament 2019 yil 25 fevralda «Jamshid Trans Yo`l» MChJ mansabdor shaxslarining harakatlarida biror bir jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-qismiga binoan «Jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida» qaror chiqaradi.

Yuqoridagi hujjatlar va sud qarorlaridan ko‘rinib turibdiki, tadbirkor haq bo‘lib chiqmoqda. Faqat tadbirkor soliq idoralari tomonidan faoliyatiga asossiz to‘siqlar davom etayotgani, yetkazilgan zarar esa undirib berilmayotganidan norozi.

Soliq idoralari va tadbirkor o‘rtasidagi nizo davom etmoqda. Bu masalada tegishli tashkilotlar qo‘shimcha o‘rganishlar olib borib, adolatli xulosa berishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Zero, prezident joriy yil 27 may kuni tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ishga tushirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ham tadbirkorlar faoliyati va mavjud muammolar yuzasidan alohida to‘xtalib, tadbirkorlar uchun bo‘layotgan asossiz to‘siqlarni qattiq qoralagandi.

«Tadbirkorlikni rivojlantirish – mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirildi. «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» dasturlari tadbirkorlik istagidagilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada yangi tashkil etilgan sub'yektlar soni 2,3 baravarga ko‘paygani buning tasdig‘idir.

Biroq, joylarda byurokratiya, ta'magirlik va tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari hali ham uchrab turibdi. Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida Prezident Xalq qabulxonalariga tadbirkorlardan 16 mingta murojaat tushgan. Ular asosan yer ajratish, gaz, elektr va suv ta'minoti, qishloq xo‘jaligi, kredit, soliq masalalariga taalluqli. Ikki mingga yaqin murojaatda mansabdorlarning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan», – deya ta'kidlagandi davlat rahbari yig‘ilishda.

Kun.uz davlat rahbari tomonidan olib borilayogan ushbu siyosatga hamohang ravishda g‘ijduvonlik tadbirkor O.Atoyevning faoliyatidagi to‘siqlarga barham berilishi, soliq idoralari va tadbirkor o‘rtasidagi nizo tez orada adolatli, qonuniy yechim topishiga ishonch bildiradi.

PS: Maqolada keltirilgan va masalaga doir barcha hujjatlar nusxalari tahririyatda mavjud.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: