O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda yovvoyi ayiq o‘ldirilishi bilan bog‘liq video bo‘yicha ma'lumot berdi.
«Mazkur holat Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanining tog‘li hududi hisoblangan «Langar» mahalla fuqarolar yig‘ini «Tutli» qishlog‘ida sodir etilgan bo‘lib, 2019 yil 28 may kuni soat taxminan 10:00 lar atrofida «Tutli» qishlog‘ida aholi yashash joyiga yovvoyi, yoshi taxminan 3 yoshlar atrofidagi ayiq Samarqand viloyati bilan chegara hududidan kelib, aholi tomorqasiga bostirib kirishi, ularning chorva mollariga tashlanib hujum qilgani bilan birga aholi hayotiga xavf tug‘dirgan.
Fuqarolar va ularning chorvalari xavfsizligiga zarar yetkazmaslik maqsadida olib borilgan choralarga qaramasdan yovvoyi ayiqning tajovuzkorona harakatlari sababli, ovchilar jamiyatida rasmiy a'zosi yordamga chaqirilib ayiq otib o‘ldirilgan. «Langar» mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori tomonidan otilgan ayiq tanasi kasallikka chalingan yoki chalinmaganini aniqlash maqsadida Chiroqchi tumani IIBga olib ketilgan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi va sohaga oid malakali mutaxassislar jalb etilgan holda qo‘shimcha ravishda o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda hamda Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Qo‘shimcha tekshiruvning asosiy maqsadi, ayiqning o‘ldirilishi aynan oxirgi zarurat bilan bog‘liqligi yoki yo‘qligini aniqlashga e'tibor qaratilib natijasi yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini ta'minlashdan iborat», deyiladi ma'lumotda.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda ayiq jasadi tahqirlanganini ko‘rish mumkin. Jurnalist Nargis Qosimova video ishtirokchilarini javobgarlikka tortishga chaqirgandi.
«Qashqadaryo viloyat ekologiya qo‘mitasi zudlik bilan inson deb atashga tilim bormayotgan bularni jazoga tortishi kerak. Mana, bizning tabiatga, jonivorlarga munosabat. Qo‘ng‘ir ayiq Xalqaro qizil kitobga kiritilgan! Bularni jazoga tortib, natijasini e'lon qilish kerak. Boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun. Javobgarlikka tortishni talab qilaman. Bularning bari Qashqadaryoda yuz beryapti», deb yozgandi u feysbukdagi sahifasida.
Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirganlar jonivorni uxlatib qo‘yish orqali ham tutib qo‘riqxonaga topshirish mumkin bo‘lgani holda uni otib o‘ldirishganini tanqid qilib, ayiq bilan suratga tushganlarni qoralashgan, jasadga qilingan muomalaga toqat qilib bo‘lmasligini va bunday harakatlar uchun chora qo‘llash kerakligini aytishgan.