Bugun futbol haqida gaplashamiz. Esingizda bo‘lsa, muxlislar 2010 yillarda Braziliyada Neymar degan futbolchi chiqibdi, deb uning videolarini muhokama qilishardi. O‘sha videolar hozir tarqalganida, bu sun’iy intellekt yasagan video emasmi deb tekshirib olish kerak bo‘lardi. Birinchidan, sun’iy intellekt yordamida istalgan videoni yasash mumkin bo‘lib qoldi. Ikkinchidan, hozir futbol o‘zgarib, Neymar kabi jingo uslubida o‘yin ko‘rsatadigan futbolchilar yo‘q hisob.
Hozir narxi falon millionga baholangan yosh futbolchilar haqida gapirganda, darrov ularning statistikasiga to‘xtalishadi: falon marta zarba beradi, falon tezlikda yuguradi, maydonni yaxshi ko‘radi va hokazo. Lekin hech kim xo‘sh, bu hujumchi nechta futbolchini aldab keta oladi o‘zi, deb so‘ramaydi. Chunki futbol haddan tashqari hisob-kitoblarga asoslangan o‘yinga aylanib, chiroyli futbol o‘ynaydiganlar kamayib boryapti.
Neymar «Santos»da vaqtida juda yengil futbol o‘ynar, maydonda xuddi qushday uchardi. Albatta, futbolda natija, sovrinlar, taktika muhim, lekin yosh muxlislar futbolni aynan Neymarga o‘xshagan yigitlarning o‘yinini ko‘rib yaxshi ko‘rib qolishadi. Bu borada Neymarni futbol tarixida muhim iz qoldirdi deyish mumkin.
Neymar hali «Barselona»ga kelmagan vaqtidayoq futbol olamida o‘z o‘rniga ega edi. 13 yoshidan boshlab roliklarida suratga tushgan Neymar bolaligidan futboldan ko‘ra reklamadan ko‘proq pul topgan. O‘smirlik vaqtida Neymar shunchalik zo‘r o‘ynay boshladiki, u uchun «Barselona» va «Real» jiddiy kurashga kirishdi. Oxir-oqibat otasi bilan maslahatlashgan futbolchi «Barsa»ga o‘tishga qaror qildi. Futbol cho‘qqisiga chiqqan Messining yoniga borgach ham Neymar yo‘qolib qolmadi. Biroq Neymar Messi va Ronaldu darajasiga chiqa olmadi. Buning asosiy sababi uning porlashi uzoqqa cho‘zilmadi.
Messi qol, men seni eng yaxshi futbolchi qilaman, deganiga qaramay Neymar PSJga o‘tib ketdi. U uchun aql bovar qilmas pul to‘lanadi – 222 million yevro! Axir shartnomada shuncha pul ko‘rsatilgandi-da. Ha, o‘sha vaqtda Neymar pulni tanladi, deyish xato bo‘lmaydi. Boshqa tomondan uning atrofidagilar Messining soyasida qolib ketasan deb uqtirishdi.
Fransiyada ham Neymar yomon o‘ynamadi, Mbappe bilan birga Chempiolar Ligasi finaligacha yetib bordi, ammo «Barsa»dan ketgan kuni Neymar katta futboldan chetga chiqib bo‘lgandi. Bu mening shaxsiy fikrim. Axir Messi va Ronaldu eng zo‘r holatda bo‘lgan vaqtda ular bilan La Liga to‘purarligi uchun kurashish qayoqda-yu, Fransiya chempionatida Kavani va Mbappe bilan penalti talashish qayoqda.
«Al Hilol»ga o‘tishi taqdirning unga zarbasi bo‘ldi. To‘g‘ri, arablar uning ustidan pul sochishdi: avvaliga PSJga transfer uchun 80 million yevro to‘landi, keyin yiliga 200 million yevro (reklama shartnomalari ham qo‘shilganda) maosh belgilangan shartnoma imzolandi. Shu tariqa braziliyalik yulduz Saudiyada gollar qalashtirib yotgan Krishtianu bilan bir xil maosh oldi.
Biroq borishi bilan jarohat oldi. 7 tagina o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi. Jarohat sabab semirib ketdi ham. Xullas, «Al Hilol»ga borib hech narsaga erisha olmadi. Faqat bir marta Babayanning «Navbahor»iga qarshi o‘ynagani qoldi.
Nihoyat qaytish
Ana shu futbol muxlislari unutayozgan Neymar o‘zi yetishib chiqqan «Santos»ga qaytdi. Bu uchun puldan ham voz kechdi. U «Al Hilol»dan yana 40 million yevro olishi mumkin edi, lekin klub uchun hech nima qilolmaganidan uyaldi chog‘i, bu pulning bahridan o‘tdi.
«Santos»da Neymar «Al Hilol»dagi maoshining o‘ndan birini ham olmasligi aniq. Menimcha, u uzoq yil pulni futboldan ustun qo‘yganiga nihoyat chiday olmadi. Buni «Santos»dagi taqdimot marosimidagi Neymarning ko‘z yoshlaridan ham bilish mumkin edi. Bu juda katta qaytish bo‘ldi. Neymar shunchaki sobiq klubiga emas, futbol qiroli, brazilicha futbol – jingo takrorlanmas san’at ekanini dunyoga ko‘rsatgan Peleni chiqargan klubga qaytdi.
Qaytish juda hayajonli bo‘ldi. Futbolchi ham, muxlislar ham yig‘ladi. Ikki tomon ham bir sabab bilan ko‘z yosh to‘kishdi – Neymar futbolga qaytgani uchun. Agar futbolchi «Al Hilol»dan ketib katta pul to‘laydigan boshqa biror ekzotik chempionatga o‘tganida, hozir ko‘pchilik uni navbatdagi marta futbolga xiyonatda ayblardi. Lekin Neymar bu gal futbolni tanladi.
Darvoqe, Neymar kelasi yil Shimoliy Amerikada o‘tadigan jahon chempionatida katta qaytish qilaman deb aytdi. Bu juda yaxshi chaqiruv. Demak futbolchi katta raqobatni sog‘ingan. Endi okean ortidagi mundialni ham intizorlik bilan kutamiz. Oldingi mundialda futbol bir yigitdan qarzini uzgandi. Balki bu gal ham...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.