Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasining (RFEF) sobiq rahbari, 47 yoshli Luis Rubiales 2020-21 yilgi Chempionlar ligasi va 2023 yilgi Ayollar jahon chempionati g‘olibi Jyennifer Ermosoga nojo‘ya xatti-harakati ishi bo‘yicha 3 fevral kuni Madriddagi sudga keladi. Bu haqda 31 yanvar, juma kuni Reuters agentligi xabar berdi.
Nojo‘ya xatti-harakat sportdagi machizm bo‘yicha ayblovlarga olib keldi. Rubiales jinsiy zo‘ravonlikda va Ermosoni majburlashga urinishda ayblanmoqda. Sobiq futbol amaldorining o‘zi bu ayblovlarni rad etadi.
Bu ishda Rubialesdan tashqari ayollar terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Xorxe Vilda, Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasining sobiq sport direktori Albert Luke va uning marketing bo‘limi sobiq rahbari Ruben Rivera ham ishtirok etmoqda, ular Ermosoga bosim o‘tkazganlikda gumon qilinmoqda.
Ayblov Rubiales uchun 2-1,5 yillik qamoq jazosini so‘ramoqda
Ayblov tomoni Rubiales uchun 2-1,5 yil qamoq jazosini so‘ramoqda. Odatda Ispaniyada ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinganlar, agar ilgari sudlanmagan bo‘lsa, zararni to‘lash orqali qamoq jazosidan qutulib qolishi mumkin.
2023 yil oktyabr oyida Rubiales uch yilga milliy va xalqaro miqyosdagi futbol bilan bog‘liq barcha faoliyatlardan chetlashtirildi. Bu haqdagi qaror Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan.
Tartib-intizom qo‘mitasi Rubiales FIFA Tartib-intizom kodeksining 13-moddasini buzgan deb topdi. «Bu ish 2023 yil 20 avgust kuni bo‘lib o‘tgan FIFA ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liq bo‘lib, Rubiales dastlab 90 kunga diskvalifikatsiya qilingan edi», — deyiladi xabarda.
FIFA Tartib-intizom kodeksining 13-moddasini buzish futbolchilar va mansabdor shaxslar tomonidan «tajovuzkor xatti-harakatlar», xususan «odobli xulq-atvorning asosiy qoidalarini buzish» va «sport obro‘siga putur yetkazuvchi harakatlar»ni o‘z ichiga oladi.