Liftlardagi baxtsiz hodisalar: sabablar va yechimlar ma’lum qilindi

O‘zbekiston 19:59 779

May oyida “Xavfsiz lift” platformasi ishga tushirilishi kutilmoqda. QR-kod orqali lift haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi. Liftlarning egasi, xususan BSKlar va servis tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlar shu platforma orqali raqamlashtiriladi. Tegishli qonunchilikka xalqaro tajribani joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

3 fevral kuni Toshkentdagi Riviera savdo markazida farrosh ayol lift shaxtasida tosh bosib qolishi oqibatida halok bo‘lgan edi. Afsuski, texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi va boshqa turli holatlar sababli liftlar bilan bog‘liq noxush hodisalar uchrab turibdi.

Rasmiylar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublikada 2 mingdan ortiq ta’mirtalab lift mavjud. Ular bosqichma-bosqich yangilanyapti. Biroq ayrim hollarda yangi ishlab chiqarilayotgan liftlarda ham nosozlik kuzatilmoqda.

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi 6 fevral kuni Yashnobod tumanidagi “Texnopark” MChJga qarashli liftlarning muvofiqligini baholashdan o‘tkazish laboratoriyasiga press-tur tashkil etdi. Mas’ullarga ko‘ra, bu yerda yangi liftlar 48 ta markerdan foydalangan holda sinovdan o‘tkaziladi. Majmuada, shuningdek, lift va eskalatorlar ishlab chiqarish zavodi ham faoliyat yuritmoqda.

Riviera'dagi hodisani ishchi guruh o‘rganmoqda

Press-turda qatnashgan Kun.uz muxbiri Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ahadjon Isoqjonovdan Riviera'dagi baxtsiz hodisa haqida so‘radi.

Savdo markazining baxtsiz hodisa yuz bergan liftiga “Elevator” korxonasi xizmat ko‘rsatib kelgan, bu bo‘yicha bizdan ruxsat olgan. Tozalashga jalb etilgan ayol u yerda farrosh bo‘lib ishlar ekan. Tozalash jarayonida lift reviziya sikliga o‘tkazilishi, ya’ni to‘xtatib turilishi kerak, shu siklga o‘tkazilmagan. Lift ishlab turgan. Texnika xavfsizligiga rioya qilinmagani oqibatida shunday baxtsiz hodisa yuz bergan”, – deydi Isoqjonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda holat bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan. Ishchi guruh tarkibi Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi va Bandlik vazirligining hududiy boshqarmalari, sug‘urta kompaniyasi, Riviera savdo majmuasi va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat.

Ayrim BSKlar liftlarni servis kompaniyalariga topshirmayapti”

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Husniddin Shodiyev Kun.uz bilan suhbatda liftlardagi noxush holatlarning sabablariga to‘xtaldi.

Quruvchilar liftlarni ishga tushirishdan oldin, yangi qurilgan uylar yoki almashtirilgan liftlar bo‘ladimi, hammasini boshqaruv servis kompaniyalariga to‘liq hujjatlari bilan topshirishi kerak. BSK esa shartnoma liftni qabul qilib olgach, majburiy ravishda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan shartnoma qilishi kerak.

O‘sha jarayonda sovuqqonlik qilib, servis kompaniyalari bilan shartnoma tuzmasdan foydalanib kelinayotgan liftlarda muammolar kelib chiqishi holatlari kuzatilmoqda. Ayrim holatlarda BSK aholidan majburiy badallarni o‘z vaqtida olmaganidan keyin, ularga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga shartnoma bo‘yicha mablag‘ o‘tkazib berilmaydi. BSK tomonidan to‘lov qilish 1-2 oylab cho‘zilganidan keyin shartnomalar bekor qilinyapti yoki vaqtinchalikka to‘xtatib turish holatlari ko‘p uchrayapti.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan may oyiga qadar “Xavfsiz lift” platformasi ishlab chiqilib, joriy qilinadi. Bu hozir jarayonda. Bunda barcha lift uskunalari foydalanishga qabul qilingandan so‘ng platformaga kiritiladi. Platformada liftning egasi kim, u umumiy mol-mulk bo‘lganda qaysi BSKga qaraydi, servis xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaysi tashkilot bilan shartnoma tuzilgan, ekspluatatsiya jarayonida bir martalik texnik shahodatlashtirish qachon o‘tgan, tugashiga qancha vaqt qoldi – hamma jarayonni onlayn ko‘rib borish imkoniyati yaratiladi.

Fuqarolar ham platformaga kirib, murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi”, – deydi Qurilish vazirligi mutaxassisi Husniddin Shodiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot xodimlari har safar liftga xizmat ko‘rsatganidan keyin bu haqdagi ma’lumotni rasmi bilan platformaga joylashtiradi. Bu ma’lumot BSKga yuboriladi, BSK haqiqatan ham servis xodimi kelib, texnik xizmat ko‘rsatganini tasdiqlaydi. Ushbu jarayon tarix sifatida platformada saqlanib qoladi. Natijada, xuddi elektron tibbiy daftarchadek, o‘sha liftning ma’lumotlari to‘liq bo‘ladi, deydi vazirlik xodimi.

Platforma takomillashtirilib, bosqichma-bosqich respublikada mavjud 11 427 ta lift uskunasining barchasi qamrab olinadi. Keyingi bosqichlarda har bitta liftga QR-kod beriladi, bu bilan smartfon orqali lift haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin.

Husniddin Shodiyevga ko‘ra, mamlakatdagi 11 mingdan ortiq liftlarning 6 mingtasini majburiy dispetcherlik markazlariga ulash ishlari olib borilyapti. Boshqaruv servis kompaniyalarining o‘zida dispetcherlik markazlari mavjud bo‘lib, ularga hamma liftlar ulanyapti. Yangi liftlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, keyin foydalanishga qabul qilinmoqda. Eski liftlar esa bosqichma-bosqich ulab kelinmoqda. Shuningdek, liftlarga kamera ham o‘rnatilyapti.

Xalqaro tajriba joriy etiladi”

Sanoat xavfsizligi qo‘mitasiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 2 146 ta ko‘p kvartirali uy qurilgan bo‘lib, shundan 947 tasi yoki 44 foiziga liftlar o‘rnatilgan. Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Ahadjon Isoqjonovning aytishicha, hozirda tegishli qonunchilikka xalqaro tajribani tatbiq qilish ishlari olib borilmoqda.

Xalqaro tajribani o‘rganib, liftlar to‘g‘risidagi reglamentni xalqaro tajribaga moslashtirish va uyg‘unlashtirish ishlarini olib boryapmiz. Tez orada bu texnik hujjat va nizomlar amaliyotga tatbiq qilinadi. O‘tgan yanvar oyida Turkiya tajribasini o‘rganib keldik. Texnik reglamentga ko‘ra, javobgarlikni lift ishlab chiqaruvchisi va o‘rnatuvchisi oladi. Bundan tashqari, xalqaro tajribada liftlarni har 12 oydan kam bo‘lmagan muddatda davriy sinovdan o‘tkazish kerakligini ko‘rdik. Buni xususiy sektorga beryapmiz. Ular Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tib, bizdan ruxsatnoma olgandan keyin, mana shu xizmatni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, ular liftlarning shahodat sinovlari bilan shug‘ullanadi. Buni yilda bir marta majburiy qilib kiritdik. Xalqaro tajribaga asoslangan holda, xavflilik darajasini to‘rt turga ajratib, har biriga turli rangdagi yorliqlarni yopishtiramiz”, – deydi Isoqjonov.

Uning qayd etishicha, hozirda har bir hududda 20 nafardan liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilmoqda. Ayrim OTMlarda lift muhandisi yo‘nalishi ham ochilishi mumkin.

Oliy ta’lim vazirligiga lift muhandisligi yo‘nalishini ochish taklifini berdik. Yangi texnik reglament liftlarning sinovdan o‘tkazilishida ixtisoslashgan tashkilotlar uchun talablar qo‘yadi, ya’ni akkreditatsiyasidan o‘tgan tashkilotlar uchun birinchi talab – texnik menejerning oliy ma’lumotli bo‘lishi hamda har bir brigadada 4 nafardan kam bo‘lmagan texnik mutaxassis bo‘lish talabi qo‘yilgan. Ya’ni liftlarning muvofiqligini baholash va davriy ko‘rikdan o‘tkazishda shu mutaxassislar ishtirok etishi lozim”, – deydi Sanoat radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Isoqjonovga ko‘ra, xalqaro tajribadan kelib chiqib, liftlarning muvofiqligini baholagan mutaxassis shu liftni davriy ko‘rikdan o‘tkazishda qatnashmasligi taklif etilmoqda. Bunday vazifalarni bitta kompaniya bajarsa ham, har ikki jarayon boshqa-boshqa xodimga topshiriladi.

Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: