Loyihada ikki omil: aholi xavfsizligi va iqtisodiy tejamkorlik

Jamiyat 12:00 / 02.06.2019 1924

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida «O‘ztransgaz» AJ navbatdagi «Tejamkor gaz loyihasi» taqdimotini o‘tkazdi.

«Bugungi kunda inson hayotini asrashdek dolzarb masalaning samarali ijrosi tabiiy gaz va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanishda ham o‘z aksini topgani OAV, keng jamoatchilik e'tiboriga havola qilingan ushbu yangilik orqali namoyish qilindi. Shahar gaz ta'minoti idorasi binosi yonidan joy olgan do‘konda tadbirkorlik sub'yekti bilan kelishuv asosida respublikada ilk marotaba standart, tejamkor va xavfsiz gaz uskunalar savdosi yo‘lga qo‘yildi. Uning peshtaxtalaridan mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda xorijning tizimga taalluqli mahsulotlari o‘rin oldi.

Jumladan, gaz quvurlari, isitish qozonlari, gaz yondirgichlari, plitalari, hisoblagichlar, ta'mirlash uchun zarur bo‘ladigan ehtiyot qismlar, maxsus kiyimlardan tortib, mayda detallargacha shu yerning o‘zida jamlandi. Maqsad ham aslida shu edi, birinchidan, fuqarolarning bilib-bilmay, kafolatlanmagan, davlat standartidan o‘tmagan gaz uskunalarini turli joylardan xarid qilishining oldini olish bo‘lsa, ikkinchidan, zaruriy jihozlarning bir do‘konga jamlangani iste'molchi uchun ortiqcha harakat va xarajatni tejashga yordam beradi», deyiladi «O‘ztransgaz» AJ matbuot xizmati xabarida.

Ushbu loyiha respublikamizdagi eng chekka hududlarni ham qamrab olishi bilan ahamiyatli. Viloyat markazida tashkil qilingan bunday do‘konlar barcha savdo shoxobchalari uchun asosiy nuqta bo‘lib, barcha mahsulotlar «birinchi qo‘l» narxida keltiriladi va xaridorga tovarning afzalliklari haqida batafsil ma'lumot beradi. Sotilgan har bir tovarga kafolat xati taqdim qilinadi. To‘lov jarayonlarida ham zamonaviy internet, kompyuter texnologiyalaridan shu yerning o‘zida foydalanib, onlayn to‘lovni amalga oshirish imkoniyati mavjud. E'tiborlisi, xarid qilingan gaz jihozlari gaz ta'minoti idorasi mutaxassisining qat'iy nazorati ostida iste'molchining xonadoniga borib o‘rnatib beriladi. Bu bilan kifoyalanmay, mutaxassislar xarid qilingan va ma'lumotlar bazasiga kiritilgan bu jihozlarni onlayn tarzda monitoring qilib borishadi. Viloyat gaz ta'minoti idorasi do‘konlarning doimiy buyurtmachisi sifatida hududdagi o‘rganilgan xonadonlarga o‘rnatilishi lozim bo‘lgan jihozlarga buyurtmalar berib boradi.

«Tabiiy gaz – bu ne'mat, deymiz. Uning cheklangan resurs ekani, tejab-tergab ishlatish, undan oqilona foydalanish zarurligi haqida ham bot-bot eslatamiz. Albatta bu masalaning bir tomoni. Qishning sovuq kunlari kirib kelishi bilan aholi turar joylari - xonadonlarida isitish tizimidan foydalanishni boshlaydi. Sohada olib borilgan tahlillar ko‘plab xonadonlar hamon nosoz, nostandart, xavfli gaz jihozlarini ishlatib kelayotganini ko‘rsatmoqda. Iste'mol muddatini o‘tab bo‘lgan bunday gaz yondirgichlari (gorelka) gazni ko‘p miqdorda sarf va isrof qilishi bilan, ayniqsa, xonaga gaz sizib chiqishi, is gazi to‘planishi bilan inson uchun xavfli sanaladi. Ehtiyotsizlik oqibatida fuqarolarning zaharlanishi hatto hayotdan bevaqt ko‘z yumishidek ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lmoqda.  Gaz jihozlari savdosiga mo‘ljallangan do‘konlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ana shu singari baxsiz hodisalarning oldini olishga, qanchadan-qancha insonlar hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shishi mumkin. «O‘ztransgaz» AJ tomonidan tasdiqlangan № 50–sonli buyruq ana shunday xayrli ishlarga huquqiy asos bo‘ldi, deyish mumkin», deyiladi xabarda.

Mutaxassislar marosimga tashrif buyurganlarga isitish qozonlaridagi eski gaz gorelkasini avtomatlashtirilgan turiga almashtirib, gaz sarfini 40 foizga kamaytirish mumkinligini, eski gaz gorelkalaridagi oylik gaz sarfi (qish mavsumida) 650 kub metr, yangilarida esa 340 kub metrni tashkil qilishini oilaviy budjet uchun anchayin foydali ekanini misollarda tushuntirishdi. Aslida ham hisob-kitoblardagi oylik 310 metr kub gazning yoki har oyda 108 ming 500 so‘m miqdorda mablag‘ning tejalishi (qish oylarida bu ko‘rsatkich 1 860 metr kub (651 ming so‘m)gacha yetadi) hech qanday iste'molchini befarq qoldirmasligi ayon bo‘ldi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davr talabi sanalgan inson hayoti xavfsizligini ta'minlash masalasi tizim xodimlarini tashvishlantirayotganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Keksa, tabarruk otaxonlar ham duoga qo‘l ochib, tabiiy ne'mat – gazning nechog‘lik kundalik zaruratga aylangani, uni kelgusi avlodga ham tejab-asrab yetkazish lozimligini alohida ta'kidlashdi, faoliyatning bunday xayrli ishlari ko‘lamining yanada kengayishiga umid bildirishdi.

Mazkur loyiha natijalariga oid ma'lumotlar «O‘ztransgaz» AJ Axborot xizmati tomonidan OAVda muntazam havola qilib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: