AQShda bemorni olib ketayotgan kichik tibbiy samolyot uylar ustiga qulab tushdi

Jahon 14:48 4326

AQShning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida Learjet 55 rusumli kichik samolyot turar-joy mavzesiga qulab tushdi, oqibatda yong‘in yuzaga keldi.

Samolyot bemorlarni tashishga mo‘ljallangan tez yordam uchog‘i bo‘lgan. CNN xabariga ko‘ra, uning bortida bemor qiz, uning onasi, ikki nafar tibbiyot xodimi va ikki nafar uchuvchi bo‘lgan.

Layner bemor qizni AQShda o‘tkazilgan hayotiy muhim muolajadan so‘ng vataniga – Meksikaga qaytarib olib ketayotgan bo‘lgan.

Samolyot Meksikaning Jet Rescue Air Ambulance kompaniyasiga qarashli bo‘lib, bortdagilar ham Meksika fuqarolari bo‘lgan. Jet Rescue Air Ambulance vakillari halokat paytida biror kishi omon qolgani haqida ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

Samolyotning qulashi natijasida yerda kelib chiqqan yong‘in bir nechta uylarga zarar yetkazdi. Kamida 6 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qildi.

Aviahalokat sabablari aniqlanmoqda. Kuzatuvchilardan biri CNN telekanaliga samolyot havoda portlaganini aytgan. Portlashga bortdagi kislorod ballonlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

 Rachel Wisniewski/Reuters

Filadelfiyada yuz bergan hodisa AQShda bir hafta ichida kuzatilgan ikkinchi aviahalokat bo‘ldi. 29 yanvar kuni kechqurun poytaxt Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida American Airlines yo‘lovchi samolyoti va AQSh armiyasining Black Hawk vertolyoti havoda to‘qnashib ketgan, ikkalasi ham Potomak daryosiga qulagandi. Samolyotda 64 kishi, vertolyotda esa uch nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. Fojia oqibatida hech kim tirik qolmagan.

Ko‘proq yangiliklar: