Joriy yilning 29 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Toshkent shahri Olmazor tumani “Siroj Solih” jome masjidining yangidan barpo etilayotgan binosining birinchi g‘ishtini qo‘yib berish uchun tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Qora-qamish mavzesidagi “Siroj solih” jome masjidi 1990-yillarda sobiq sho‘rolar davridagi qatag‘on siyosati oqibatida o‘z yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Sirojiddin Solih ismli vatandoshimizning vasiyatiga ko‘ra, u kishining mablag‘lari hisobidan qurilgan.
![](https://storage.kun.uz/source/4/P7-dB5Emroq3s49I47-n_Ft_jp1_6LdZ.jpg)
Qariyb 30 yil mobaynida masjid ta'mirtalab holga kelib qolgan. Oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qila boshlagan. Mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surishdi. Ushbu xayrli tashabbus mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangach shu yilning yanvar oyida masjidda qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/kUVknC9GQdkMHELRqIE7XbiMDVfxLwIV.jpg)
2000 metr kvadrat maydonida quriladigan masjid loyihasi o‘ziga xosligi, milliy hamda zamonaviy masjidlarning uslublarini o‘zida aks ettirganligi bilan ajralib turadi. Xonaqoh va pastki qism jami 3500 namozxonni sig‘dirishga mo‘ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o‘rin olishi rejalashtirilgan.
![](https://storage.kun.uz/source/4/Y-je-JL-9iR0B0jJJT0YkPCbNP7jEg41.jpg)