Agar Rossiya NATOga hujum qilsa, mag‘lub bo‘ladi – NATO bosh kotibi

Jahon 21:46 / 12.02.2025 2476

Agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozir NATO a’zolaridan biriga hujum qilsa, u mag‘lubiyatga uchraydi va oqibatlari Rossiya uchun halokatli bo‘ladi. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Bryusselda bo‘lib o‘tadigan alyansga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlarining yig‘ilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Xususan, Ryuttedan Daniya razvedkasining Rossiya Yevropa Ittifoqi davlatiga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqidagi xabariga baho berish so‘raldi. Alyans bosh kotibi razvedka ma’lumotlarini hisobga olish kerakligini ta’kidladi.

«Agar Putin NATO a’zolariga hujum qilsa, reaksiya halokatli bo‘ladi. U mag‘lub bo‘ladi. Shuning uchun urinib o‘tirmasin. Va u buni biladi. Bizning tiyib turish kuchlarimiz va mudofaa salohiyatimiz juda kuchli», dedi Ryutte.

Shu bilan birga, bosh kotib ittifoqchilar mudofaa xarajatlarini oshirish zaruratini kechiktirmasligi kerakligini, chunki 4-5 yil ichida vaziyat o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi. Xususan, Ryutte aytganidek, Rossiyaning mudofaa sanoati ishlab chiqarishini kengaytirish tezligini va boshqa hamma narsani hisobga olish kerak, shuningdek, Xitoyning 2030 yilgacha o‘z flotini mustahkamlash rejalariga e’tibor qaratish lozim.

Shu munosabat bilan, Ryutte aytganidek, NATO ittifoqchilari uchta harakatni amalga oshirishi kerak. Birinchidan, Ukraina bilan shug‘ullanish. Xususan, Ukraina urushda ustunlikni qo‘lga kiritishini ta’minlash kerak.

Ikkinchidan, Ryuttening fikricha, 4-5 yil ichida mudofaa uchun sezilarli darajada ko‘proq mablag‘ sarflash kerak: «Biz bu qarorlarni shu yil qabul qilishimiz kerak».

Uchinchidan, deb qo‘shimcha qildi bosh kotib, NATO o‘zini himoya qilish uchun zarur hamma narsaga ega bo‘lishini ta’minlash kerak. «Gap mudofaa sanoati haqida ketmoqda».

Avvalroq, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya qurolli kuchlarining o‘sishini hisobga olgan holda, 2029-2030 yillarda Rossiya NATO davlatlariga hujum qilishga urinishining nazariy imkoniyati saqlanib qolayotganini aytgan edi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Putin Rossiya armiyasi xodimlari sonini 150 ming askarga oshirmoqda va Belarus hududidan Polsha va Litvaga hujum qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: